Yoshlarga shunday savollar tez-tez berilishi odatiy hol. Ammo javoblar doim ham oʻxshash boʻlavermaydi. Masalan, oxirgi 6–7 yilda oʻgʻil-qizlarimiz orasida “dasturchi boʻlmoqchiman”, “IT sohasida oʻqiyman”, “veb-dizaynerlikka qiziqaman”, degan javoblar koʻpaygan. Bu bir tomondan, ilgʻor axborot texnologiyalarining hayotimizga jadal kirib kelgani bilan bogʻliq boʻlsa, boshqa jihatdan, mamlakatimizda barcha sohalarda raqamlashtirish jarayonining keskin faollashishiga borib taqaladi.
Oʻz-oʻzidan shunday sohalarga oʻqitish tizimi ham rivojlanib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 2022-yilga kelib IT sohasida faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar soni 2015-yilga nisbatan 61 foizga ortgan. Bunga mos ravishda oliy taʼlim muassasalari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining IT mutaxassisliklari boʻyicha bitiruvchilari soni ham izchil oshib borayapti.
Ayni paytda innovator, dasturchi, ixtirochi yigit-qizlar safi ham kengaymoqda. Ular yaratgan zamonaviy qurilma, loyihalar esa ishlab chiqarishga joriy qilinib, nafaqat yurtimiz, shuningdek, xorij bozorlaridan ham joy olayapti. Mamlakatimiz boʻylab tashkil etilayotgan “biznes inkubator”, akkselerator va zamonaviy kasb kurslari, IT markazlari, ishlab chiqarish texnoparklari shu sohaga qiziqqan, gʻoyasini amaliyotga tatbiq etish istagidagi minglab yoshlarga imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Yaʼni, hozir oʻgʻil-qizlarimiz “mening gʻoyam bor”, “loyihamni amalga oshirmoqchiman” deb eshikma-eshik yurishiga hojat yoʻq. Startap loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashadigan yuqoridagi kabi markazlar bugungi kunda koʻplab yoshlarni birlashtiryapti. Ularni avval oʻqitib, zarur bilimlar berilgach, istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, tayyor mahsulotga aylantirib, bozorga chiqarishida koʻmaklashilayotgani sabab koʻplab innovatsion gʻoyalar real ixtiroga aylanmoqda.
“Andijon yoshlar texnoparki” MCHJ ham ana shunday maskanlardan biri. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2021-yil sentyabridan faoliyat boshlagan texnoparkda ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunlikda olib boriladi. Tashabbuskor yoshlar tomonidan taklif qilingan startap loyihalarni rivojlantirish va ularning prototiplarini yaratish hamda ishlab chiqarishga yoʻnaltirish ilgʻor bilimlar maskanining asosiy yoʻnalishlaridan biri.
Bu yerda yoshlarning intellektual, ilmiy, ijodiy salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, startap loyihalarini rivojlantirish va roʻyobga chiqarish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyatini oshirish kabi vazifalar maqsad qilib olingan. Buning uchun zamonaviy kasblarga qiziqadigan, oʻz gʻoyasiga ega iqtidorli yoshlar bepul kurslarda oʻqitilib, innovatsion faoliyatga jalb etiladi. Yaʼni, gʻoyalar avval ilmiy jihatdan takomillashtirilib, soʻng amaliyotga tatbiq etiladi. Qolaversa, zamonaviy kasblarni egallagan yoshlarning koʻpi oʻzini oʻzi band qilmoqda. Jumladan, bugunga qadar texnoparkning 100 ga yaqin bitiruvchisi frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanib, yaxshigina daromad topyapti.
Frilanserlik yoʻnalishi bugungi kunda mehnat turlarining eng zamonaviy shakllaridan biri hisoblanadi. Yaʼni, uyda turib mijozlarga oʻz mahsuloti yoki xizmatlarini taklif etish evaziga daromad topish soha egalarining asosiy yoʻnalishi. Frilanser deganda, mustaqil xodim, erkin ishchi, asosan bir martalik yoki mavsumiy ishlarni bajarish uchun yollanuvchi, buyurtma asosida qaysidir ish yoki xizmatni muayyan haq evaziga kelishilgan vaqt davomida amalga oshirib beruvchi inson tushuniladi.
Ham kasb, ham daromad
Shuhratbek Aliyev grafik, veb-dizayn va SMM yoʻnalishlarida yaxshigina tajribaga ega yoshlardan. U oʻz qiziqishi asnosida shu yoʻnalishlarni mustaqil oʻrgana boshlagan. Keyinchalik, Andijon yoshlar texnoparkining 6 oylik veb-dasturlash kursini tamomlab, “Adobe photoshop” va “figma” dasturlarida ishlash koʻnikmalariga ega boʻldi. Hozirgi kunda frilanserlik faoliyati bilan shugʻullanib, oyiga 500 dollardan koʻproq daromad topyapti. Bundan tashqari, texnopark rezidenti sifatida oʻzining “Innoshop” startap loyihasi ustida ham ish olib bormoqda.
Abdullo Shermuhammedov esa grafik dizayn yoʻnalishida kurslarni tamomlagan. Uning asosiy faoliyati SMM postlar tayyorlashdan iborat. Ijtimoiy tarmoqlarda bitta grafik post narxi 12 dollargacha boradi. Agar gʻoya boʻlsa, postni bir soat ichida tayyorlash mumkin. Yaʼni, ushbu yoʻnalishda boʻsh vaqtda, qoʻshimcha daromad olish maqsadida ishlash samara beradi. Buning uchun iqtidor, qunt va zarur bilimlar boʻlsa kifoya.
Aslida, bozori chaqqon mahsulot doim qimmat turadi. Zamonaviy kasblarga oʻqish kurslari ham shunday. Oxirgi yillarda ularga talab ortgani sari narx ham koʻtarilib boryapti. Shu bois, sohaga qiziquvchilarning hammasida ham kurslarda oʻqish imkoniyati yoʻq. Ayniqsa, hali daromadga kirmagan yoshlarda bu qator qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Shu jihatdan mamlakatimizda tashkil etilayotgan turli kasblarga bepul oʻqitish kurslari oʻgʻil-qizlar uchun katta imkoniyatlar beryapti.
Andijon yoshlar texnoparkida yoʻlga qoʻyilgan “Zamonaviy kasblarni bepul oʻrganing” loyihasi shulardan biri. Loyiha doirasida iqtidorli yoshlar 5
xil yoʻnalish — dasturlash, grafik dizayn, 3D modellashtirish, mobil dasturlash, SMM (social media marketing) va robototexnika kurslaridan birida oʻqishi mumkin. Ishtirokchilar 2 bosqichda saralab olinadi. Ular avval roʻyxatdan oʻtishlari kerak, soʻng kompyuter savodxonligi va mantiqiy fikrlash boʻyicha test sinovlarini topshiradi. Muvaffaqiyatli oʻtganlar 3 oyga moʻljallangan kurslardan birida mutlaqo bepul oʻqitiladi.
Bugungi kunga qadar loyiha 4 bor tashkil etilib, 307 nafar yigit-qiz bepul oʻquv kurslarini tamomladi hamda mutaxassisliklarini tasdiqlovchi sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Yaʼni, oʻtgan vaqt davomida texnopark tomonidan jami 552,6 million soʻm qiymatdagi oʻquv kurslari bepul oʻqitildi. Ulardan bir nechtasi texnoparkning oʻzida qolib, oʻz startaplarini rivojlantirish bilan shugʻullanayotgan boʻlsa, qolganlari mustaqil ish boshlab, boshqa yoshlarni ham ish bilan taʼminlamoqda.
Loyihaning eng ahamiyatli tomoni, unda asosan maktab bitiruvchilari oʻqitiladi. Zamonaviy kasblarda boshlangʻich bilimlarni egallash istagidagi yoki startap loyihalariga ega yoshlar aynan shu maskanga keladi. Mutaxassislar tavsiyasi asosida yoʻnalishlardan biriga jalb etiladi. Taʼlimning keyingi bosqichini davom ettirish arafasida turgan oʻgʻil-qizlar uchun bu yaxshi imkoniyat. Ular oʻqishga kirgunga qadar zamonaviy kasblardan birini egallash barobarida, qoʻshimcha daromad topish manbaiga ega boʻladi. Texnoparkning asosiy maqsadlaridan biri ham shu, aslida. Shu bois, mazkur loyiha yildan yilga takomillashib boryapti va joriy yilda viloyatdagi 240 nafar maktab bitiruvchisi bepul kurslarga qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Istiqbolli loyihalar moliyalashtiriladi
Texnoparkka keluvchilar uchun tanlov imkoniyatlari keng: bir-biridan qiziqarli loyihalar soni koʻp. Ularda hatto bolalar ham ishtirok etishi mumkin. Gap shundaki, bolalarda ilm-fanga qiziqish uygʻotish va aniq fanlarning amaliy axamiyati targʻibotini interaktiv mashgʻulotlar orqali amalga oshirish maqsadida texnoparkda “Science for kids” platformasi ishlab chiqilgan. Shu platforma doirasida bir qancha yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv jarayoni tashkil etiladi. Masalan, robototexnika yoʻnalishida “I-robot”, elektronika yoʻnalishida “Tesla” dasturlarida oʻqish mumkin.
“Scratch” loyihasi esa dasturlash kurslarini yoshlikdan oʻrganishni targʻib qiladi. U blokli vizual interfeysga asoslangan dasturlash tili boʻlib, sohani oʻrganishni sezilarli darajada osonlashtiradi. Mazkur loyiha 8 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun tavsiya etiladi va ular “Scratch” yordamida oʻyinlar va animatsiyalar yaratishadi. Qolaversa, oʻquvchilar “Arduino” hamda “LEGO” konstruktorlari bilan ishlaydi.
Texnoparkda ishga tushirilgan “InnoX” biznes-inkubator dasturi esa nisbatan katta yoshdagi iqtidorli oʻgʻil-qizlarga moʻljallangan. Bunda talabgorlar oʻz biznes gʻoya yoki startap loyihalari bilan ishtirok etadi. Istiqbolli deb topilgan ishlanmalar moliyalashtirilib, hatto, ishlab chiqarishga joriy etiladi.
Bugunga qadar ushbu dastur texnopark tomonidan 3 bor tashkil etildi. Uning doirasida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida qator targʻibot tadbirlari hamda soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari oʻtkazilib, 7 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi. Ana shu tadbirlar davomida 621 startap loyiha tashabbuskorlari dasturda ishtirok etish uchun ariza topshirgan boʻlsa, shundan 105 nafari belgilangan talablar asosida saralab olinib, mashgʻulotlarga jalb qilingan. Keyingi bosqichlarda ishtirokchilar tomonidan 60 ta startap loyiha shakllantirildi. Ulardan 23 tasi qator xalqaro va milliy tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli oʻrinlar hamda pul mukofotlarini qoʻlga kiritdi. Ayni paytda loyihalarning 2 tasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan, yana 3 tasi moliyaviy ekspertiza jarayonida.
Moliyalashtirilgan loyihalarning biri Mirodil Ismoilovga tegishli. U startap loyihalarni tanlab olish va moliyalashtirish tanlovida “Bilim ol” loyihasi bilan ishtirok etib, 798,129 million soʻm miqdoridagi grant mablagʻini qoʻlga kiritdi. Loyiha maqsadi yoshlar orasida kitobxonlikni targʻib qilish va mutolaa madaniyatini shakllantirishga qaratilgani bilan ajralib turadi.
“Bilim ol” — bu elektron va audio kitoblarning yangi avlodlarini oʻz ichiga jamlagan mobil ilova boʻlib, unda foydalanuvchilar badiiy va ilmiy adabiyotlar, biznes va shaxsiy rivojlanishga doir kitoblarni ham sifatli elektron variantda, ham mukammal audio formatida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi. Platforma milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilib, yurtimizning olis hududlari va chet davlatlardagi oʻzbekzabon kitobxonlarga mutolaa zavqini bera oladi. Ilova orqali kitoblarni onlayn buyurtma qilish, kitoblar uchun tokchalar ochish va tartiblash, oʻqib boʻlingan kitoblar soni, beti, oʻqish tezligi va umumiy oʻqish vaqti haqida statistik maʼlumotlarni olish kabi koʻplab imoniyatlar bor.
Amaliyot — natija tomon yoʻl
Har qanday gʻoya amaliyotga tatbiq etilganidan keyingina foydali loyihaga aylanadi. Ammo aniq gʻoyaga ega yoshlarning hammasi ham uni amalga oshirish qobiliyatiga ega boʻlmaydi. Buning uchun ularga ozroq turtki, koʻmak zarur.
Andijon yoshlar texnoparkida ayni shu jihatlarga katta eʼtibor qaratiladi. Yaʼni, hudud yoshlarining amaliy koʻnikmalarini shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yoʻlqa qoʻyish maqsadida “Business Management School”, “Gʻoyadan startapgacha”, “Innovatorlar kuni” loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.
Masalan, innovatorlar kuni loyihasida haftaning dushanba kunlari soat 15:00 dan 17:00 gacha oʻz gʻoyasiga ega boʻlgan yoshlarga mutaxassislar tomonidan yoʻnalish va maslahatlar berish yoʻlga qoʻyilgan. Loyiha doirasida oʻtgan 3 oy davomida 46 nafar yoshga startap gʻoyalari boʻyicha maslahatlar, bu borada tashkil etilgan grant tanlovlar haqida maʼlumotlar berildi.
Startap loyihalar egalariga oʻz gʻoyasining prototiplarini tayyorlashiga ham amaliy yordam koʻrsatiladi. Buning uchun texnoparkning ishlab chiqarish maydonida tashkil etilgan “FabLab” prototiplash laboratoriyasidan foydalaniladi. Laboratoriya negizida ishlab turgan 3 oylik “Muhandislar kasb maktabi”da oʻquvchilar ustoz-shogird anʼanasi asosida payvandlash, tokar ustasi, injener konstruktorlik kabi bir qator yoʻnalishlarda oʻqitiladi. Darslar yordamida yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda malakali kadrlarni tayyorlash maqsad qilingan. Joriy yilda 50 dan ortiq yoshlarni shu yoʻnalishlarda oʻqitish rejalashtirilgan.
Oʻquvchilar darslarni amaliyot asosida texnoparkning ishlab chiqarish pavilyonida oʻtaydi. Bu yerda ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilgan. Hozirgi kunda 4 ta MCHJ faoliyat yuritib kelmoqda. Korxonalarda 30 dan ortiq kishining bandligi taʼminlangan.
Pavilyonda ish doim qizgʻin. Oʻrnatilgan 5 ta zamonaviy uskuna yordamida xorijdan olib kelinayotgan mayda detallarni mahalliylashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Erondan keltiriladigan 2 xil turdagi detall texnopark ishlab chiqarish pavilyonida tayyorlanmoqda. Bu yerdagi birgina “lazerli kesish” dastgohida 12 xildan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi. Universal frezerlash dastgohi yordamida esa oyoq kiyimlar tag qismi, plastik idishlar va mebel buyumlarning ayrim detallari qoliplari ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda yana 8 turdagi tayyor mahsulotni ishlab chiqarish boʻyicha tajriba sinov ishlari olib borilyapti.
Viloyatda faoliyat olib borayotgan Turkiyaning “Yeni Kazan Insaat” qurilish tashkiloti bilan zamonaviy yoritish ustunlarini oʻrnatishda foydalaniladigan “anker”lar yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolaganmiz. “Uz-SeMyung Ko.” qoʻshma korxonasining “Damas” va boshqa turdagi avtomobilining butlovchi detalini ishlab chiqarish boʻyicha takliflar olingan. Hozirda mahsulotlar namuna sifatida tayyorlanib, laboratoriya tekshiruvi uchun yuborilgan.
Texnoparkda tayyorlanayotgan mahsulotlar turini koʻpaytirish va sifat darajasini oshirish maqsadida olingan daromadlar hisobidan yana 6 xil turdagi uskuna hamda 30 ga yaqin qoʻshimcha jihozlar harid qilindi. Bundan tashqari, Jahon banki grant mablagʻlari hisobidan “FabLab” prototiplash laboratoriyasi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish boʻyicha qiymati 1 milliard soʻmga yaqin 4 ta dastgoh olib kelinishi rejalashtirilgan. Bu imkoniyatlar texnoparkda koʻproq yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish hamda ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Abdulaziz YOQUBOV,
Andijon yoshlar texnoparki direktori