Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi oʻrni va rolini oshirish, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, oʻzaro manfaatli tashqi siyosatni davom ettirish sohalarida soʻnggi 4 yilda bir qator samarali muloqot va siyosatni amalga oshirib kelmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi bu borada Oʻzbekiston siyosati va strategiyasi hech qachon oʻzgarmas ekanlning yana bir yorqin misoli boʻldi.

Xususan, Davlatimiz rahbari oʻz chiqishida, nafaqat Oʻzbekiston, shu bilan birga, butun dunyo hamjamiyati uchun muhim boʻlgan 7 ta tashabbusni ilgari surdi. Jumladan, qiynoqlarning oldini olish va bunday holatga chek qoʻyish borasida soʻnggi yillarda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu kabi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida esa, 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturida ham alohida vazifa belgilangan. Davlat dasturining 23-bandida Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirish maqsadida 2021-yil 1-martga qadar Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) huzurida qiynoq holatlarini aniqlash va ularni oldini olish boʻyicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish, ushbu guruhlar faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng va muntazam yoritish vazifalari belgilangan.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzasida dunyo aholisining yarmidan koʻpini tashkil etayotgan yoshlar masalasida ham bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasini oʻtkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini taqdim etish hamda Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish kabilar shular jumlasidandir.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish toʻgʻrisidagi taklifini qoʻllab-quvvatlagan holda bu borada Oʻzbekistonda toʻplangan tajribaga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, 2020-yilning oʻzida 1995-yil 1-yanvarga qadar mamlakatimizga koʻchib kelgan 50 ming nafar vatandoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi. Bu yil 2005-yil 1-yanvarga qadar mamlakatga koʻchib kelgan yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega boʻlishi belgilab qoʻyilgan.

Maʼruzada sud-huquq sohasida ham bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Zero soʻnggi yillar mobaynida Oʻzbekistonda sudlar mustaqilligini taʼminlash, sud idoralarining chinakam adolat qoʻrgʻoni boʻlishi uchun ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadigan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi. Sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi.

Buning natijasida inson huquq va erkinliklari taʼminlanib, oʻtgan 4 yilda 2 ming 770 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan, 2 ming 687 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 5 ming 225 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qoʻyilgan ayblovlar chiqarilgan. Bular, hech shubhasiz, sud-huquq sohasidagi katta yutuqlardandir. Xattoki, bu kabi ijobiy oʻzgarishlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining sudyalar mustaqilligi boʻyicha maxsus vakili Diyego Garsiya-Sayan janoblari tomonidan ham alohida eʼtirof etilgan.

Xulosa qilib aytganda davlatimiz rahbari oʻz chiqishida qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida Oʻzbekistonda odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga bundan buyon ham mutlaqo yoʻl qoʻylmasligi, soʻz va fikr erkinligi borasida boshlangan tashabbuslardan hech qachon ortga qaytilmasligi yana bir bor maʼlum qilindi.

Galdagi vazifa esa biz parlament vakillari, mazkur dunyo hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlangan tashabbuslarni parlamentlararo muloqotlarga kirishgan holda oʻz vaqtida va tizimli amalga oshirilishini taʼminlashdan iboratdir.

Muzaffara ABDIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati