“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatda keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,3 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan.
Viloyatda joriy yilda 6 ming 346 xonadonli 271 ta koʻp qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar quriladi. Shundan ushbu dastur asosida 2 ming 710 ta xonadonga subsidiya ajratiladi.
Natijada aholi oʻz xonadonida kosiblik, hunarmandchilik, tikuvchilik, xizmat koʻrsatish va boshqa tadbirkorlik faoliyatlarini kengaytirish imkoniyatiga ega boʻladi.
– Mana, kecha Andijon tumanida 4 ming gektarlik adir yerlarda barpo etiladigan Yangi Andijon shahriga tamal toshini qoʻydik. Ushbu yangi shaharda jami 130 mingdan ortiq kvartirali koʻp qavatli uylar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, savdo va xizmat koʻrsatish maskanlari, sanoat zonalari, yashil hududlar va infratuzilma quriladi. Yangi Andijon loyihasi – aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish bilan birga, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish orqali, viloyatni rivojlantirish boʻyicha yangi “drayver” boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu loyiha orqali qurilish materiallari, elektrotexnika, mebelsozlik, toʻqimachilik, poliester va sunʼiy tola ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlarda koʻplab yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratiladi.
Mazkur ulkan qurilish jarayonida 10 mingta yangi ish oʻrni, shahar qurilishi yakunlanganidan keyin esa, sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida qariyb 100 mingta yangi ish joyi yaratiladi.
Prezidentimiz 2022-yil 1-martdan boshlab Andijon shahri tarkibida Yangi Andijon tumani tashkil etilishini maʼlum qildi.
Yangi Andijon hududiga tezkor transport qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Toshkent shahrida va Andijonda Turkiyaning tajribali loyiha kompaniyalari filiallari tashkil etilib, mutaxassislarni oʻqitish belgilandi.