— Mahalla fuqarolar yigʻinining yangi binosi nafaqat qishlogʻimizga, balki tumanimizga koʻrk bagʻishlab turibdi, — deydi Shixmashhad qishlogʻida istiqomat qiluvchi Sarobibi aya Matyoqubova. — Biz, keksa avlod vakillari bu yerda oʻtkaziladigan turli maʼrifiy tadbirlar, davr suhbatlari orqali yosh avlodning maʼnaviyatini oshirishga, mahallada jinoyatchilik va ajrimlar, har xil koʻngilsiz holatlar kelib chiqishining oldini olishga hissa qoʻshamiz.
Yoshlar bandligini taʼminlash, ularni muayyan kasbga yoʻnaltirish masalalariga mamlakatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraladi. Shu maʼnoda, mahalla fuqarolar yigʻini binosidan oʻrin olgan tikuvchilik ustaxonasi, sartaroshxona, goʻzallik saloni, dorixonada tuman yoshlarining hunar oʻrganib, ish bilan taʼminlanishi uchun yetarli sharoit mavjud.
— Tuman markazidan chekka hududlar, jumladan, qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari tashkil etib, aholiga xizmat koʻrsatishni maqsad qilgan edim, — deydi “Shavkat Burhon” MCHJ rahbari Ixtiyor Sapayev. — Yaqinda mana shu niyatim amalga oshdi. Muassasamizga davlat-xususiy sheriklik asosida qurilib foydalanishga topshirilgan Shixmashhad mahalla fuqarolar yigʻini binosidan barcha qulayliklarga ega xona ajratildi. Bu yerda dorixona ochib, qulay narxda aholiga dori-darmon yetkazib beryapmiz. Mahalla ahli ham kerakli dori-darmonlarni uyiga yaqin joydan xarid qilayotganidan mamnun.
Shixmashhadlik Marvarid Jumaniyozova kasb-hunar kollejini tugatib, yakka tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib, tikuvchilik faoliyatini boshlagan edi. U anchadan beri tikuvchilik sexi ochib, aholiga xizmat koʻrsatishni, shogirdlar tayyorlashni niyat qilardi.
— Mahalla fuqarolar yigʻini binosidan menga xona ajratib berildi. Tikuvchilik ustaxonasi ochib, mahallamizdagi ishsiz, tikuvchilikka qiziqishi yuqori boʻlgan uch nafar qizni shogirdlikka oldim. Yosh tadbirkor sifatida yaratilgan qulayliklardan xursandman. Xizmatimizdan hamqishloqlarimiz ham minnatdor. Mijozlarimiz kundan kunga koʻpaymoqda, — deydi Marvarid Jumaniyozova.
Ha, birgina mahalladagi bunyodkorlik yoshlarni ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, aholining kundalik maishiy ehtiyojini qanoatlantirish barobarida koʻngillar shodligiga, qishloq obodligiga xizmat qilayotir.
Jamshid AKBAROV