Mamlakatimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirish hamda erkinlashtirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun bu borada yana bir muhim huquqiy asos boʻldi. Qonun bilan milliy qonunchiligimizga ilk bora taraflarning oʻzaro yarashgani munosabati bilan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish tugatilishi tartibi, yaʼni “Yarashuv instituti” joriy etilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi, yuridik fanlar nomzodi Muxtabar HUSANOVA, Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Baxtiyor BERDIALIYEV bilan suhbatimiz qonunchiligimizdagi ana shunday muhim oʻzgarishlar, ularning inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda tutgan oʻrni xususida boʻldi.

— Suhbatimiz avvalida qonunchiligimizda joriy etilayotgan “Yarashuv instituti”ning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtsangiz.

Muxtabar HUSANOVA:

— Milliy huquqiy tizimimizda nizolarni hal qilishning yangi mexanizmlari joriy qilinayotgani, jinoyat qonunchiligida yarashuv instituti samarali qoʻllanilib kelinayotgani jamiyatimizda oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, insonparvarlik tamoyilini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu islohotlarning davomi sifatida yuqorida qayd etilgan yangi qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga “Yarashuv instituti” joriy etilmoqda. Unga koʻra, 12 turdagi maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, sud uni maʼmuriy javobgarlikdan ozod etib ishni tugatishi mumkin boʻladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, er-xotin, qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlar oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik roʻy berishi hayotda uchrab turadi. Huquqni qoʻllash amaliyotida, shu vaqtgacha, fuqarolarning mol-mulkiga ziyon yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan yoxud birinchi marta maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan oʻz vaqtida jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar qoplanganida, sodir etgan qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlganida hamda jabrlanuvchi bilan yarashgan taqdirda ham unga nisbatan “Yarashuv instituti”ni qoʻllagan holda maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish mexanizmi mavjud boʻlmagan. Tabiiyki, bu yaqin insonlar oʻrtasida adovat davom etishiga, ularning orasiga sovuqchilik tushishiga sabab boʻlardi.

Misol uchun, Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi ikki qoʻshni oʻrtasida kelishmovchilik tufayli biri ikkinchisiga yengil tan jarohati yetkazadi. Bu huquqbuzarlik yuzasidan profilaktika inspektori maʼmuriy ish hujjatlarini toʻplab, tan jarohati yetkazgan qoʻshniga qonuniy chora koʻrish uchun tuman sudiga yuboradi. Biroq, biroz vaqt oʻtib, ikkinchi taraf oʻzaro yarashgani, jabr yetkazgan shaxsga nisbatan hech qanday daʼvosi yoʻqligi, qoʻshnilar oʻrtasida doʻstona muhitni asrab qolish uchun sud majlisida ishtirok etmasligini bildirib iltimosnoma yozgan. Shunga qaramay, profilaktika inspektori ularni sud majlisiga olib borishga majbur boʻlgan. Bu holatga esa qoʻshnilar eʼtiroz bildirgan. Bu fuqarolarda ichki ishlar organlariga nisbatan ishonchsizlik hissini uygʻotishga ham sabab boʻlayotgani bor haqiqat edi.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 8 oyida 11 ming 477 maʼmuriy huquqbuzarlik aynan oilada, yaʼni er-xotin, qaynona-kelinlar oʻrtasida sodir boʻlib, ularning barchasi, yarashtiruv instituti mavjud boʻlmagani bois, hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnomalar tuzilib sudlarga yuborilgan. Endilikda qonunchiligimizda “Yarashuv instituti”ning joriy etilishi yuqoridagi kabi holatlarning oldini oladi, ortiqcha ovoragarchilikka chek qoʻyadi. Qolaversa, er-xotin, yaqin qarindoshlar, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasidagi kelishmovchilik oʻzaro adovatga aylanib ketishining oldi olinadi, oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarliklar kamayishiga erishiladi.

– Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq, bir qator maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish hududiy profilaktika inspektorlariga ham yuklatildi. Ushbu yangilikni hayotga tatbiq etishning huquqiy mexanizmlari va kutilayotgan natijalar haqida soʻzlab bersangiz.

Baxtiyor BERDIALIYEV:

– Darhaqiqat, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan 8 turdagi maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish sudlar vakolatidan, 3 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar esa IIV Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarining vakolatidan chiqarilmagan holda hududiy profilaktika inspektorlariga ham berildi. Endilikda profilaktika inspektorlari Oʻzbekiston Respublikasi MJtK 47-moddasining 1-qismi (bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik), 473-moddasi (nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish), 148-moddasi (temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari uchun ajratilgan mintaqalarni muhofaza qilish qoidalarini buzish), 188-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish), 1882-moddasi (voyaga yetmagan shaxsning koʻngil ochish, dam olish joylarida tungi vaqtda boʻlishiga yoʻl qoʻyish) sudlar vakolatidan, qolgan 3 ta modda, yaʼni 114-modda (temir yoʻl transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish), 1286-modda (transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish) va 147-moddaning 1-qismi (yoʻllarga, yoʻl inshootlariga yul harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkzish, ularni saqlash qoidalarini buzish) kabi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha javobgarlik belgilash yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarida ham saqlangan holda, ularga mahalla profilaktika inspektorlari ham qonuniy chora koʻrish vakolatiga ega boʻldi. Bu joylardagi xodimlarimizning masʼuliyatini oshirish bilan bir qatorda, hududlarda tartib-intizomni saqlash, turli koʻngilsizliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Endilikda profilaktika inspektorlari jami 24 ta maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha joyida qonuniy chora koʻrish institutini qoʻllashga haqli boʻldi. Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin: agar huquqbuzar fuqaro profilaktika inspektorining ushbu qaroridan norozi boʻlsa qayerga shikoyat qiladi? Albatta, bu turdagi shikoyat maʼmuriy ishlar boʻyicha sudga yuboriladi va sud ishni koʻrib chiqadi.

Shu bilan birga, huquqbuzar oʻz aybiga iqror boʻlib, sodir etgan qoidabuzarligi uchun belgilangan jarimani sudgacha boʻlgan bosqichda toʻlash istagini bildirsa, ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish maqsadida sharoit yaratilishining huquqiy mexanizmlari qonunchilik bilan mustahkamlanmoqda.

Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani “Oybek” mahallasini olaylik. Mahalladagi fuqaro bolalarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik huquqbuzarligini sodir etdi deylik. Mazkur holat yuzasidan MJtKning 47-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha (270 ming soʻmdan 1 million 350 ming soʻmgacha) jarima jazosi belgilanadi. Mazkur huquqbuzarlik holati boʻyicha kamida 4 nafar jarayon ishtirokchilari Voyaga yetmaganlar boʻyicha komissiyaga hamda sudga qatnashi kerak. Bu komissiya esa mahalladan 200 kilometr uzoqlikda, tuman hokimligi binosida joylashgan. Demak fuqarolar yoʻl kira sarf qilishi, ortiqcha ovoragarchilik boʻlishi hisobga olinsa, ushbu qonunning ahamiyati yanada aniq boʻladi.

Yana bir muammo – mahallalarda yoʻl patrul xizmati xodimlarining shtat birliklari kamligi tufayli transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzish kabi maʼmuriy huquqbuzarliklari deyarli aniqlanmay qolmoqda. Endilikda mazkur qoidabuzarliklar aynan mahallada xizmat olib boruvchi profilaktika inspektorlariga ham berilishi toʻgʻrisidagi norma qonunchilikka kiritildi. Bu yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini kuchaytirish, oʻz navbatida, haydovchilarning ogohlik va hushyorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

– Aytingchi, profilaktika inspektorlarining yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari va boshqa maʼmuriy huquqbuzarliklar yuzasidan jarima undirish vakolatiga ega boʻlishi korrupsiya holatlarini yuzaga keltirmaydimi?

Baxtiyor BERDIALIYEV:

– Qonun loyihasi muhokamasi jarayonida bu savol deputatlar va mutaxassislar oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Shu bois, bu jarayonda manfaatlar toʻqnashuvi va korrupsiya holatlarining oldini olish borasida mustahkam amaliy mexanizmni yaratishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Yaʼni, barcha maʼmuriy bayonnomalar elektron shaklda tuziladi va IIVda tashkil etilgan “Billing” tizimi orqali nazorat qilinadi.

Darhaqiqat, bu tizim qanday amalga oshiriladi, degan savol tugʻilishi tabiiy. Profilaktika inspektori huquqbuzarga qarorni eʼlon qilgach, unga nisbatan eʼtiroz boʻlmasa, fuqaroga mavjud elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlashi uchun maxsus kodli raqam beriladi. Shu raqam orqali istalgan elektron tizimlar, bankomatlar orqali pul oʻtkaziladi. Agar jarima 15 kun ichida toʻlansa, jarimaning 30 foizi huquqbuzar foydasiga chegirilishi boʻyicha telefoniga xabarnoma joʻnatiladi. IIV jarima toʻlangan yoki toʻlanmaganini onlayn kuzatib boradi. Agarda huquqbuzar ish sudga oshirilishini istasa, maʼmuriy ishlar boʻyicha sudga yuborish bilan bu jarayon yakunlanadi.

Bir soʻz bilan aytganda, qonunchilikka kiritilgan bunday yangiliklar, avvalo, inson manfaatini, huquq va erkinliklarini kafolatlash maqsadida hayotga tatbiq etilmoqda. Bu chora-tadbirlar jamiyatimizda huquqiy islohotlarni yanada liberallashtirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning qonun oldidagi burch va masʼuliyatini oshirish, shu bilan birga, haq-huquqlarini muhofazalashda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA suhbatlashdi