Maqom xalqimizga berilgan ulkan maʼnaviy merosdir. Musiqaning oliy namunasi sifatida yaratilgan bu ajib meros asrlar davomida avaylab-asrab kelingan. Maqom sanʼati ikki jarayon negizida, avvalo, ijodiy va ilmiy mahsullar uygʻunligi hamda jonli ijrochilik mezoni yotadi.
XXI asrga kelib maqomlar, xususan, Shashmaqom ijrochiligi turli munosabatlar taʼsirida rivojlana boshladi. Bu, albatta, maqomlarning keng koʻlamda rivoj topishiga xizmat qiladi. Shashmaqomni oʻrganish va uni ijro etish masalalarida, eng muhimi, zamonaviy ijodiyotida ham turli qarashlar shakllandi. Bugun ham maqomlarning tadqiqoti va ijodiyotida turli ijodiy munosabatlar yuzaga kelmoqda.
Maqom sanʼati murakkab va “xos”lar sanʼatidir. Lekin hozirgi zamon taraqqiyotida maqom sanʼatini keng joriy qilishda, albatta, yangicha yoʻnalishlar va usullarda ish olib borish davr talabidir. Shu maʼnoda ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maqom sanʼatini takomillashtirishda, eng avvalo, azaliy ijro anʼanalari asnosida yangi ijod navlarini yaratish bilan mumtoz musiqani rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan 20 dan ortiq qaror va farmoni sohada yangicha munosabatni shakllantirdi. Bugun milliy musiqa sanʼati sohasining taʼlim jarayoniga katta eʼtibor qaratilmoqda, ilmiy tadqiqot ishlari va ijrochilik mahoratini yaxlit tizim asosida uygʻun rivojlantirish hamda taʼlim va madaniyat muassasalarining integratsiyalashgan tizimi, yaʼni milliy musiqa sanʼati klasteri yaratishga muyassar boʻlindi.
Albatta, har bir amal uning toʻgʻri oʻylangan rejasi samaradorligi bilan bogʻliqdir. Koʻzlangan natijaga erishish uchun maqom sanʼatining uchta – ilmiy, nazariy hamda amaliy mezonlari boʻyicha ish olib borish koʻzda tutildi:
- maqom sanʼatining azaliy anʼanalarini qayta tiklash va jonlantirish bilan bogʻliq ilmiy, taʼlim hamda amaliyotdagi ustoz-shogird anʼanalarini davr talabiga mos holda yangicha zamonaviy koʻrinishda shakllantirish;
- maqom sanʼati tarbiyasi, yaʼni taʼlim jarayonini muvofiqlashtirish va boshlangʻich taʼlimdan boshlab rivojlanish integratsiyasining yagona tizimini shakllantirish;
- oʻrganish va targʻibot masalasini xalqaro miqyosgacha milliylik negizida olib chiqish.
Bu uch jarayonni amalga oshirish strategiyasida ilmiy tadqiqot, amaliyot va bevosita amalga oshirish mezonlarining oqilona yoʻli taʼlim bilan bogʻliq. Shu bois, ayni jarayonga katta eʼtibor qaratilib, taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirish va muqobil tizim yaratishga kirishildi.
Ilk qadam sifatida azaliy anʼanalarni shakllantirishda rahnamolik qiladigan ikki ixtisoslashgan markaz — Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va Baxshichilik sanʼati markazi davlat muassasasi sifatida taʼsis etildi.
Markazlarning asosiy vazifasi — maqom va baxshichilik sanʼatini ilmiy jihatdan oʻrganish, tarixiy va nazariy asoslarini qayta tadqiq etish, ijrochilik yoʻnalishlarini bilimdon ustozlar rahnamoligida oʻzlashtirish hamda ijrochilik amaliyoti boʻyicha respublika va xalqaro miqyosidagi anjumanlar, festivallar, tanlovlar tashkil etish. Shuningdek, bu sanʼat turlariga tegishli ilmiy tadqiqot boʻyicha risolalar, monografiyalar, ensiklopediyalar, lugʻatlar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, nota toʻplamlarini yaratish va taʼlim jarayoniga tatbiq etish.
Maqom sanʼatini qayta rivojlantirish, bevosita maqom ijrochiligining zamonaviy koʻrinishini shakllantirish borasida qator yoʻnalishlarda tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
- 2018-yildan boshlab respublikaning oʻn uchta viloyatida namunaviy maqom ansambllari tashkil etilib, ularga yosh, bilimdon ijrochilar jalb etildi va tajribali ustozlar taʼlim-tarbiya berishga jalb etildi;
- 2019-yildan boshlab maqom sanʼatining zamonaviy ijodiyotini davr talabi bilan muvofiqlashtirish masalasida “Maqomlar asosida yaratilgan eng yaxshi kompozitorlik asari”, “Eng yaxshi bastakorlik asari” va musiqashunoslar oʻrtasida “Eng yaxshi yaratilgan oʻquv adabiyoti” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovlarini muntazam oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Bu tanlovlar 3-4 yildan beri ijobiy natijalarini koʻrsatmoqda. Ayniqsa, kompozitorlarning yangi zamonaviy asarlari, bastakorlarning yangi maqom asarlari va musiqashunoslarning monografiya, oʻquv adabiyoti va nota toʻplamlari oʻquv tizimini isloh qilishda samarasini bermoqda. Quvonarlisi, bu anʼanaga aylanib, eng quyi tizimlarda ham tanlovlar oʻtkazish tobora odatiylik kasb etyapti. Viloyatlarda tumanlararo har yili oʻtkazilib kelinayotgan yosh maqom ijrochilari tanlovlari misolida bularni yaqqol koʻrishimiz mumkin.
- 2019-yili Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida maqom sanʼatiga yoʻnaltirilgan va ushbu sanʼat turini sahna mahorati orqali targʻib etishga moʻljallangan maqom teatri tashkil etilib, har yili 3-4 ta yangi spektakl yaratilmoqda. Teatrning maqomga asoslangan spektakllarida umuman yangi yoʻnalish, mumtoz musiqa sanʼati orqali maqomlarni tinglash va undan bahra olishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. IV yoshlar teatr sanʼati xalqaro forumida namoyish etilgan “Navoiy” maqom spektakli mutaxassislar olqishiga sazovor boʻlib, jamoaga mutlaq gʻoliblik keltirdi. Bu orqali maqsadli yoʻnalish oʻzini oqlayotganini, spektakllarning musiqiy negizi, asosan, maqom namunalaridan tashkil topganini koʻrish mumkin;
- 2020-yili Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti tashkil etilib, maqom sanʼati integratsiyasini muvofiqlashtirish mezonlarida asosiy yetakchilik vazifasini bajaradigan oliy taʼlim muassasasi sifatida ish boshladi. 2021-yildan magistratura, 2022-yildan esa doktorantura boʻlimlari faoliyat boshladi va hozir maqom sanʼatini ilmiy tadqiq etish borasidagi ilmiy izlanishlar olib borilmoqda;
- 2021-yildan boshlab yangi — milliy bastakorlik kafedrasi tashkil etildi;
- maqom sanʼatiga ixtisoslashgan taʼlim jarayonining yangi bosqichini boshlashga aynan Prezident qarori asos boʻldi. Avvalo, bu jarayon oliy taʼlimda muayyan yoʻnalishga asoslangan maxsus taʼlim muassasalarini tashkil etishdan boshlandi. Bunga Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida deyarli 50 yildan beri mavjud oʻzbek maqomi tarixi va nazariyasi (avvalgi Sharq musiqasi) kafedrasiga asoslanib, maqom sanʼati fakulteti tashkil etildi. Konservatoriya oʻquv jarayoni jadvallari maqomga ixtisoslashtirilgan fanlar bilan boyitildi;
- oliy taʼlimga tayyorlovchi baza sifatida Buxoro, Urganch, Fargʻona hamda Toshkent shaharlarida maqom sanʼatiga ixtisoslashtirilgan yangi mintaqaviy (lokal) maktab-internatlar, baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan respublika maktab-internatlari tashkil etilib, 5, 6, 7-sinflarga iqtidorli oʻquvchilar tanlab olindi. Ularga yangidan maqom sanʼatiga moslashtirilgan oʻquv rejalar, oʻquv-fan dasturlari va ustoz-shogird anʼanalariga asoslangan holda yangicha taʼlim berish boshlandi;
- yangi oʻquv dasturlariga qator fanlar kiritilib, muassasalar zarur mutaxassislar bilan taʼminlandi. Xususan, bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilari uchun yangi “Maqom alifbosi” fanining maxsus adabiyoti yaratildi;
- 2020-yili maqom sanʼatiga ixtisoslashgan Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti oʻtiladigan tarixiy, nazariy va ixtisoslik fanlarini tubdan yangiladi. Barcha talabalar uchun “Oʻzbek maqomi tarixi va nazariyasi” fani kiritildi. Barcha yoʻnalishlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda fan dasturi va oʻquv adabiyotlari tayyorlandi va oʻquv jarayoniga tatbiq etildi;
- anʼanaviy yoʻnalishda taʼlim olayotgan barcha talabalar uchun maxsus “Aruz va musiqa”, “Maqom turkumidagi gʻazallar poetikasi”, “Aruz va ritm”, Maqom solfejiosi” fanlari joriy qilindi. Bu fanlar boʻyicha alohida mutaxassis taklif etilib, taʼlim jarayoni yoʻlga qoʻyildi;
- magistratura bosqichiga esa “Sharq xalqlari maqomlari”, “Maqomot zamonaviy kompozitorlik va bastakorlik ijodiyotida” kabi fanlar kiritildi. Bu milliy bastakorlik sanʼati yoʻnalishida ushbu sohaning zamonaviy avlodini tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Albatta, yangi fanlar va yangi yoʻnalishlar joriy qilinishi bevosita mahoratli mutaxassislarga ehtiyojni oshiradi. Zero, maqom sanʼati mukammal janr va uning negizida ijodiy mezon alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni jarayon mutaxassislarni topish va jalb etish masalalarida qoʻl keladi. Institutdagi taʼlim jarayoning amaliy ijrochilik bilan bogʻliqligi va unga katta eʼtibor qaratilishi ham muammoga yechim boʻla oladi.
Shuningdek, zamonaviy jarayon davr talabi darajasida munosabatni talab etadi. Yangi pedagogik texnologiyalar, ijrochilik maktablari va uslublarining shakllangan anʼanalarini oʻzlashtirish har bir ijrochiga ijodiy yondashishni taqozo qiladi. Albatta, bu jarayon yangicha talqinlar va yangicha sayqallangan asarlar ijrosini kashf etadi.
Masalan, taʼlimga “Aruz va musiqa”, “Maqom turkumidagi gʻazallar poetikasi”, “Aruz va ritm”ning kiritilishi va mutaxassisning mashgʻulotlari talabalarni nafaqat musiqiy, balki badiiy jarayonning musiqa bilan hamohang rivojlanish anʼanalarini oʻzlashtirishga undaydi va yangicha qarashlar bilan musiqiy tafakkurning shakllanishiga sabab boʻladi. Ayniqsa, “Maqom solfejiosi”ning milliy ohanglardagi namunalari va ularni kuylash texnikasi, metro-ritmik formulalarining milliy negizda rang-barang koʻrinishda ijro etilishi har qanday talabani mustaqil ijodga chorlashi muqarrar.
Muammolar hamisha boʻlgan. Agar ular boʻlmasa, rivojlanish ham boʻlmaydi. Masalan, maqomlar ijrosida azaldan nimparda muammosi boʻlgan. Toʻgʻrirogʻi, ijro amaliyotida ustoz sanʼatkorlarning ijro talqinlarida goʻzal ifodalangan. Lekin uning nazariy jihatlarini aniqlab, muayyan nazariyasini yaratish doimo muammo boʻlib kelgan. Buning birinchi sababi tinglovchilarning qulogʻiga Yevropacha uslubdagi lad va tovushqatorlar deyarli 1 asr davomida muhrlanib qolganidadir. Ularni oʻrgatish uchun davlatning taʼlim jarayoni oʻz taʼsirini koʻrsatishi kerak. Bu borada Maqom markazi va institutining yetakchi musiqashunos olimlari va ustoz sozandalari tomonidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Birlamchi yutuqlar ham mavjud. Qayd etish joizki, bu jarayon XVI asrda mavlono Abdurahmon Jomiy tomonidan boshlab berilgan. Toʻgʻri, oʻzbek maqomlarining ijrochilik sanʼatida asosiy omil ijrochi tomonidan amalga oshirilishi va nimpardali ohang tarannumi ham aynan ijrochi qaroriga bogʻliq ekani oʻz isbotini topmoqda. Yaqin kunlarda Maqom markazining ilmiy tadqiqot shoʻbasi va institutimiz olimlari tomonidan bu masalaga oydinlik kiritilib, oʻzbek milliy musiqa nazariyasi taʼlim jarayoniga kiritiladi.
Bu kabi harakatlar, albatta, maqomlar ijrochilik amaliyotiga oʻziga xos oʻzgarishlar olib kelishi muqarrar. Hozirning oʻzida bunday nimpardalar bilan ijro etishga urinishlar bor. Maqomlar va mumtoz musiqa ijrochiligidagi yangicha talqinlar, musiqa namunalarining asl mavzusi, kuyi saqlangan holda turli naqsh va bezaklar, tembrli ohanglar bilan rang-barang ijro etish ommalashmoqda. Masalan, maqom ansambli xalq orasida keng ommalashgan “Munojot” ashulasini ana shunday yangicha ohanglar bilan bezab ijro etdi. Buni zamonaviy ijrochilikda yangi tendensiya deb qabul qilish oʻrinli boʻladi. Zero, ijod bor joyda rivojlanish boʻladi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, institutning asosiy taʼlim mezoni, uning funksiyasi oʻzbek milliy musiqa merosini asl holda qaytadan tiklash, ularni zamon talablari doirasida talqin etishga erishish. Shuningdek, albatta, ularning anʼanalarini saqlagan holda zamon va makonlarga xos unsurlar bilan boyitib, yangi ijro namunalarini shakllantirish, ularni zamonaviy tasvirlarda xalqimizga taqdim etishdan iborat. Umid qilamizki, yangi oliygoh bu borada ishonchni oqlab, bebaho sanʼatimizning koʻplab zabardast vakillarini kamolga yetkazadi.
Aziz ZOKIROV,
Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa sanʼati instituti prorektori