Prezidentining 11.11.2020-yildagi “2020–2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4889-son qaroriga muvofiq Amudaryo, Boʻzatov, Kegeyli, Qonlikoʻl, Qoʻngʻirot, Moʻynoq, Nukus, Taxiatosh, Toʻrtkoʻl, Xoʻjayli, Shumanay va Ellikqalʼa tumanlarida jami 875,4 ga yer maydonida “Qoraqalpoq-agro” EIZ tashkil etildi.

“Qoraqalpoq-agro” EIZ faoliyatini boshqarish “Nukus” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonasiga yuklatildi.

Quyidagilar “Qoraqalpoq-agro” EIZ faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilandi:

  • zamonaviy issiqxona xoʻjaliklarini, jumladan gidroponika texnologiyalarini qoʻllagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etish, shuningdek zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
  • hududning ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ularni chuqur qayta ishlashni kengaytirish va eksport hajmini oshirish;
  • qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning urugʻdan to mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha boʻlgan toʻliq jarayonini tashkil etishni ragʻbatlantirish;
  • koʻchatzorlar, shuningdek birlamchi urugʻchilikni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish orqali issiqxona xoʻjaliklarini bozor talabi katta, yuqori hosildorlik xususiyatiga ega qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻ va koʻchatlari bilan taʼminlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • logistika xizmatlari koʻrsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish subyektlariga ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar eksportini tashkil etishda koʻmaklashish;
  • issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etishda zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni, muqobil issiqlik energiyasi manbalaridan foydalanishni keng joriy etish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga ITSV, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, SSP va tijorat banklari bilan birgalikda “Qoraqalpoq-agro” EIZ hududida ikki oy muddatda issiqxona xoʻjaliklarini hamda zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar ishlab chiqarish obyektlarini boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalariga joylashtirish boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqish topshirildi.