XVJ Oʻzbekistonni JSTga kirishda qoʻllab-quvvatlaydi

    Xalqaro hamkorlik 29 Dekabr 2022 1815

    Joriy yil 28-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralar guruhi rahbari Badriddin Abidov Xalqaro valyuta jamgʻarmasining (XVJ) Oʻzbekistondagi doimiy vakili Kevin Ross bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari ham ishtirok etdi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston tomoni Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi doirasida amalga oshirilgan ishlar va 2023-yilda ushbu jarayonni jadallashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar haqida maʼlumot berdi.

    Xususan, suhbat chogʻida JST bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiya aʼzolari, Muzokaralar guruhi va 10 ta alohida yoʻnalishlar boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatining joriy natijalariga, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining muvofiqlashtiruvi ostida Tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan soʻralgan barcha zarur hujjatlarni tayyorlash jarayonida ularning tezkor saʼy-harakatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, JSTga kirish jarayonida texnik yordam dasturlarini amalga oshirish doirasida donor davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilish muhimligi taʼkidlandi. Ular ishtirokida soʻnggi 3 yil davomida 250 dan ortiq trening va seminarlar tashkil etildi, Tashkilotga aʼzo boʻlishning iqtisodiyotning turli tarmoqlariga taʼsiri boʻyicha tadqiqotlar olib borildi va boshqa tegishli tadbirlar amalga oshirildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha XVJ doimiy vakili Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini yanada ilgari surish uchun har tomonlama yordam koʻrsatishni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.