Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2023-yil 31-avgustdagi PF-81-son Farmonining 12-bandi ijrosini taʼminlash doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan “Zomin togʻlari” milliy tabiiy meros obyekti dastlabki nomzodnoma hujjati tayyorlanib, YUNESKO Butunjahon merosi markaziga taqdim etish uchun YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasiga yuborildi.
Mazkur nomzodnoma Ekologiya vazirligi mutaxassislari, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi “H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti” davlat muassasasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya va Botanika institutlari, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy universiteti tadqiqotchi-ekspertlaridan iborat Ishchi guruh tomonidan Zomin davlat qoʻriqxonasi va Zomin milliy tabiat bogʻiga amalga oshirilgan ekspeditsiyalar davomida olingan ilmiy maʼlumotlardan foydalanilgan holda tayyorlandi.
Taʼkidlash joizki, “Zomin togʻlari” Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon YUNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga nomzodnomasi taqdim etilayotgan ilk milliy tabiiy meros obyektidir. Hozirga qadar mazkur nufuzli roʻyxatga transchegaraviy tabiiy obyektlar — Gʻarbiy Tyan-Shan togʻi (2016-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston tomonidan kiritilgan) va Moʻtadil mintaqadagi Turon sahrolari (Ustyurt platosi/2023-yilda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston tomonidan kiritilgan) kiritilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz hududidagi Chotqol biosfera qoʻriqxonasi 1978-yilda va Quyi Amudaryo davlat biosfera qoʻriqxonasi (2021-yilda) YUNESKOning Butunjahon biosfera rezervatlari tarmogʻidan joy olgan.