Prezidentimizning Oliy Majlis va Xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida “Biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!” – degan soʻzlari zamiridagi teran maʼnolarni hozirgi yosh avlod yuragida vatanparvarlik tuygʻusini uygʻotadigan badiiy asarlar orqali yuksak mahorat bilan ochib berish yozuvchilarimiz zimmasidagi masʼuliyatli va dolzarb vazifalardan biridir.

Qoraqalpoq xalqining sardorlari Edegiy, Oydoʻstbiy, Mamanbiy, Ernazarbiy haqidagi asarlarni oʻzbek oʻquvchilari yaxshi bilishadi. Biroq shu paytgacha Orolboʻyida yashayotgan matonatli xalqning yana bir jasur yoʻlboshchisi Ogʻabiy haqida shu paytgacha biron asar bitilmagan edi.

Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kengesboy Karimovning “Ogʻabiy” nomli roman-dilogiyasining birinchi kitobi nashr etildi.

Asarda XIX asr qoraqalpoq xalqi hayotidan lavhalar badiiy tasvirlanadi. Bosh qahramon – Erejeb Qulchi biy oʻgʻli Ogʻabiy tarixiy shaxs boʻlib, oʻz xalqining erkin va ozod hayoti uchun goho qoʻshnilar bilan diplomatik munosabatlar olib borgan, goho jangu jadallarda ot surgan. Uning nomi qoraqalpoq xalqi yuragida bahodir va donishmand yoʻlboshchi sifatida abadiy qolgan.

Mutolaa davomida oʻquvchilar qoraqalpoq xalqining tarixi, milliy urf-odatlari, bepoyon choʻllarning soʻlim va beshafqat tabiati, oʻsimlik va hayvonot dunyosi haqidagi qiziqarli hamda yangi maʼlumotlarni bilib oladi.

Romanni qoraqalpoq tilidan Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon tarjima qilgan. Muharrir Sanjar Tursunov. Kitob 2000 nusxada nashr etilgan.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati