Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining Prezidentimiz raisligida shu yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishi maʼnaviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab berishi shubhasiz. Ushbu tarixiy uchrashuvda maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat, sanʼat, adabiyot va ijod sohalaridagi ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari oʻz lavozimiga kirishganining dastlabki kunlaridanoq iqtisodiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar bilan birga, xalqimizning maʼnaviy saviyasini yuksaltirish, ongu tafakkurini oʻzgartirish, umuman, yangi zamon kishisini tarbiyalash masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.

Ijodkor ziyolilar bilan 2017-yil 3-avgustdagi uchrashuv, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2021-yil 19-yanvarda oʻtkazilgan yigʻilishidagi muloqotlar, Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishlarida belgilangan vazifalar ijrosi yurtimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada kuchaytirishda muhim oʻrin tutyapti.

Xoʻsh, maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat, adabiyot sohalari rivojiga nega bu qadar jon kuydirilmoqda? Nima uchun odamlarimiz ongu qalbini boyitish, madaniy saviyasini oshirish masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarildi? Nega ayni jabhaga trillionlab mablagʻ yoʻnaltirilyapti? Boisi, ushbu yoʻnalishdagi islohotlargina insonlarda hayotga qarashni oʻzgartira oladi, ertangi kunga ishonchni, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlaydi. Qaysi sohada boʻlmasin, belgilangan vazifalarni shunchaki, qoʻl uchida yoki xuddi robotlarday hissiz, sezgisiz bajarishni emas, ularni ongli ravishda, tafakkur chigʻirigʻidan chuqur oʻtkazib, qalb amri bilan, vijdonan, halol, mukammal ado etish koʻnikmasini tarbiyalaydi.

Bu xislatlar, fazilatlar esa yangi Oʻzbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yoʻlidan dadil odimlayotgan xalqimizga nihoyatda zarur.

Qolaversa, dunyo ummondagi xasdek har lahzada qalqib turibdi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari misli koʻrilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtgan.

Bunday keskin sharoitda vatanparvarlik tuygʻusi yuksak, maqsadi, hayotga qarashlari qatʼiy, nigohi tiyrak, irodasi baquvvat, ertangi kunga ishonchi mustahkam xalqqina koʻzlagan niyatlariga erisha oladi. Bu oʻlmas haqiqat shonli oʻtmishimizda necha bor isbotlangan.

Tarix saboqlari koʻrsatadiki, xalqning jahon sahnidagi oʻrnini butunlay oʻzgartirib yuborgan katta janglarda askarlarning maʼnaviy darajasi yuksakligi, eʼtiqod va irodasi mustahkamligi, jangovar ruhi balandligi, yovqurligi, vatanparvarligi, hamjihatligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan.

1526-yilda yuz ming lashkar, shuningdek, jangovar fillarga ega qoʻshinni 12 ming askar bilan yengib, Hindistonni zabt etgan Bobur bobomiz soʻzlarimizga misol boʻla oladi. Mazkur jangda ulugʻ sarkardaning mahorati bilan birga maʼnaviy maslagi, askarlarida jangovar ruhni, kelajakka ishonchni, qatʼiyatni, madrlik va jasoratni tarbiyalay olgani, birdamlikni, jipslikni qaror toptira bilgani muhim rol oʻynagan.

Tarixda qaysiki qoʻshin maʼnaviy tarqoq, jangchilari ruhiyati, imoni sust, axloqiy darajasi tuban boʻlsa, albatta, ular orasidan biror sotqin chiqqan, alal-oqibat shiddatli muhoraba boy berilgan, xalq qullikka, mutelikka mahkum qilingan. Bunday taqdir sabab hatto nomi tarix sahifalaridan oʻchib ketgan millatlar ham, afsuski, kam emas.

Shu bois, xalqimiz yoshlarni tarbiyalashda, jismini chiniqtirish bilan bir vaqtda maʼnaviy-ruhiy barkamolligiga alohida eʼtibor qaratgan. “Bilagi zoʻr birni yiqar, bilimi, yuragi zoʻr mingni”, “Odob — oltindan qimmat”, “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” kabi maqollar ana shunday yondashuvlar mahsuli.

Bugungi murakkab zamonda yoshlarni tarbiyalashda teran ildizlardan suv ichgan azaliy qadriyatlarimiz bilan birga, ularni maʼnaviy uygʻotadigan, kelajakka ruhlantiradigan, koʻngil koʻzini ochadigan, milliy gʻururini yuksaltiradigan badiiy asarlarga, kino va spektakllarga, diltortar kuy-qoʻshiqlarga, amaliy va tasviriy sanʼat namunalariga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

Prezidentimiz tariximizda Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanini taʼkidlar ekan, XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-maʼrifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni esladi. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadidlar kabi Gʻarb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarurligini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari jadidlar hayoti va bebaho merosiga takror-takror urgʻu berayotgani bejiz emas. Bu ulugʻ insonlar — Vatan uchun fidoyilik, jasorat va matonat timsoli. Ular yangi usuldagi maktablar ochdi, teatrlar tuzib, ular uchun pyesalar yaratdi. Maʼrifatparvar ajdodlarimiz yozgan asarlar, ilgari surgan gʻoya va tashabbuslar bugungi kunda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish, xalqimizni zamonaviy ilm-fan yutuqlariga oshno etish, el-yurtga sadoqat va milliy gʻurur tuygʻularini yuksaltirish, umuman, yangi Oʻzbekistondagi hayotbaxsh islohotlarga mazmunan uygʻun va hamohangdir.

Buning birgina isboti - yigʻilishda davlatimiz rahbari barcha korxona va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb eʼlon qilib, xodimlarning teatrlarga borishini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.

Xoʻsh, nima uchun? Chunki bugun odamlar teatrlarga bormay qoʻydi. Buning sabablari turlicha boʻlishi mumkin. Lekin eng asosiysi — yurtdoshlarimizning jadid bobolarimiz ibratxona deb atagan noyob sanʼatdan — teatrdan uzoqlashgani. Zero, bugun ham koʻrishga arzigulik, tomoshabinni hayotning mohiyati, umuminsoniy tuygʻular, umrboqiy tushunchalar, kundalik muammolar va ularning yechimlari haqida oʻylashga, mushohada yuritishga chorlaydigan sahna asarlari yaratilyapti. Ammo ommaning madaniy saviyasi bu spektakllarni qabul qilmayapti. Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarga joylanayotgan yengil-yelpi videolar hamda chinakam maʼrifiy mediamahsulotlarni tomosha qiluvchilar soni taqqoslansa, koʻp narsa oydinlashadi-qoladi.

Taassufki, internetda saviyasiz, baʼzan mentalitetimizga, milliy axloqimizga toʻgʻri kelmaydigan materiallar, televizorda oldi-qochdi seriallar, maza-matrasiz shoular koʻraverib, odamlarimizning badiiy didi oʻtmaslashib bormoqda.

Bugun ommaga tortiq etayotgan mahsulotlarini oila davrasida koʻrishga xijolat boʻladigan ayrim guruhlarning konsertlariga yurtdoshlarimizning koʻpchiligi katta qiziqish bilan borib, chiptalarini falon pulga sotib olib, tomosha qilmoqda. Biroq ular davralarda “Mutasaddi tashkilotlar qayerga qarayapti?”, “Ijodkorlarimizning saviyasi pasayib ketdi” kabi gap-soʻzlarni aytib yuradi. Bunday kishilarga “Baraka topgur, oxirgi marta qachon teatrga tushdingiz?” deb soʻrasangiz, javob berolmay kalovlanib qoladi.

Biz yengil-yelpi tomoshalar ortidan pul topayotgan guruhlar konsertlariga tushib, oʻzimiz ularni ragʻbatlantiryapmiz. Keyingi faoliyatiga moddiy koʻmak beryapmiz. Axir ularning konsertlariga hech kim tushmasa, keyingi yil ular oʻsha tadbirni qayta uyushtirmaydi, moddiy ziyon sari qadam tashlamaydi.

Bu soʻzlar bilan bugun teatr sohasida hamma ishlarimiz aʼlo, demoqchi emasman. Sohaga zamonaviy texnika-texnologiyalarni tatbiq etish, oʻziga xos dekoratsiyalar olib kirish, marketingning jozibador usul va uslublaridan foydalanib tomoshabinlar diqqat-etiborini tortish galdagi vazifalarimiz qatoriga kiradi. Lekin, aytish mumkinki, ularsiz ham spektakllarimiz saviyasiz boʻlib qolmaydi, teatr yuragimizga, jamiyatimizga tutilgan oyina boʻlib qolaveradi. Qalbimizni ulgʻaytirib, ruhiyatimizni boyitaveradi.

Prezidentimiz mana shu holatni chuqur his qilib, xalqimizni teatrga qaytarish uchun qator choralarni belgilab berdi. Rahbar-yetakchilar bu borada, umuman, ijtimoiy dunyoqarash, madaniy saviya boʻyicha boshqalarga oʻrnak boʻlishi kerakligini uqtirdi.

Xonandalarning saviyasiz kliplari, qoʻshiqlari, maishiy mavzudagi seriallar, filmlarning kundan kun koʻpayib borayotgani haqida ham yuqoridagi kabi fikrlarni aytish mumkin. Haqiqiy sanʼat asarining yaratilishi uchun uni oʻsha darajada tushunadigan, qabul qiladigan auditoriya ham boʻlishi kerak. Nimaga koʻpchiligimiz maqomni eshitmaymiz. Chunki uning mohiyatini tushunmaymiz, zamiridagi dardni his qilmaymiz, demak, maroq ham olmaymiz. Bu navolar qalbimizga yetib borishi, ularning mazmunini tushunishimiz uchun kitob oʻqishimiz, bilimimizni boyitishimiz, badiiy didimizni yuksaltirishimiz kerak.

Keyingi yillarda koʻhna va boqiy navolarimizni xalqimizga yanada kengroq tanishtirish, dunyo miqyosida targʻib etish boʻyicha salmoqli ishlar qilindi. Xalqaro maqom sanʼati anjumani, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor sanʼati festivali hamda “Raqs sehri” xalqaro festivalini anʼanaviy tarzda oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani, oʻylaymanki, oʻzlikka qaytish borasida dadil qadamlardir.

Endi maqom va baxshichilik sanʼatini rivojlantirish, mavjud ijro va ijodiy maktablarni, bu boradagi anʼanalarni ilmiy asosda oʻrganish va qayta tiklash ishlari yanada kuchaytiriladi.

Hozirgacha 120 ta maqom, baxshichilik dostonlari, xalq kuyi va qoʻshiqlari “oltin fond”ga yozib olindi. Prezidentimiz maqom sanʼatini rivojlantirish, uni qorongʻulikdan yorugʻlikka olib chiqish yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan sanʼatkorlarimizga har qancha rahmat aytsak, arzishini alohida taʼkidlagani bekorga emas. Zero, ushbu bebaho sanʼatimiz negizida chuqur falsafa, jozib ilm, betakror obrazlar mujassamdir. Shu bois, bu sohir navolar tinglovchini dunyoni teran idrok etishga, obrazlar, taassurotlar vositasida mukammallikka intilishga undaydi.

Taraqqiyotimizning yangi davrida noyob sanʼatimiz namunasi boʻlgan baxshichilik qayta tirildi, desak mubolagʻa emas. Faqat bayramlarda, rasmiy tadbirlardagina ijro etiladigan boʻlib qolgan dostonu laparlarimiz bugun hayotimizdan, dilimizdan, tilimizdan qayta joy olmoqda. Respublika baxshichilik sanʼati markazi hamda Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish jamgʻarmasi, hududlarda mazkur yoʻnalishdagi ansambllar samarali faoliyat yuritayotgani bu boradagi ishlarda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda. Binobarin, xalq ogʻzaki ijodiyoti sarchashmasi boʻlgan bu moʻjizakor sanʼat insonni inson sifatida namoyon etadigan eng ezgu tuygʻu va qadriyatlarni tarannum etadi.

Kino sohasi keyingi yillarda oʻzini tiklab boryapti. Tan olishimiz kerak: mazkur jabha mustaqillik yillarida ancha oqsab qolgandi. Ayniqsa, tarixiy seriallarni suratga olishda baʼzan kulgili holatlarga tushib qolganimiz ham sir emas. Bularning bosh sababi iqtisodga borib taqalardi. Tarixiy filmlarni tasvirga olish juda murakkab jarayon. Chunki unda foydalaniladigan oddiy ignadan tortib, aktyorlarning bosh kiyimigacha — kerakli hamma narsani yoʻqdan bor qilish zarur. Chunki ular yoʻqolib ketgan. Ularni qayta yasash, tasvirga olish jarayonida har bir aktyor uchun kerakli kiyimlarni tiktirish, tarixiy dekoratsiyalar — bular katta mablagʻ talab etadi. Mana shu jihatlar hisobga olinib, keyingi yillarda yurtimizda sohani moddiy tomondan qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor berilyapti.

Aslida kino sanoatining davlat tomonidan ragʻbatlantirilishi dunyo amaliyotida juda kam uchraydi. Bu tarmoq, asosan, tadbirkorlar qoʻlida. Investorlar film olish uchun katta mablagʻ ajratadi va shunga yarasha foyda ham koʻradi. Kino mahsulotlari baʼzi davlatlar eksportida salmoqli oʻringa ega. Hatto bu orqali davlat byudjetiga ham katta daromad kelib tushadi.

Bizda hali kino biznesi toʻla rivojlanmadi. Bu tarmoqning daromadli ekanini anglab, unga pul tikadigan tadbirkorlar juda kam. Prezidentimiz yigʻilishda bejiz metsenatlik harakatiga alohida toʻxtalmadi. Xorijiy davlatlarda keng yoyilgan, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bu ezgu tajriba bizning hayotimizdan ham chuqur joy olishi zarur.

Taʼkidlanganidek, hozirgi vaqtda “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan 50 ta badiiy film yaratish boʻyicha farmon loyihasi tayyorlanmoqda. Shu asosda tarixiy filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bu dastur ijrosiga nafaqat mahalliy, balki xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar jalb etiladi.

Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy kinohududlar barpo etish boʻyicha loyihalar boshlanadi. Buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli haqida koʻp qismli animatsion filmlar yaratish masalasi ham koʻtarildi. Davlatimiz rahbari keyinchalik ushbu filmlar qahramonlarini oʻyinchoqlar, oʻquv daftarlari va boshqa mahsulotlarda aks ettirib, farzandlarimiz ongiga singdirishimiz lozimligini uqtirdi.

Yigʻilishda madaniy dam olish tizimini takomillashtirish, aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda mavjud madaniyat markazilari faoliyatini kuchaytirish, xalqaro maydonda oʻzbek madaniy diplomatiyasini rivojlantirish, boy madaniy merosimizni xalqimizga va xorijiy sayyohlarga keng tanishtirish ishlarini yangi bosqichga koʻtarish, kitobxonlik, tasviriy va amaliy sanʼat sohasini yanada taraqqiy ettirish, madaniyat va sanʼat sohasida taʼlim sifatini oshirish hamda boshqa yana koʻplab masalalar boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilandiki, ularning barchasi bir ulugʻ maqsadga — jonajon Vatanimiz yuksalishi, jahonda Oʻzbekistonning tenglar ichra teng boʻlishi, elimizning hech kimdan kam boʻlmay yashashiga xizmat qiladi.

Eng muhimi, maʼnaviyat, madaniyat, maʼrifatni rivojlantirish bugun muayyan tashkilotlarninggina emas, butun xalqimizning ishi, har birimizga tegishli dolzarb vazifa ekaniga urgʻu berilyapti. Chunki bu zalvorli yumush hamma birlashsa, jipslashsa, bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht boʻlib harakat qilsagina yuzaga chiqadi. Bu masalalarga beparvolik, loqaydlik, panja orasidan qarash esa kelajagimizga, el-yurtimiz taqdiriga bepisandlik, hatto xiyonat bilan barobardir.

Chinakam ijod ahli uchun esa yuksak isteʼdod va mahoratini ziyo ulashishga safarbar etish, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtiroki bilan yangi Uygʻonish davrini barpo qilishga munosib hissa qoʻshish eng ezgu tuzuk, hayotiy tamoyil boʻlib qolaveradi. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!

Ozodbek Nazarbekov,

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri