Xalqimizning maʼnaviy qadriyatlarini qadrlash, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, ularda oʻz ajdodlari bilan gʻururlanish tuygʻusini shakllantirish, milliy oʻzlikni anglash hissini mustahkamlash borasida keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib borilmoqda.
Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermonov bilan suhbatimiz ham shu mavzu atrofida boʻldi.
— Xorazm viloyatida maʼnaviy-maʼrifiy-madaniy sohadagi ishlar qay darajada? Prezidentimiz tomonidan mazkur yoʻnalishda belgilab berilgan vazifalar ijrosi qanday?
— Viloyatimizda “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasi asosida jamiyatda uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va tashviqot ishlarini tashkil etishning yettita asosiy yoʻnalishini belgilab olgan holda, taʼsirchan, kreativ va innovatsion uslublar orqali targʻibot ishlari olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari taqdim qilgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholini ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan kamol toptirish gʻoyat murakkab vazifa ekani, ayniqsa, mafkuraviy kurashlar goh oshkor, goh pinhon tus olgan hozirgi tahlikali zamonda bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga egaligi taʼkidlangan. Har bir hududdagi muammolarni bartaraf qilish, yechimini topish, kamchiliklarni tezkorlik bilan hal qilish, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, maʼnaviy-madaniy saviyasini oshirish, yoshlarni baxtli va saodatli hayot sari ildam ergashtirib borish — bularning bari yangi Oʻzbekistonning bugungi qiyofasida namoyon boʻlayotir.
Soʻnggi yillarda keng koʻlamli islohotlar guvohi boʻlmoqdamiz. Har bir sohadagi oʻzgarishlar, zamonaviy yangi loyihalar, inson farovonligi va uning qadr-qimmatini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarning barchasi amalda boʻy koʻrsatdi. Turli sohalarda nafaqat aholiga qulaylik yaratildi, balki xizmat koʻrsatishning soddalashtirilgan va zamonaviy texnologiyalar asosida tatbiq etilishi ommalashdi. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi bu ishlarni yangi bosqichga koʻtarishiga shubha yoʻq.
Oʻtgan 5 yil davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy sohalarda muhim loyihalar amalga oshirildi. Bugun yangidan-yangi kreativ yondashuvlarni koʻrib, shu yuksalishlar tendensiyasining faol aʼzosi ekanimizdan mamnunman.
— Joriy yil 28-yanvar kuni Prezidentimiz maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar vazirlik va idoralar, tarmoq rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi boʻlishi shart va zarur. Shundagina kutilgan natijaga erishish mumkin”, deb taʼkidladi. Bu boradagi bajarilgan ishlar ham gazetxonlarimiz uchun qiziq...
— Davlatimiz rahbari bu soʻzlarni bejiz aytmadi. Zero, Mahmudxoʻja Behbudiy “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir” deganida mutlaqo haq edi. Maktabda ertangi avlodning ongu shuuri shakllanadi. Saboq olish barobarida eng goʻzal ezgu hislatlarni oʻzida rivojlantirib boradi. Shuning uchun ham oʻgʻil-qizlarimizning taʼlim olish darajasi, tarbiyasiga nafaqat oʻqituvchi-pedagoglar, barchamiz masʼul va javobgarmiz.
Bugungi kunda Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli 576 ta taʼlim muassasasi bor. Oʻtgan yili jami 24 843 oʻquvchi umumtaʼlim maktablarini tugatib, 6 955 nafari talabalikka qabul qilindi. Bu koʻrsatgich, albatta, yetarli emas. Bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimiz oliy maʼlumot olishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Buning uchun pedagoglarimizning salohiyat va imkoniyatlari yetarli. Aynan shu salohiyat viloyatimiz taʼlim sifatining yuqoriligi boʻyicha respublikada birinchi oʻrindaligiga zamin boʻlmoqda.
Oʻtgan yili Qoʻqonda matematika fanidan olimpiada boʻlib oʻtgan edi. Uning respublika bosqichida kuchli oʻntalikdan viloyatimizning uch oʻquvchisi ham joy olgani fidoyi oʻqituvchilarimizning mehnati samarasidir. Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Sarvar Safarboyev shu olimpiadada birinchi oʻrinni egallab, mukofot sifatida “Cobalt” avtomobili sohibi boʻldi. Xorazm viloyati Sifatli taʼlim olish imkoniyati tengsizligi indeksi (Index of Disparity in Access to Quality Secondary Education IDAQSE) doirasida sifatli oʻrta taʼlimga ega boʻlish reyting koʻrsatkichi boʻyicha oʻtgan yili viloyatlar orasida birinchi oʻrinni egallaganini ham eslatib oʻtish joiz.
Keyingi yillarda oʻqituvchilarga berilayotgan eʼtibor, ularning maqomini koʻtarish, qadr-qimmatini oshirish boʻyicha amaliy ishlar tufayli ustozlarda ishlashga boʻlgan ishtiyoq ortdi, oʻz bilimini oshirishga intilish kuchaydi. Buning isboti sifatida Xorazm viloyati respublikada oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushiga koʻra, 2 yildan buyon birinchi oʻrinni egallab kelayotganini qayd etish mumkin.
Joriy yil maktab bitiruvchilarini koʻproq qamrab olish maqsadida oliy taʼlim muassasalarida qabul kvotalari soni oshirildi, yangi mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Urganch shahrida Malayziyaning “Binary” universiteti filiali ham oʻz faoliyatini boshladi. Umuman, taʼlim sifatini oshirish eng katta maqsadlarimizdan. Buning uchun taʼlim muassasalarimiz ilmiy salohiyatini, yaʼni ilmiy darajaga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar sonini oshirish rejalashtirilgan. Hozir bunday kadrlar ulushi 29 foizni tashkil qiladi. Ayni paytda viloyatda 1500 dan ortiq xorijlik, xususan, Turkmaniston, Pokiston, Hindiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Afgʻoniston, Saudiya Arabistoni va AQSH kabi davlatlardan kelgan talaba tahsil olmoqda. Bu koʻrsatkichni yanada oshirish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot ishlariga koʻmaklashish koʻlamini kengaytirish choralari koʻrilmoqda.
Ilmu maʼrifat sohasiga Prezidentimizning shaxsan bosh boʻlayotgani bugun viloyatimizdagi yosh pedagog va olimlarning shijoatiga shijoat qoʻshmoqda. Xorazm viloyati oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari tomonidan 2020-yil 48 ta ilmiy ish himoya qilingan boʻlsa, 2021-yilda ular soni 84 tani tashkil qildi.
— Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda joriy yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari doirasidagi ishlar qanday olib borilmoqda?
— Bu qarorlar asosida joriy etilgan yoshlar yetakchilari lavozimi ham mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu borada tizimli ishlarni izchillik bilan yoʻlga qoʻyganmiz. Albatta, mahallalarga biriktirilgan ziyolilar, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari — bu ulkan ilmiy salohiyat, amaliy kuch. Bulardan izchil va tizimli, samarali foydalanish mamlakatimizdagi islohotlarning hayotimizda, xalqimiz turmushida yorqin aks etishiga olib keladi.
Aynan shu kuchdan foydalanib, joriy yil fevral-mart oylarida viloyatdagi barcha mahallalar kesimida “Zakovat” turniri oʻtkazishni belgilab qoʻydik. Bu esa aholi orasida kitobxonlik madaniyati, maʼnaviy-maʼrifiy, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishga turtki boʻladi.
Yangi ish boshlagan har bir hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisi uchun ularning vazifalari, aholi va yoshlar bilan ishlashning huquqiy, psixologik xususiyatlari aks etgan maʼnaviy-maʼrifiy yoʻriqnoma tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu yoʻriqnomalar har bir yangi lavozim egasiga yetkazilib, ularning faoliyati uchun taʼsirchan qoʻllanma boʻlishi koʻzlanmoqda.
— Kitob ong va tafakkur sarchashmasi, qalb ziyosi, insonni yaxshilikka, ezgulikka chorlovchi vositadir. Viloyatda kitob va kitobxonlik borasida, kitoblarni chop etish boʻyicha ham yangi loyihalar amalga oshirilayotganidan xabarimiz bor.
— Darhaqiqat, kitobxon avlodni tarbiyalash, maʼrifatli jamiyat barpo etish davlatimizning strategik ustuvor rejasidir. Nafaqat davlatimiz, balki xalqimizning, barchamizning eng ulugʻ ezgu niyatimiz ham shu. Bugungi kunda viloyatda 12 ta axborot-kutubxona markazi, taʼlim muassasalari va idora-tashkilotlarning 633 ta kutubxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. 55 ta mahallada kutubxonalar tashkil qilingan. Barcha kutubxonalar fondida jami 3 million 792 ming nusxa kitob mavjud. Galdagi rejamiz kelgusi 5 yilda Xorazmdagi barcha yurtdoshlarimiz kitobxon va xonadonlarida javon-javon kitob boʻlishiga erishishdir.
Xorazmda 10 ta nashriyot hamda 62 ta matbaa korxonasi faoliyat koʻrsatadi. Oʻtgan yil davomida ular tomonidan 484 nomdagi 62 mingdan ziyod yangi kitob nashr qilingan boʻlsa, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda viloyat hokimligi hamkorligida 7 nomdagi 18 mingga yaqin kitob oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.
— Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi bunyod etilib, sarkarda haykali oʻrnatilgan maydon atrofidagi 8 gektar yerda qurilish ishlari davom etmoqda. Joriy yil 7-fevral kuni Prezidentimiz qurilish loyihalari bilan tanishganida Jaloliddin Manguberdi majmuasi haqida ham soʻz bordi...
— Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chogʻida Jaloliddin Manguberdi majmuasi mazmunini yanada boyitish, sharoitlarini yaxshilash haqida gapirib, “Bu yer bilim, maʼnaviyat, gʻurur maskani boʻlishi kerak. Kelganlar aylanib, hordiq chiqarish bilan birga, Manguberdi bobomiz hayotini yaqqol tasavvur qilishi, bundan ruh olishi kerak. Xiyobon boʻylab uning janglari, qahramonliklari haqida lavhlar yozib qoʻyish mumkin. Tarixni va chet tillarni yaxshi bilgan gidlar tayyorlash ham zarur”, dedi. Jaloliddin Manguberdining ot ustida qilich tutib turgan haykali bronzadan yasalgan. Uning balandligi asosi bilan birga qariyb 25 metr boʻlib, uzoqdan ham koʻrinib turadi. Favvoralar barpo etildi. Hozir maydonda yakunlovchi ishlar amalga oshirilmoqda.
2022-yil ham milliy tariximizni tarannum etish borasida zalvorli va shahdam qadamlarga boy boʻladi. Xususan, “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini oʻrganish” mavzusida Urganch va Xiva shaharlarida boʻlib oʻtadigan xalqaro konferensiyaga 20 ta davlatdan olim va tadqiqotchilar taklif qilingan. Oʻtgan yili bir guruh olimlarimiz Jaloliddin Manguberdi tarixini chuqur oʻrganish doirasida Turkiyaning Diyorbakir viloyatida ilmiy safarda boʻldi. Ilmiy guruh Jaloliddin Manguberdining dafn etilgan joyini aniqlash borasida katta natijalarga erishdi. Ular buyuk sarkardaning soʻnggi manzili boʻyicha asosli va yangi manbalarni qoʻlga kiritdi. Endi bu boradagi tadqiqotlarni yanada kuchaytirishni niyat qilganmiz hamda tadqiqot natijalari asosida davlat rahbariga takliflar kiritamiz.
Joriy yilda olimlarimiz ishtirokida Pokistonga ilmiy-maʼrifiy ekspeditsiya tashkil qilish rejalashtirilgan. Bu yerda olimlarimiz sulton Jaloliddin tomonidan barpo qilingan inshootlar, qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy tashabbusi bilan Nandanada tiklangan rasadxona, ajdodimizning Pokistondagi ilmiy merosi haqida maʼlumotlar toʻplaydi. Zero, bu yil Abu Rayhon Beruniyning 1050-yillik yubileyi ham katta tantanalar bilan nishonlanadi, yangi hujjatli filmlar taqdim qilinadi.
Baxshichilik sanʼatimiz YUNESKO tomonidan Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. Bundan bir necha yil oldin esa Xorazm sanʼatining yana bir tumori boʻlgan lazgi ham bu roʻyxatdan joy olgan edi. Joriy yil baxshichilik va lazgi, shu bilan birga, xalfachilikni targʻib va tashviq qilish, qoʻllab-quvvatlash borasida koʻplab koʻrik-tanlovlar, tantanalar oʻtkazish belgilab qoʻyilgan. Xorazm sanʼati — baxshichilik, maqom, suvoralarimiz aslida xalqimizning oʻziga xos milliy immuniteti hisoblanadi.
Biz bugun Prezidentimiz boshchiligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida astoydil ishlayapmiz. Fuqarolarni ish bilan taʼminlash, iqtisodini yaxshilash, kambagʻallikka qarshi kurashishga katta eʼtibor qaratdik. Biroq maʼnaviy qashshoqlikka qarshi kurash borasida ham sustkashlikka yoʻl qoʻyishga haqqimiz yoʻq. Demakki, befarq boʻlishga yoʻl qoʻymasligimiz shart. Chunki maʼnaviyat bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylanib ulgurdi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi.