Yangi Zelandiyadagi Taranaki tog'iga yuridik shaxs maqomi berildi

    Yangi Zelandiya parlamenti Taranaki tog'i va uning atrofidagi cho'qqilarga huquqiy maqom beruvchi qonunni bir ovozdan qabul qildi.

    Bu qaror mamlakat tarixidagi uchinchi qaror bo'ldi: 2014-yilda Te-Urevera o'rmoni, 2017-yilda esa Uonganui daryosi xuddi shunday maqomga ega bo'ldi. Yangi huquqiy maqom ushbu obyektlarga ehtiyotkorlik va hurmat bilan munosabatda bo'lishni kafolatlaydi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

    Taranaki-Munga (Taranaki tog'i) – Yangi Zelandiyaning Shimoliy orolidagi ikkinchi eng baland tog'. Bu deyarli mukammal simmetrik konusdir. Madaniy va ma'naviy ahamiyati tufayli tog' Yangi Zelandiyaning eng ko'p tashrif buyuradigan turistik manzilgohlardan biriga aylandi.

    Yangi qonunga ko'ra, tog' yuridik shaxs maqomini oldi. Bu Maori xalqi uchun juda muhim voqea, chunki ular Taranakini o'zlarining qadimgi ajdodlari deb bilishadi. Bundan tashqari, qonun vositasida toqqa maori tilida yangi rasmiy nom berildi – u ilgari egmont deb nomlangan.

    Adliya vaziri Pol Goldsmitning aytishicha, qonunning qabul qilinishi davlat va maori xalqi o'rtasidagi munosabatlarning yangi bosqichini boshlab berdi. U bu kunni maxsus kun deb atadi, chunki u 250 yil avval maori xalqining ota-bobolari yerlari inglizlar tomonidan bosib olingani bilan bog'liq xatolarni tuzatish imkoniyatini beradi.

    Endi tog' atrofidagi hudud maori qabilalarining maxsus tayinlangan vakillari va hukumat tomonidan qo'riqlanadi. Ular toqqa tashrif buyuruvchilar uchun qoidalarni ishlab chiqishadi, deb xabar beradi rbc.ru.