Xotin-qizlar uchun mehnat sharoitlarini yaxshilash doimiy eʼtiborda

    Mamlakatimizda 18 Noyabr 2021 1005

    17-noyabrda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda qoʻmita aʼzolari, ekspertlar guruhi, bir qator vazirlik va idoralar masʼullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda “Ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

    Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonun 2021-yil 19-maydagi davlat rahbarining “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

    Qonun bilan “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga tegishli oʻzgartirish kiritilmoqda. Yaʼni unda “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi” oʻrniga “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi”ni kiritish nazarda tutilmoqda.

    Shu bilan birga, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunlarga ham tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

    Taklif etilayotgan Qonun qabul qilinishi zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid belgilangan vazifa va funksiyalarning aniq va maqsadli bajarilishi hamda ijro intizomini taʼminlaydi. Qonunlarni qoʻllash amaliyotida noaniqliklar yuzaga kelishi holatining oldini oladi.Bundan tashqari, majlisda qoʻmita tomonidan yengilsanoat va charmsanoat korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratilganligi, mehnatiga munosib ish haqi toʻlanishi, mehnatni muhofaza qilinishi, mehnat munosabatlari bilan bogʻliq masalalarda ish beruvchilarning ijtimoiy masʼuliyati oʻrganilgani maʼlum qilindi.

    Qayd etilganidek, bugungi kunda respublika yengil sanoat tizimida 7,4 mingdan ortiq korxonada 360 mingdan ziyod fuqarolar ishlaydi. Ularning 70 foizdan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etadi. Bunda 100 nafardan ortiq xotin-qizlar ishlovchi korxonalar soni 258 tani tashkil etmoqda. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 13 ta korxonada 50-100 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.

    Mazkur korxonalarda xodimlarni bepul oziq-ovqat bilan taʼminlash, talab darajasidagi mehnat sharoitlari yaratishga alohida ahamiyat qaratilgan.

    Shunday boʻlsada, yengilsanoat va charmsanoat tizimi korxonalarida ish beruvchilar tomonidan xotin-qizlar uchun qulay, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda qonun hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishga yoʻl qoʻyilgan.

    Jumladan, Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda korxonada ish beruvchi va xodimlar oʻrtasida jamoa shartnomasi tuzilmagan. Uch yoshgacha farzandi boʻlgan ayollarni ishga qabul qilinishida sinov muddatini qoʻllash va ularga 1 soatga qisqartirilgan ish kunini belgilamaslik, oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam boʻlmagan muddat bilan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil bermaslik holatlari kuzatilgan.

    Shuningdek, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga koʻra, yillik taʼtilning eng oz muddatidan (oʻn besh ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya toʻlanmaslik, jamoa shartnomalarida xodimlarga umumiy ish stajiga qarab qoʻshimcha taʼtillar berilishi belgilangan boʻlsada, amalda ushbu taʼtillar berilmasligi va ichki mehnat tartib-intizomi qoidalari, lavozim yoʻriqnomalarni ishlab chiqmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

    Yigʻilishda aniqlangan shu va boshqa bir qator kamchiliklar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtayi nazarini bayon qilish uchun Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborilishi lozim deb topildi. Mazkur parlament soʻrovini yuborish boʻyicha yakuniy qaror Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida qabul qilinadi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.