Xususiy bandlik agentliklari faoliyatini nazorat qilishning samarali mexanizmlari yaratiladi

    Dolzarb 19 May 2020 1593

    Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlisida xususiy bandlik agentliklari faoliyatini takomillashtirish va ularning mijozlar oldidagi mulkiy javobgarligini oshirishga qaratilgan “Xususiy bandlik agentliklari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi atroflicha muhokama qilindi.

    Qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida ayrim xususiy bandlik agentliklari tomonidan xorijda ish qidirayotgan shaxslarni aldash va ularning ishonchini suiiste'mol qilish natijasida ularga juda ko'p miqdorda moddiy zarar etkazilganligi qayd etildi.

    Kelgusida bunday qonunbuzarlik holatlariga yo'l qo'ymaslik maqsadida ishlab chiqilgan ushbu Qonun loyihasida xususiy bandlik agentliklari faoliyatini nazorat qilishning samarali va shaffof mexanizmlari joriy etilayotganligi ta'kidlandi.

    Jumladan, Qonun loyihasida xususiy bandlik agentliklariga xorijda ish qidirayotgan shaxslardan ishga joylashtirish uchun to'lovlarni olish tartibi bekor qilinib, ushbu to'lovlar chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo'yilmoqda.

    Xususiy bandlik agentliklari tomonidan mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini nazorat qilib borish, shu jumladan kelishuv shartlari bajarilayotganligi monitoringini amalga oshirish hamda ushbu jarayonlarda shaffoflikni ta'minlash maqsadida xususiy bandlik agentliklari va ish qidirayotgan shaxs o'rtasida tuziladigan xizmat ko'rsatish to'g'risidagi shartnomalarni “labor-migration” dasturiy majmuasida onlayn ro'yxatdan o'tkazish tartibi joriy etilmoqda.

    SHuningdek, loyihada fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo'yicha xizmatlar ko'rsatish uchun xususiy bandlik agentliklarining chet ellik ish beruvchi yoki chet ellik sheriklar bilan hamkorlik to'g'risidagi shartnomasi mavjud bo'lishi hamda unda ish bilan ta'minlash tartibi, mehnat shartlari va mehnatni muhofaza qilish, shu jumladan ish joylarida texnika xavfsizligini ta'minlash, mehnat va dam olish tartibi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi yuz berganda kompensatsiya va boshqa qoidalar belgilab qo'yilgan bo'lishi lozimligi nazarda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, o'tgan davr mobaynida xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarga etkazilgan moddiy zarar miqdorining kattaligi va uni xususiy bandlik agentliklari zaxira qilib qo'yadigan ellik ming AQSH dollari hisobidan qoplab bo'lmasligini hisobga olgan holda, loyihada ushbu mablag'lar miqdorini to'rt baravar oshirish taklif etilmoqda.

    SHu bilan birga, Qonun loyihasida xizmatlar ko'rsatish jarayonida qonun hujjatlari talablariga qat`iy rioya etilishini doimiy nazorat qilib borish uchuna litsenziyalovchi organga xususiy bandlik agentliklari faoliyatini (moliya-xo'jalik faoliyatiga aralashmasdan) tekshirish vakolati berilmoqda.

    Qonun loyihasini muhokama qilish natijalari bo'yicha uni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish to'g'risida qaror qabul qilindi.