Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi — inson qadrini ulugʻlagan xalqchil bosh dastur

    Fikr 28 Yanvar 2022 45343

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyati, uni yaqin va oʻrta istiqbolda amalga oshirish mexanizmlari haqida batafsil soʻz yuritildi.

    Shu munosabat bilan mazkur dasturulamal hujjatning maʼno-mohiyati va ahamiyati haqida fikr yuritish nihoyatda dolzarbdir. Taraqqiyot strategiyasi loyihasining keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilganiga doir tafsilotlarga ham muxtasar toʻxtalish oʻrinli, deb hisoblaymiz.

    Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobi va saylovoldi uchrashuvlari

    Mamlakatimizda 2021-yili boʻlib oʻtgan ­Prezident saylovi davomida davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” nomli yangi kitobi, birinchi navbatda, Tadbirkorlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiya­si elektorati oʻrtasida keng muhokama qilindi. Oʻz navbatida, saylovoldi uchrashuvlarida Taraqqiyot strategiyasi oʻziga xos umumxalq muhokamasidan oʻtkazildi.

    Shu maʼnoda, oʻtgan yil 9-sentyabrdan — 5 noya­brga qadar davom etgan bu jarayonni Yangi Oʻzbekis­ton taraqqiyot strategiyasi loyihasi muhokamasining birinchi bosqichi sifatida qayd etish mumkin.

    Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “El-yur­timiz biz boshlagan xalqchil islohotlarga bugun xayrixohlik va qatʼiy ishonch bilan qarab, ularning hosili va samarasini tezroq koʻrishni istamoqda. Ana shu haqli talabni inobatga olgan holda, biz Yangi Oʻzbekis­ton taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqib, saylov jarayonida uni oʻziga xos umumxalq muhokamasidan oʻtkazdik”.

    “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi”, degan nom bejiz tanlanmagan. Bu nom, avvalo, mazkur Taraqqiyot strategiyasi — 2017-yil fevralida tasdiqlangan va keyingi besh yil ichida hayotga izchil tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasining yangi bosqichdagi mantiqiy davomi ekanini anglatadi.

    Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ilgari surilgan. Binobarin, Harakatlar strategiyasidagi har bir yoʻnalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy, keng koʻlamli va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yoʻnalishlarda muhim natijalarga erishish koʻzda tutilmoqda.

    Yetti ustuvor yoʻnalish — inson qadrini taʼminlash timsoli

    Oʻz navbatida, xalqimizning toʻla ishonchi bilan qayta saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqi “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” lo­yihasi muhokamasining ikkinchi bosqichini bosh­lab berdi. Bu bosqich 2021-yilning 6-noyabridan 29-dekabrigacha davom etdi.

    Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida bayon etilgan yangi gʻoya va tashabbuslar saylovchilar, butun xalqimiz bildirgan taklif, fikr hamda mulohazalar bilan umumlashtirilishi va takomillashtirilishi hisobiga yanada sayqal topdi. Natijada uchta hujjat:

    birinchidan, Prezidentimizning “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraq­qiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmoni;

    ikkinchidan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi;

    uchinchidan, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi tarkibi loyihalari ishlab chiqildi.

    Xususan, agar Harakatlar strategiyasida 5 ta ustuvor yoʻnalish belgilab olingan boʻlsa, taraqqiyot oʻzgarishlarining yangi tarixiy bosqichda davom ettirilishi koʻzda tutilgan holda, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasiga 2 ta yangi ustuvor yoʻnalish qoʻshildi. Shunday qilib, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yoʻnalish nazarda tutilgan.

    Bu — bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “ajdodlarimiz yetti raqamini baxt-saodat va omad keltiradigan, ezgu ­niyatni roʻyobga chiqaradigan xosiyatli timsol, deb bilganlar”.

    Taraqqiyot strategiyasida Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar, xususan, asosiy natijalarga oid dalil va raqamlar ham keltirilgan. Misol uchun, Harakatlar strategiyasini ijro etish uchun 300 dan ortiq qonun va kodeks, Prezidentimizning 4 mingdan ortiq farmon va qarorlari qabul qilingan. Shu tariqa Harakatlar strategiyasi yakuniga kelib, Yangi Oʻzbekiston poydevorining huquqiy asoslari yaratildi.

    Kelgusida Taraqqiyot strategiyasi doirasida bir qator konsepsiya va dasturlar, 13 ta kodeks, 12 ta qonun, yaʼni har bir ustuvor yoʻnalishda zarur qonun hujjatlari qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

    Binobarin, yangi hujjat — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi endi Yangi Oʻzbekistonning poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan. Bu buyuk bunyodkorlik jarayoni 2026-yilgacha boʻlgan davrni qamrab oladi va yilma-­yil amalga oshirib boriladi.

    Xalq fikridan sayqal topgan Taraqqiyot strategiyasi

    Har uchala hujjat loyihasi oʻtgan yil 30-dekabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Shu tariqa “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” loyihasi muhokamasining uchinchi bosqichi 2021-yil 30-dekabrdan jamoatchilik muhokamalari yakuniga yetgan sana, yaʼni 2022-yil 15-yanvargacha boʻlgan davrni qamraydi.

    Ushbu muhim hujjat loyihalari 2022-2026.strategy.uz, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz elektron platformalari orqali keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama uchun joylashtirilgani yurtdoshlarimizga oʻz takliflarini bildirishi uchun qulay imkoniyat tugʻdirdi. Natijada qizgʻin va jiddiy muhokamalar asnosida faqatgina elektron platformalar orqali jami 17 ming 535 ta taklif kelib tushdi.

    Jamoatchilik muhokamalari milliy va xalqaro miqyosda keng tashkil etilgani diqqatga loyiq. Milliy muhokamalarning oʻzi ham bir nechta yoʻnalishda oʻtkazildi.

    Avvalambor, Taraqqiyot strategiyasi parlament yoʻnalishida — Oliy Majlis palatalari majlislarida, qoʻmita va komisssiyalar, siyosiy partiyalar fraksiyalari, Yoshlar parlamentlarida muhokama qilindi.

    Shuningdek, davlat organlari masʼul xodimlari, soha mutaxassislari, olimlar, professor-oʻqituvchilar, turli soha vakillari ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan konferensiya, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi.

    Bu borada nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, fuqarolik jamiyati faollari alohida namuna koʻrsatdi. Muhokama jarayonlariga xorijdagi vatandoshlarimiz ham keng jalb etildi.

    Bundan tashqari, Taraqqiyot strategiyasiga xalqaro darajada va xorijiy ekspertlar tomonidan faol hamda yuksak baholar berildiki, bu haqda alohida toʻxtalamiz.

    Qolaversa, internet, televideniye, radio va matbuot nashrlarining imkoniyatidan unumli foydalangan holda, muntazam ravishda jamoatchilik muhokamalari oʻtkazib borildi.

    Shu qamrovdor jarayonlarda bildirilgan barcha taklif va fikr-mulohazalar tegishli soha mutaxassislari tomonidan diqqat bilan oʻrganib chiqildi. Natijada minglab takliflar Taraqqiyot strategiyasini tegishli ravishda boyitishga toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat qildi.

    Bunga birgina yaqqol misol: “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilinganida 94 ta maqsaddan iborat boʻlgan. Jamoatchilik muhokamalari yakunidan soʻng Taraqqiyot strategiyasidagi ushbu maqsadlar soni 100 ta etib belgilangan.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, “Davlat — inson uchun” degan ezgu gʻoyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraq­qiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik”.

    Tarixiy dasturulamal hujjatning uch ahamiyati

    Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining maʼno-mohiyati haqida soʻz borganda, uning qu­yidagi uchta darajada namoyon boʻladigan tarixiy ahamiyatini alohida taʼkidlash lozim.

    Birinchisi — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining milliy darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va eng muhim vazifalarning atrof­licha tahlili shundan dalolat beradiki, yangi
    Oʻzbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Yaʼni “Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri — oliy qad­riyat”, degan tamoyil eʼtirof etilmoqda.

    Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida yillar davomida amal qilib kelgan “davlat — jamiyat — inson” tamoyili “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga oʻzgartirilmoqda. Yanada sodda qilib aytganda, Oʻzbekistonda har bir fuqaroning qadrini yuksaltirish va farovonligini oshirish zarurligiga urgʻu berilmoqda.

    Eng asosiysi, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasidagi 7 ustuvor yoʻnalishning bosh gʻoyasi — inson qadrini taʼminlash. Chunki ­Prezidentimizning saylovoldi dasturidagi asosiy gʻoya ham “Inson qadri uchun” tamoyili edi.

    Inson qadrini joyiga qoʻyishni qonuniy va tashkiliy-huquqiy yoʻllar bilan hayotimizning barcha sohalarida milliy, mintaqaviy va xal­qaro hamkorlik darajalarida qanday qilib amalga oshirish kerak? Taraqqiyot strategiyasida bu dolzarb savolga juda koʻplab aniq maqsadlarga qaratilgan amaliy javoblar bor.

    Ikkinchisi — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining mintaqaviy darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida koʻzda tutilgan maqsadlarda Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasida yaqin qardoshlikni qadrlash, qoʻshni mamlakatlar bilan manfaatli hamkorlikni kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishish boʻyicha muhim vazifalarga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Uchinchisi — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining xalqaro (global) darajadagi ahamiyati. Taraqqiyot strategiyasida BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliya­tni kuchaytirish, xususan, iqlim, ekologiya, terrorizm, korrupsiya, migratsiya, kambagʻallik kabi global muammolarni hal etish borasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish haqida soʻz borgan.

    Yaʼni Oʻzbekistonni BMT tuzilmalari orqali dunyo hamjamiyatiga keng tanitish bilan bogʻliq ibratli amaliyotni izchil davom ettirish lozim. Bunda Oʻzbekiston rahbariyatining BMT doirasidagi tashabbuslarini amalga oshirishni taʼminlash, BMT va uning muassasalari bilan iqtisodiy-moliya­viy va konsultativ hamkorlikni rivoj­lantirish, ayniqsa, ulkan ahamiyat kasb etadi.

    Taraqqiyot strategiyasida, shuningdek, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish, BMTning “Inson huquqlari yoʻlida harakatga daʼvat” tashabbusini ilgari surish uchun barcha sheriklar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish istiqbollari koʻrsatib berilgan.

    Shu nuqtayi nazardan, Yangi Oʻzbekiston taraq­qiyot strategiyasining nafaqat nomlanishi, ayni chogʻda unda belgilangan ustuvor yoʻnalishlar va muhim vazifalar ham milliy yoki mintaqaviy miqyosdagina emas, balki global darajada ulkan ahamiyatga molik xalqaro hujjatlar bilan uygʻun va hamohangdir.

    Dastlab Harakatlar strategiyasida, endilikda esa Taraqqiyot strategiyasida ham Oʻzbekiston bajarishni oʻz zimmasiga olgan BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarini mamlakatimiz hayotiga tatbiq etishning aniq milliy dasturi belgilab berildi.

    Boshqacha aytganda, Oʻzbekiston tashqi xalqaro munosabatlarning teng huquqli aʼzosi sifatida oʻzining BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari bilan hamohang holda rivojlanishi, bu boradagi oʻziga xos oʻrni va ahamiyati, yanada muhimi, ibratli tajribasini butun dunyoga koʻrsata oldi. Oʻz nav­batida, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi ushbu muhim taraqqiyparvar jarayon uzluksiz davom etayotganidan dalolat beradi.

    Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya lo­yihasi ishlab chiqilyapti. Qolaversa, 35 yildan buyon Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiya amal qilmoqda. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston ­Prezidenti taqdim etgan Taraqqiyot strategiyasi xalqaro hamjamiyatning rivojlanish tendensiyalariga, butun dunyoning taraqqiyot trend­lariga toʻla mos keladi.

    Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi: xalqaro va xorijiy ekspertlar bahosi

    Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi hamkor xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, butun jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bir qator nufuzli xorijiy va xalqaro ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli islohotlar samaralari eʼtirof etilgan holda, ushbu yangi tarixiy hujjatning loyihasigayoq yuksak baholar berildiki, ulardan ayrimlariga toʻxtalamiz.

    Mamlakatimizga 2021-yil 28-noyabr — 7-dekabr kunlari tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn Oʻzbekistonning qonun ijodkorligi va xalqaro hujjatlar qabul qilishda tashabbuskorlik koʻrsatish sohalarida yetakchi ekanini eʼtirof etgan holda, xususan, “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlarimizni yuksak baholadi.

    Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi ­Martin Chungong Prezident Shavkat Mirziyoyevning milliy parlamentlarning rolini oshirishga qaratilgan xalqaro tashabbuslarini toʻla qoʻllab-quvvatlashi haqida bayonot berdi. Bu oʻrinda davlatimiz rahbarining:

    birinchidan, BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda va inson huquqlarini himoya qilishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;

    ikkinchidan, joriy yilda Oʻzbekistonda Ayol-spikerlar jahon sammitini oʻtkazish;

    uchinchidan, Yoshlar parlamentlarini rivoj­lantirish boʻyicha tashabbuslarni ragʻbatlantirish va bu borada yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga doir tashabbuslari nazarda tutilmoqda.

    Oʻz navbatida, Jeneva diplomatik doiralari prezidenti Rober Blum taʼkidlashicha, Oʻzbekis­ton Prezidenti ilgari surgan xususiy mulk va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, xususiy sektorni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi tashabbus­lar mamlakatning iqtisodiy oʻsishiga va aholi farovonligi oshishiga olib keladi.

    Xalqaro “Diva International” jurnali bosh muharriri Marit Foss esa, Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzini tom maʼnodagi demokrat sifatida namoyon etayotganiga eʼtibor qaratgan. Xalqaro ekspert qayd etishicha, Oʻzbekiston Prezidentining asosiy maqsadi — inson qadrini taʼminlash. Bu, oʻz navbatida, inson huquqlarini himoya qilishni anglatadi. Mamlakatda nomarkazlashtirish siyosati olib borilayotgani, yaʼni markaziy davlat organlarining ayrim muhim vakolatlari mahalliy hokimiyat idoralariga oʻtkazilayotgani toʻgʻri va oqilona yoʻldir.

    Fransiyaning “Newly” onlayn nashri yozishicha, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakat milliy taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab beradi. Ayniqsa, “inson — jamiyat — davlat” ustuvor tamoyili jamiyatda ijtimoiy muhitni tubdan oʻzgartirishning muhim mezoniga aylanadi.

    Davlatimiz rahbarining Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturini amalga oshirish istiqbollari haqidagi nutqini tinglash asnosida bizda ham bir qator fikrlar tugʻildi. Prezidentimiz Davlat dasturi toʻliq bajarilishi va kutilgan samaralarni berishi uchun uning mazmun-mohiyatini keng targʻib etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratgani bejiz emas.

    Shu maqsadda milliy darajada: taʼlimning maktablardan toki oliy oʻquv yurtlarigacha boʻlgan barcha bosqichlarida “Yangi Oʻzbekiston strate­giyasi” kitobi boʻyicha milliy insholar tanlovini oʻtkazishni taklif etamiz. Bu tadbir yoshlarimiz ongu shuurida vatanparvarlik, milliy gʻurur ­gʻoyalarini mustahkamlab, kuchli gʻoyaviy immunitet hosil boʻlishiga xizmat qiladi.

    Xalqaro darajada: “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” mavzusida gibrid shaklida xal­qaro forum oʻtkazish lozim. Ayni yoʻnalishda turli siyosiy-diplomatik tadbirlar tashkil etilishi ham ayni muddaodir.

    Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini hayotga izchil tatbiq etish jarayonlari Shavkat Mirziyoyev ikkinchi marta ­Oʻzbekiston Prezidenti lavozimini rasman bajarishga kirishgan sanadan boshlangan. Shundan soʻng orada oʻtgan 80 kun mobaynida 6 ta qonun, Prezidentning 7 ta farmoni va 17 qarori qabul qilindi.

    Bu oʻrinda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan qabul qilingan “Favqulodda holat toʻgʻrisida”, “Tadbirkorlar kunini belgilash toʻgʻrisida”, “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi yangi qonunlarni va bir qator qonunlarga kiritilgan muhim oʻzgartirishlarni alohida taʼkidlash maqsadga muvofiqdir. Bugungi kunda amaliyotga izchil joriy etilayotgan ushbu qonun hujjatlarining barchasi Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlar va eng muhim vazifalarning soʻzsiz bajarilishiga qaratilgan.

    Ayni damda oldimizda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining maʼno-mohiyati va ahamiyatini teran targʻib etish, unda belgilangan muhim vazifalarni amalga oshirish, ijrosini tahlil va monitoring qilib borishdek ulkan koʻlamdagi vazifalar turibdi.

    Akmal Saidov,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi cpikerining birinchi oʻrinbosari,

    Inson huquqlari boʻyicha oʻzbekiston respublikasi

    milliy markazi direktori