Joriy yilning 17-may kuni AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya va Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardan 76 nafar investor bilan vidiokonferensiya (Global Investor Call) hamda 20–21-may kunlari 40 nafar yirik investor bilan yakkama-yakka formatda uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvlarda xalqaro investorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida olib borilayotgan tarkibiy islohotlar va makroiqtisodiy holat yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Xalqaro investorlar tomonidan dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, Oʻzbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanayotgani, energiya tariflari, xususiylashtirish va boshqa tarkibiy islohotlarning amaliy jihatdan jadallashgani ijobiy baholandi.
Uchrashuvlardan soʻng 21-may kuni 3 ta valyutada, jumladan, AQSH dollarida 7-yillik, yevroda “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ni moliyalashtirish uchun 3-yillik hamda Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida suveren xalqaro obligatsiyalarini joylashtirish boʻyicha buyurtmalar qabul qilinishi eʼlon qilindi.
Kun davomida Oʻzbekiston Respublikasining suveren xalqaro obligatsiyalarini sotib olish uchun jami 5,5 mlrd dollar miqdoridagi buyurtmalar kelib tushdi, jumladan:
- AQSH dollaridagi (7-yillik) obligatsiyalarga — 3 mlrd dollar;
- yevrodagi (3-yillik) obligatsiyalarga — 2 mlrd yevro;
- soʻmdagi (3-yillik) obligatsiyalarga — 4 trln soʻm.
Qabul qilib olingan buyurtmalar natijasida quyidagilarga erishildi:
- 600 mln dollar miqdoridagi 7-yillik obligatsiyalar boʻyicha kupon stavkasi 6,9 foiz;
- 600 mln yevro miqdoridagi 3-yillik obligatsiyalar boʻyicha 5,375 foiz;
- 3 trln soʻm miqdoridagi 3-yillik obligatsiyalar boʻyicha 16,625 foiz.
Maʼlumot uchun: ichki moliya bozorlarida chiqarilgan 3-yillik davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha foiz stavkasi 17,9 foizni tashkil etmoqda.
Qayd etish lozimki, yevrodagi suveren xalqaro obligatsiyalar Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.
Mazkur dastur “Mablagʻlarni taqsimlash” va “Loyihalarning Oʻzbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga taʼsiri” boʻyicha hisobotlarini tayyorlash va eʼlon qilishni ham koʻzda tutadi.
Mazkur xalqaro obligatsiyalardan tushgan mablagʻlar Davlat byudjeti taqchilligini qoplash va Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.