Biz ham ana shu yangi elektropoyezdda poytaxtdan Andijon sari yo‘l oldik. Poyezd soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanmoqda. Ammo salonda harakatning ravonligi, shovqinning nisbatan pastligi va yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoit birinchi daqiqalardanoq e’tiborni tortadi. Temir yo‘l transportida tezlikni oshirish bilan birga yo‘lovchiga qulay xizmat ko‘rsatish masalasi ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yangi elektropoyezd ana shu ikki talab — tezlik va qulaylikni birlashtirishga qaratilgan.
2026-yil 10-sentabrdan Xitoyning “CRRC-Dalian” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy tezyurar elektropoyezdlarning ikkinchisi Toshkent–Andijon–Toshkent yo‘nalishida qatnay boshladi. №730/729-sonli poyezd amaldagi poyezd tarkibi o‘rniga yo‘lga qo‘yildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, poyezd 5 ta iqtisodiy toifadagi vagondan iborat bo‘lib, jami 375 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Toshkentdan Andijonga — 4 soat 15 daqiqada
№730-sonli Toshkent–Andijon elektropoyezdi har kuni soat 09:20 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan harakatlanadi. Poyezd Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon stansiyalarida to‘xtaydi va soat 13:35 da Andijon vokzaliga yetib boradi. Qaytish reysi — №729-sonli Andijon–Toshkent elektropoyezdi. U har kuni soat 15:38 da Andijondan yo‘lga chiqadi. Marg‘ilon, Qo‘qon, Pop va Angren stansiyalarida to‘xtab, soat 19:53 da Toshkentga yetib keladi. Demak, poyezd yo‘ldagi asosiy bekatlarni saqlab qolgan holda safar vaqtini qisqartirmoqda.
Buning o‘zi muhim o‘zgarish. Chunki yo‘lovchi uchun masofa faqat kilometr bilan emas, sarflanadigan vaqt bilan ham o‘lchanadi. Avval mazkur yo‘nalishda poyezdda safar qilish 6–7 soatgacha davom etgan. Yangi elektropoyezd esa bu ko‘rsatkichni 4 soat 15 daqiqaga tushirmoqda.
Yangi elektropoyezd haqida gap ketganda, eng ko‘p tilga olinayotgan jihatlardan biri uning tog‘li hududda harakatlana olish imkoniyatidir. Toshkent–Andijon temir yo‘l yo‘nalishining murakkab qismlaridan biri Qamchiq dovoni orqali o‘tadi. Bu yerda temir yo‘lning murakkab rel’efi transport vositasiga alohida texnik talablarni qo‘yadi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bosh direktori o‘rinbosari Suhrob Davletovning aytishicha, yangi poyezdni tanlashda uning aynan shunday hududlarda harakatlana olish imkoniyati muhim omil bo‘lgan. Bu poyezdning muhim jihati — tog‘li hududlar, dovonlar va baland-pastliklar mavjud temir yo‘l uchastkalarida ham harakatlanish imkoniyatiga ega ekani.
Avval O‘zbekiston temir yo‘llarida bunday murakkab rel’efli hududlarda tezyurar poyezdlardan foydalanish imkoniyati cheklangan edi. Yangi poyezd esa soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanib, yo‘lovchilarning safar vaqtini sezilarli qisqartirmoqda. Eng muhimi, olti-yetti soatlab davom etadigan yo‘lni endi taxminan to‘rt soat atrofida bosib o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi, — dedi Suhrob Davletov.
Poyezd to‘xtab turganda ham qulayliklar saqlanadi
Yangi poyezdning afzalligi faqat tezlik bilan cheklanmaydi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, poyezdning muhandislik yechimlarida yo‘lovchining uzoq safardagi ehtiyojlari ham hisobga olingan.
— Bu zamonaviy elektropoyezd ulovma vagonlardan tashkil topgan. Oldin foydalangan vagonlarimizdan farqli ravishda, poyezd vokzalda to‘xtab turgan vaqtda ham sovitish va isitish tizimlari, biohojatxonalar ishlash imkoniyatiga ega.
Bu yo‘lovchi uchun katta qulaylik. Chunki avval poyezd vokzalda uzoq turib qolganda ayrim sanitariya tizimlaridan foydalanish bilan bog‘liq cheklovlar bo‘lardi. Endi esa poyezd harakatlanishi yoki to‘xtab turishidan qat’i nazar, zarur funksiyalar ishlab turadi. Yana bir bor ta’kidlayman: ushbu poyezdning eng katta yutuqlaridan biri — tog‘li hududda tezyurar rejimda harakatlana olishidir, — dedi u.
O‘rindiqlar ham yo‘nalishga moslashadi
Yo‘lovchi uchun qulaylik deganda faqat konditsioner yoki yumshoq o‘rindiq tushunilmaydi. Uzoq safarda hatto o‘rindiqning qaysi tomonga qaragani ham ahamiyatli. Yangi elektropoyezdda bu masala ham hisobga olingan.
— Oldin poyezd qaysi tomonga harakatlansa, o‘rindiqlar ham shu yo‘nalishda bo‘lardi. Ayrim yo‘lovchilar poyezd harakatiga teskari o‘tirishda qiynalardi va joyini o‘zgartirishni so‘rardi. Bugungi kunda esa vagonlardagi o‘rindiqlar 360 darajagacha harakatlana oladi. Ya’ni poyezd qaysi tomonga harakatlanayotgan bo‘lsa, o‘rindiqni shu yo‘nalishga qaratib olish mumkin, — dedi Suhrob Davletov.
Bu imkoniyat ayniqsa uzoq masofada harakatlanadigan, keksa yoki harakat yo‘nalishiga teskari o‘tirishda qiynaladigan yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Toshkent–Andijon yo‘nalishidagi eng diqqatga sazovor muhandislik inshootlaridan yana biri — Qamchiq tunneli. Angren–Pop temir yo‘l liniyasi tarkibidagi mazkur tunnelning uzunligi 19,2 kilometrni tashkil etadi. Yangi elektropoyezdning mazkur tunnel orqali harakatlanishi ham mutaxassislar tomonidan alohida ta’kidlanmoqda. Suhrob Davletovning aytishicha, yangi poyezd tunnelga kirishdan oldin avvalgi poyezdlardagi kabi qo‘shimcha tayyorgarlik jarayonini talab qilmaydi.
— Ilgarigi poyezdlarda tunnelga kirishdan oldin ma’lum tayyorgarlik ishlari amalga oshirilardi. Eshiklar, oyna va boshqa xavfsizlik jihatlari tekshirilardi. Yangi poyezd esa zamonaviy talablar asosida ishlab chiqarilgani uchun tunnel oldida maxsus to‘xtab, tayyorgarlik ko‘rish talab etilmaydi. Poyezd belgilangan tartibda harakatini davom ettiradi, — dedi mutaxassis.
Chipta narxi keskin oshmagan
Yangi poyezd yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng yo‘lovchilarni qiziqtirgan eng asosiy savollardan biri, tabiiyki, chipta narxi bo‘ldi. Toshkent–Andijon yo‘nalishida chipta narxi 268 ming so‘m atrofida belgilangan.
Suhrob Davletovning ta’kidlashicha, yangi poyezddagi xizmatlar va qulayliklar oshganiga qaramay, tarif avvalgi narxdan keskin farq qilmaydi.
— Bilet narxi unchalik o‘zgargani yo‘q. Avvalgi Andijon poyezdida bilet narxi 250 ming so‘m atrofida edi. Bugungi kunda esa yangi poyezdda ko‘rsatilayotgan qo‘shimcha xizmatlar hisobga olingan holda narx 268 ming so‘m atrofida belgilandi. Bu poyezd asosan iqtisodiy klass vagonlaridan tashkil topgan. Sababi — ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va ular uchun qulay narxni saqlab qolish, — dedi u.
Asosiy bekatlar saqlanib qoldi
Tezlik oshgani bilan yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgan asosiy bekatlar qisqartirilmadi. Poyezd Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilonda to‘xtaydi.
— Biz bekatlarni qisqartirganimiz yo‘q. Avvalgi Andijon poyezdi qaysi bekatlarda to‘xtagan bo‘lsa, yangi poyezd ham Pop, Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijonda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bu to‘xtashlar poyezdning tezkor harakatlanishiga xalaqit bermaydi. Poyezd belgilangan jadval asosida harakatlanib, yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib boradi, — dedi Suhrob Davletov.
Demak, yangi poyezdning tezligi bekatlarning kamayishi hisobiga emas, balki harakat samaradorligi hisobiga ta’minlanmoqda.
“To‘rt soatda Andijonga borish — juda yaxshi natija”
Yangi elektropoyezdning birinchi yo‘lovchilari ham uning asosiy afzalligi sifatida vaqt tejalishini qayd etmoqda. Dostonbek Jalilov Andijonga oilasi bilan poyezdda borib-kelishga harakat qilishini aytadi.
— Bu yangi poyezddagi birinchi safarim. Yangi poyezdning birinchi reysiga to‘g‘ri kelganidan xursandman. Chunki Andijonga to‘rt soat atrofida borish — juda yaxshi natija. Ilgari bunday masofani na mashinada, na poyezdda bunday qisqa vaqtda bosib o‘tish mumkin edi. Yo‘l vaqti ancha qisqardi. Yangi poyezdda shinamlik ham seziladi. Yo‘lda hech qanday noqulaylik sezmayapman, poyezd juda tekis va ravon harakatlanyapti.
Eng muhimi, odamlarning vaqti tejaladi. Oldingi poyezdda olti-yetti soat ketadigan yo‘l endi to‘rt soatdan sal ortiq vaqtni olmoqda. Bu juda katta natija, — dedi u.
Uning fikricha, avtomobil va poyezd o‘rtasidagi tanlovda nafaqat xarajat, balki xavfsizlik va insonning vaqtini ham hisobga olish kerak.
— Avtomobil haydayotganda doimiy ravishda diqqatni yo‘lga qaratish kerak. Bu odamni charchatadi.
Poyezdda esa kitob o‘qib, biror narsa eshitib yoki shunchaki dam olib borish mumkin. Ayniqsa, ob-havo yomon paytlarda poyezddan foydalanish xavfsizlik nuqtayi nazaridan juda muhim. Yo‘l xarajatlarini ham hisoblab ko‘rsangiz, poyezddan foydalanish qulay variant bo‘lib chiqadi. Shuning uchun odamlar poyezddan ko‘proq foydalanishi kerak, deb o‘ylayman, — dedi Dostonbek Jalilov.
“Qimmat bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim”
Andijon–Toshkent yo‘nalishida tez-tez qatnaydigan Gulnora Madrahimova esa yangi poyezdni avtomobilga muqobil qulay transport sifatida baholadi. Uning farzandlari Toshkentda o‘qiydi va ishlaydi. Shu sababli u poytaxtga tez-tez borib turadi.
— Men Andijon–Toshkent yo‘nalishida o‘zim mashina haydab qatnayman. Farzandlarim Toshkentda: biri ishlaydi, biri o‘qiydi. Shu sababli tez-tez borib-kelishimga to‘g‘ri keladi. Yangi tezyurar poyezd haqida eshitib, biletni onlayn xarid qilishga kirdim. “Qimmat bo‘lsa kerak”, deb o‘ylagandim. Ammo narxi hamyonbop ekan. Juda xursand bo‘ldim.
Bu poyezdda birinchi marta yo‘lovchi bo‘lganimdan ham mamnunman. Juda tez va qulay. Hatto o‘zimni samolyotdagidek his qildim. Yo‘lda choy va suv ham taklif qilishdi. Yana bir qiziq jihati — Qamchiq dovonini boshqacha ko‘rish mumkin ekan. Men mashina haydaganda ko‘zim doim yo‘lda bo‘ladi. Tabiatning bunday go‘zalliklariga e’tibor berishga imkon bo‘lmaydi.
Poyezdda esa bemalol oynadan qarab, tabiatdan zavq olib ketyapman. Ilgari “musiqa eshitib, uxlab boraman”, deb o‘ylagandim. Ammo yo‘ldagi manzaralarni ko‘rib, uyqim ham kelmayapti. Menga o‘xshagan farzandlaridan xabar olish uchun Toshkentga tez-tez qatnaydigan odamlar uchun bu juda katta qulaylik, — dedi u.
Uning aytishicha, poyezd qatnovi bir kunlik rejalarni ham o‘zgartirishi mumkin.
— Hatto bir ish kunining o‘zida ertalab poyezdga chiqib, Toshkentga borib, farzandlarimdan xabar olib, kechqurun yana poyezdda Andijonga qaytib kelish mumkin ekan, deb o‘ylab ketyapman. Oldin yo‘lda olti-yetti soatlab vaqt ketardi. Endi esa to‘rt soatdan sal ortiq vaqtda yetib borish mumkin, — dedi Gulnora Madrahimova.
Bolalar bilan safar ham yengillashmoqda
Poyezdda oilasi bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilar uchun safar vaqtini qisqartirish yanada muhim. Gulzira Abdurahmonovaning aytishicha, oilasi bilan Toshkent–Andijon yo‘nalishida avval ham poyezdda ko‘p borgan.
— Biz doim poyezdda qatnaganmiz. Lekin oldingi poyezdga qaraganda bu ancha qulay. Eng asosiysi — masofa va vaqt qisqargan. Bolalar uzoq yo‘lda juda qiynalardi. Olti soat, ba’zan yetti soatgacha poyezdda borishga to‘g‘ri kelardi. Hozir esa to‘rt soat atrofida yetib borish mumkin. Xudo xohlasa, endi doim shu poyezdda qatnash niyatimiz bor.
— Bolalar uchun narxlar-chi?
— Bitta farzandimiz uchun 120 ming so‘m atrofida to‘ladik. Agar mashinada ketadigan bo‘lsak, bir kishi uchun taxminan 200 ming so‘mdan xarajat qilgan bo‘lardik. Bunday qulay sharoitlar yaratilayotganidan xursandmiz, — dedi Gulzira Abdurahmonova.
Yana qaysi yo‘nalishlarga yangi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi?
Bugungi kunda Toshkent–Andijon yo‘nalishida harakatlanayotgan elektropoyezdlardan tashqari, xuddi shunday ikkinchi poyezd Xiva–Buxoro yo‘nalishiga qo‘yilgan. Mutaxassisning ta’kidlashicha, kelgusida bunday poyezdlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
— Hozircha ikkita shunday poyezd xarid qilingan. Ulardan biri Andijon yo‘nalishiga, ikkinchisi Xiva–Buxoro yo‘nalishiga qo‘yilgan.
Kelajakda nafaqat Andijon, balki boshqa yo‘nalishlarda ham bunday poyezdlardan foydalanish nazarda tutilgan. Ayniqsa, tog‘li hududlar va dovonlar orqali o‘tuvchi yo‘nalishlar uchun bu poyezdlarning imkoniyati yuqori. Toshkent–Surxondaryo yo‘nalishida ham bunday poyezdlardan foydalanish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu borada Xitoy Xalq Respublikasi mutaxassislari bilan hamkorlik davom ettirilmoqda, — dedi Suhrob Davletov.
Tezlikdan ko‘ra muhimroq narsa — vaqt
Toshkent–Andijon yo‘nalishida yangi elektropoyezdning paydo bo‘lishini faqat transport sohasidagi navbatdagi yangilik sifatida baholash biroz tor yondashuv bo‘ladi. Chunki bu yerda gap faqat poyezdning soatiga 160 kilometrgacha harakatlanishida emas.
Asosiy natija — inson vaqtini tejashda. Avval 6–7 soat davom etgan safarning 4 soat 15 daqiqaga qisqarishi bir qarashda oddiy raqamdek ko‘rinishi mumkin. Ammo bu bir tomonga ikki soatdan ortiq, borib-kelishda esa bir necha soat vaqt tejalishini anglatadi. Bu vaqtni yo‘lovchi oilasi, ishi, o‘qishi yoki dam olishiga sarflashi mumkin.
Yana bir muhim jihat — xavfsizlik. Avtomobilda uzoq masofaga yo‘l olgan haydovchi butun safar davomida diqqatini yo‘ldan uzmasligi kerak. Qor, tuman, yomg‘ir yoki muzlama kabi ob-havo sharoitlari esa bu mas’uliyatni yanada oshiradi.
Poyezdda esa yo‘lovchi harakat jarayonini boshqarmaydi. U dam olishi, kitob o‘qishi, ishlashi yoki oilasi bilan vaqt o‘tkazishi mumkin. Shu ma’noda, yangi elektropoyezdning eng katta afzalligi — tezlikni inson uchun qimmatli bo‘lgan vaqtga aylantirayotganida. Temir yo‘l transportida zamonaviylashuvning asosiy mezoni faqat yangi poyezdlarning xarid qilinishi emas. Muhimi — bu yangilik oddiy yo‘lovchining hayotida qanday o‘zgarish qilayotganida.
Toshkent–Andijon yo‘nalishidagi yangi elektropoyezd misolida buni aniq ko‘rish mumkin: safar vaqti qisqardi, asosiy bekatlar saqlandi, tog‘li hududda tezyurar harakatlanish imkoniyati paydo bo‘ldi, salonlarda zamonaviy qulayliklar yaratildi.
Yo‘lovchilarning fikrida esa bitta umumiy jihat bor — vaqt tejalmoqda va yo‘l yengillashmoqda. Bugun Toshkentdan Andijonga borish uchun 4 soat 15 daqiqa kerak. Ertaga esa bu vaqt yana qisqarishi, bunday poyezdlar geografiyasi yanada kengayishi mumkin. Chunki zamonaviy transportning vazifasi faqat odamni bir manzildan ikkinchisiga yetkazish emas. U odamning vaqtini tejashi, safarini xavfsiz va qulay qilishi, mamlakat hududlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishi kerak. Toshkent–Andijon yo‘nalishidagi yangi elektropoyezd ana shu yo‘ldagi navbatdagi qadamdir.
Zulxumor Akbarova