баннер
1 Apr 2025
05:56

    Yaroqsiz shinalar sanʼat asarlariga aylanib, oyiga 10-15 million daromad keltirmoqda

    Oʻziga toʻq qoʻshnimiz yelim idishlarni chiqindixonaga olib chiqayotganimizni koʻrib, “Shularni tashlab yubormay, har gal bizga beringlar”, dedi.

    Aslida, obodonlashtirish xodimlari ham yelim idishlarni avvalgiday chiqindiga otib yubormay, alohida ajratib oladigan boʻlgan. Biroq qoʻshniga kerak ekanmi, begona qilmaganimiz yaxshida. Qolaversa, qoʻshnimiz yelim idishlar, qattiq, qalin qogʻozlardan bejirim buyumlar yasar ekan.

    Shu paytgacha oddiy baklajkadan ajoyib gullar, gultuvak, qalamdon kabi buyumlar yasayotganlarni eshitganmiz, koʻrganmiz. Lekin osongina bujmayib ketadigan bunday idishlardan mahobatli tarixiy obidalarimiz maketi yasalayotganiga nima deysiz? Kim uchun bu ham yangilik emasdir balki. Biroq biz Samarqandning Narpayidagi 1-maktabgacha taʼlim tashkilotida koʻrganimiz ajoyib qoʻl mehnati namunalari muallifi kim ekani bilan qiziqdik. Bogʻcha mudirasi Manzara opa Niyozova bu maketlarni nafaqadagi tarbiyachilardan biri tayyorlab berayotganini aytdi. Koʻz bilan koʻrsangiz, “qoyil-ey”, deyishingiz aniq. Nima boʻlganda ham bir martalik baklajkalarni chiqindiga tashlab, tabiatga zarar keltirgandan koʻra mana shunday buyumlarga aylantirib, foydalangan yaxshida! Qalovini topsang, qor ham yonadi, deganlaridek, buning uchun mahorat kerak.

    Ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovni xotirlab, qaysidir viloyat rahbarlaridan biri bilan boʻlgan voqeani aytib bergandi. Viloyat rahbari shoirimizga “Qoʻyib bersangiz, bu qoʻligul xalqimiz nimalarni oʻylab topmaydiya!” deydi hayrat bilan. Hozirjavob shoirimiz lutf qiladi: “Bir qoʻyib bermaysizmi?”.

    Shuning singari narpaylik mudira opa ham Ilina kabi tarbiyachilarga bor mahoratini ishga solish uchun imkon yaratib bergan. Ajabmaski, bunday erkin ijodkorlik muhitida yana koʻplab ajabtovur buyumlar yaralsa. Yaralganida ham ularni shunday targʻib qilishimiz kerak boʻladiki, hech kim yelim idishlarni duch kelgan yerga uloqtirib yoki chiqindiga tashlab yubormasin. Shu haqda oʻylab turib, qaniydi, barcha mahallalarda kreativ fikrlab, ham ekologiyaga, ham roʻzgʻorga manfaat keltiradigan mahsulotlar yaratuvchi tadbirkorlar boʻlsayu, targʻibotga oʻrin ham qolmasa, deysiz.

    Masalan, Zangiota tumanining Turkiston mahallasida istiqomat qilayotgan Nazar Intimoqovga oʻxshagan izlanuvchan insonlar koʻpaysa, atrof-muhitga ham yaxshigina manfaat keltiradi. Zero, qahramonimiz otasi va aka-ukalari bilan birga mashinalardan chiqqan yaroqsiz shinalardan koʻz quvnaydigan buyumlar yasayotganiga 10 yildan oshdi.

    Maktabda musiqa fanidan dars bergan yosh tadbirkor avvaliga bolalar bogʻchalariga gipsdan turli koʻrinishdagi hayvonlar, laylaklar tayyorlagan. Lekin bunday mahsulotlarni olis hududlarga yuborish qiyin boʻlgani uchun kreativroq xomashyo — chiqindi shinadan yasashga qaror qiladi. Bu ­borada unga internet beminnat ustoz boʻldi. Ayniqsa, Braziliya, Rossiyaning tajribasi kuchli ekanini aytadi u. Biroq xorijliklar yaratayotgan mahsulotlar aynan koʻchirib olinmaydi. Oʻzimizning qadriyatlarimiz, milliyligimizga moslanadi. Doʻppi kiygan oʻzbek qizlaridan tortib, multfilm qahramonlarigacha bolalarga manzur boʻladigan 50 xildan ziyod namuna yaratilyapti. Eskirgan baklajkalar shinadan yasalgan gultuvaklarda “oʻsib”, qiygʻos ochilgan gulga aylanadi. Umuman olganda, mahsulotlar dizayniga asosan milliy maʼnaviyatimiz, qarashlarimizdan kelib chiqib yondashiladi.

    Shuningdek, maktablarda yoʻl harakati darsi uchun kerak boʻladigan buyumlar, tanklar ham tayyorlanadi. Bitta tank uchun 15 tadan koʻproq shina kerak. Zero, tanklarning ichki qismlari ham toʻliq shinadan yasaladi. Bu esa foydalanuvchilar uchun qulaylik, yumshoqlikni taʼminlaydi.

    — Har qanday yangi faoliyat, biznes birdaniga gurkirab ketmaydi. Bizning ishlarimiz ham avvaliga uncha oʻxshamadi. Vaqt oʻtgani sari jarayonning oʻzi sizni toblab, ishning ustasiga aylantirib borarkan. Hozir ishimizni yaxshi bilamiz. Otam rassom boʻlgani uchun boʻyoq ishlarida maslahat beradi, bezash ishlarini asosan oʻzi qiladi. Biz maydaroq elementlarni chizish va boʻyashda yordam beramiz. Bir soatda, 2-3 kunda tayyor boʻladigan buyumlar bor. Ularning turini yanada kengaytirish uchun yangi-yangi gʻoyalar ustida izlanamiz. Eng arzon mahsulotimiz narxi 100 ming soʻmdan yuqori. Eng qimmati 600 ming soʻmgacha. 120 ming soʻmlik mahsulotdan 30 ming soʻmlik foyda qoladi. Asosan, bogʻchalar, maktablardan buyurtmalar boʻladi. Koʻp qavatli uylarning bolalar ­maydonchalari uchun ham soʻrab turishadi. Ularga mahsulotlarimizni soya tushadigan joyga oʻrnatishni tavsiya qilamiz. Chunki ular toʻgʻridan toʻgʻri quyosh nuri ostida qolsa, sifati oʻzgarishi mumkin. Gullar, daraxtlar orasiga oʻrnatilsa, 5 yilgacha turadi. Shuning uchunmi, yetkazib berish qiyinroq boʻlsada, respublika boʻylab buyurtmalar boʻlib turadi, — dedi tadbirkor.

    Chiqindi oʻrnidagi narsa boʻlsa, xomashyo deyarli tekin ekanda, deyishingiz mumkin. Toʻgʻri, baʼzan tekinga beruvchilar ham topiladi. Biroq katta hajmda mahsulot tayyorlash uchun bir-ikkita shina urvoq ham boʻlmaydi. Nazar Intimoqov hovlisida taxlanib yotgan xomashyoni shina yamaydigan doʻkonlardan sotib oladi. Eʼtiborlisi, deyarli hech qaysi mahsulot chiqindiga chiqmaydi. Hatto boʻyoqlardan boʻshagan idishlar ham oʻyinchoq mashina, mototsikllarning yoritish chiroqlarini tayyorlashga ishlatiladi. Chiqindi oʻrnida hisoblansada, rezina shinalar chiqindixonalarga tashlanmaydi. Zero, bundan ekologiyaga katta zarar yetadi.

    Shu oʻrinda aytish joizki, internet maʼlumotlariga koʻra, Yevropaning aksariyat mamlakatlari muddati tugagan shinalarni chiqindiga tashlashni taqiqlagan. Yevropa Ittifoqi ularni qayta ishlashga yoʻnaltirishi ortidan har yili 500 ming tonnaga yaqin foydalanilgan shinalar yangi mahsulotga aylanadi. Biroq koʻplab davlatlarda eskirgan rezina shinalar muammosi bartaraf etilmagan.

    Mavzuga daxldor boʻlgani uchun amerikalik Ed Filbin haqida ham ikki ogʻiz aytaylik. Maʼlumotlarga qaraganda, u katta mablagʻ olib keladi degan umidda 30 yilda deyarli 42 millionta shina yiqqan. Biroq ularni saqlashdan oʻzi oʻylaganchalik foyda boʻlmasligini bilgach, barchasini koʻtarasiga sotishga qaror qiladi. Shinalarni sotib olgan xususiy kompaniyalar ulardan elektr energiyasi ishlab chiqarishda yoqilgʻi oʻrnida foydalanadi. Mahalliy hukumat esa yoqilayotgan rezinalar havoni dudga toʻldirayotganidan noroziligini bildiradi. Ammo yashin tushishi oqibatida millionlab shinalar bir oy davomida yonadi. Tabiatga zarar yetadi. Tabiiyki, shundan keyin Ed Filbinning shina yigʻish faoliyatiga ruxsat berilmaydi. Chunonchi, rezina, plastmassa buyumlardan chiqadigan zararli tutun, yoqimsiz hid odamlar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etadi.

    Ayni kunlarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda hamkor tashkilotlar issiqxonalarda ekologik nazorat tadbirlari oʻtkazayotgani bejiz emas. Tekshirishlar natijasida ayrim tadbirkorlar atmosfera havosini ifloslantiruvchi vositalar, xususan, shinalardan foydalanayotgani aniqlanyapti. Ularga tegishli tartibda jarima qoʻllanilayotgani ham boshqalarning xulosa chiqarishi maʼnosida maqsadga muvofiq. Nazar Intimoqov singari tadbirkorlarni esa qoʻllab-quvvatlash kerak. Uning faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlarga joylangan birgina lavha ostiga yurtdoshlarimiz yozib qoldirgan fikrlarga eʼtibor beringa:

    “Chiqindini pulga chaqib, pulni pulga urib, roʻzgʻorini obod, odamlarni shod qilayotgan ishbilarmonlar koʻpaysin”, “Omad shu yigitimizga, otasiga rahmat, davlatga boqimanda boʻlib qolgan, yetti muchasi sogʻ insonlarga ibratli video boʻlibdi”, “Ishlayman degan yigit-qizlarimizga mamlakatimizda keng imkoniyatlar yaratilganiga yana bir misol bu, omadingizni bersin, ukajon”, “Ofarin. Oʻz koʻzim bilan koʻrmaganimda ishonmasdim. Juda ajoyib”.

    Bu kabi izohlarni uzoq davom ettirish mumkin. Nima deysiz? Asosiy xomashyosi burama mix, boʻyoq, eski baklajka va shinalar boʻlgan yaratuvchanlikka xayrixohlik, maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash kerakmi?

    Qolaversa, kimlardir undan ruhlanib, shunday ishga qoʻl urmoqchi boʻlayotgandir. Tadbirkorga ozgina yer ajratib berilsa, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib yoki MCHJ tashkil qilib, chogʻroqqina ustaxona qurib oladi, ish oʻrni ham yaratadi.

    Davlatimiz rahbari yoshlar bilan navbatdagi muloqotida tadbirkorlik qilaman, odamlarni ish bilan taʼminlayman degan yoshlarga barcha sharoitlar yaratib berilishini aytdi. Ayniqsa, “Aloqabank”ning yoshlar bankiga aylanishi ayni muddao boʻldi. Zero, bank endi Nazar Intimoqov kabi oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million soʻmgacha imtiyozli mikroqarz ajratadi. Endilikda yakka tartibdagi tadbirkor boʻlib, 20 nafar yoshni ishga olgan yigit-qizlarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit berilishi millionlab tengdoshlari qatori uni ham ruhlantirib yuborgani aniq. Chunki xonadonida oʻz faoliyatini yanada kengaytirish uchun imkon yoʻq, sharoit yetarli emas. Baʼzan shinalarni taxlash uchun ham joy torlik qiladi. Bu haqda u mahallaning yoshlar yetakchisiga aytgan. Mahsulotlarini viloyat hokimi ham eʼtirof etgan tadbirkor agar sharoit boʻlsa, bajonidil shogirdlar tay­yorlaydi. Avval poytaxtdagina mavjud boʻlgan mijozlar hozir Qoraqalpogʻistonning chekka hududlarida ham paydo boʻlgani, hatto ayollar bu ishni oʻrganish istagini bildirayotgani uni harakatga keltirib qoʻygan.

    Oʻylaymizki, mutasaddilar yosh tadbirkorning istaklari amalga oshishiga yordam beradi. Shuningdek, yoshlarga boʻlayotgan cheksiz eʼtibor natijasida ular tadbirkorni ranjitgan bir masalani ham ijobiy hal qilib berishsa, ayni muddao boʻlardi. Zero, 2023-yilda qoʻl mehnatlari koʻrgazmasida qatnashib, 2-oʻrinni egallagan Nazar Intimoqov 2 million soʻm pul mukofoti uchun sertifikat olgan. Ammo mukofotdan haligacha darak yoʻq. Arzimagan eʼtibor bilan bir tadbirkorni ruhlantirib, yana yangi-yangi gʻoyalarga undash mumkin. Ayniqsa, atrof-muhitni asrash masalasi birlamchi boʻlib turgan bir paytda bu borada oʻz salohiyatini ishga solib, barchaga ibrat boʻlayotganlarga har qachongidan koʻproq yordam berishimiz kerak!

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech