Maʼlumot uchun, bugungi kunda mamlakatimizda 742 ta professional taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, ularning 339 tasi kasb-hunar maktabi, 189 tasi kollej, 214 tasi texnikumlardir. Ularda 374,4 ming nafar yoshlar 370 ta kasb va mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olmoqda.
Yigʻilishda taʼkidlandiki, joylarda taʼlim muassasalari faoliyatini toʻgʻri tashkil etish, taʼlim sifati, mavjud imkoniyatlardan toʻla foydalanmaslik, 50 dan ortiq taʼlim maskanida bino va inshootlar talon-taroj qilingani, qabul jarayonidagi tizimli muammolar mavjud.
Yigʻilish davomida, vazirning birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida olib borilgan oʻrganishlar natijasini tahlil qildi. Ushbu hududlarda amalga oshirilgan ijobiy oʻzgarishlar bilan bir qatorda oʻz yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligi aytib oʻtildi.
Taʼkidlanganidek, Vobkent tuman 2-son kasb-hunar maktabi, Samarqand shahar kasb-hunar maktabi, Olmaliq kon-metallurgiya kolleji kabi ayrim taʼlim muassasalari tomonidan ijobiy ishlar ham qilingan. Ammo hozirda taʼlim maskanlarining 70%ida faoliyat qoniqarsiz tashkil etilgan, 90,4% pedagogning malaka toifasi yoʻq. 37 ta taʼlim maskanida birorta ham malaka toifasiga ega oʻqituvchi mavjud emas.
Surxondaryo, Fargʻona, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida bu koʻrsatkich 7%ni ham tashkil qilmaydi. Soha raqamlashmagan, unda reyting tizimi yoʻlga qoʻyilmagan, kadrlar qoʻnimsizligi mavjud. Jumladan 10 dan ortiq hududiy boshqarma boshliqlari vaqtincha vazifasini bajaruvchi boʻlib ishlamoqda. 30 dan ortiq taʼlim muassasasi direktori lavozimi oʻrinbosarlar zimmasiga vaqtincha yuklab qoʻyilgan. Shu bois, yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar berildi.
“Oʻquv-metodik taʼminot”ni yaratish va yagona bazaga jamlash masalasida Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmalari faoliyati tanqid qilindi.
Abduqodir Toshqulov ayrim professional taʼlim muassasalarida oʻkuvchilar rejadan tashqari qabul qilingani jumladan, Buxoro viloyatida Afshona Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi 398 nafar, Gʻijduvon tibbiyot kolleji 18 nafar oʻquvchini tasdiqlangan kvotadan oshiqcha olingani, Xiva tibbiyot kollejida 4 nafar oʻquvchi testdan oʻtmasdan qabul qilinganini qayd etdi.
Yigʻilish soʻnggida xato va kamchilikka yoʻlga qoʻygan masʼullarga tegishli choralar koʻrish, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga zarur topshiriqlar berildi.