Mazkur farmon ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtgan vaqt davomida Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatning 6 ta hududida Davlat xizmatlari markazlarining filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularda markaz xodimlari haftada ikki kun fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatib kelmoqda.

Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan Payariq tumanidagi Xoʻja Ismoil MFY binosida ham markazning yangi filiali ishga tushirildi. Unda fuqarolarga sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha shart-sharoit mavjud.

Taʼkidlash kerakki, ushbu mahalla fuqarolar yigʻini tuman markazidan 30 km. uzoqlikda joylashgan. Hududda 5 ta mahalla, 15 ta qishloq mavjud boʻlib, ularda qariyb 21 ming aholi istiqomat qiladi. Bu endilikda ular ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab tuman markaziga bormasdan, 150 dan ortiq davlat xizmatlaridan oʻz yashash joylaridan chiqmagan holda foydalanish imkoniga ega deganidir.

— Joriy yilning boshidan bugunga qadar 500 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi, — deydi DXA Samarqand viloyat boshqarmasi masʼul xodimi Xurshid Muxtorov. — Shu jumladan, koʻrsatilgan xizmatlarning 5 mingdan ortigʻi viloyatdagi filiallar hissasiga toʻgʻri keladi. Shundan Payariq tuman DXM tomonidan 23 953 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Yaʼni tumanda davlat xizmatlariga boʻlgan talab yuqorilab bormoqda. Agar tumanda qariyb 70, 80 kilometrlab olisda joylashgan qishloqlar mavjudligini inobatga olsak, filiallarga boʻlgan talab ham yuqoriligini koʻramiz. Ushbu ochilgan filial esa ana shu talabning maʼlum qismini taʼminlashga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Filial ochilishida soʻzga chiqqanlar ham mustaqillik bergan bunday imkoniyatlar, xususan, aholi murojaatlari bilan ishlash sohasidagi yutuqlar, fuqarolarning turmush farovonligini oshirish, ularni buguni va ertasidan rozi qilish yoʻlida amaliyotga tatbiq etilayotgan bu kabi islohotlar besamar ketmasligini taʼkidlab, shu ishlarga bosh qoʻshayotganlarga minnatdorchilik bildirishdi.

Press-tur davomida jurnalistlar va tadbir ishtirokchilar filialda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirilib, DXA Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan fuqarolarga sifatli va shaffof davlat xizmatlari koʻrsatish borasida qoʻl urilayotgan yangiliklar, qilinayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.