Atrof muhitga ziyon yetkazmaslik, tabiatni asrash — asrimizning eng dolzarb masalasi. Aholi sonining ortishi va buning barobarida energiya manbalari, suv resurslari hamda oziq-ovqatga boʻlgan talabning ham oʻsishi masalaning muhimlik jihatini yanada oshirmoqda. Inson aqli tabiat sirlarini ochish uchun oltin kalit boʻladi. Yon-atrofimizni ozoda saqlasak, bogʻ yaratsak, tabiat ham shunga yarasha javob qaytaradi.
Uzoq yillardan buyon asalarichilik bilan shugʻullanaman. Oʻttiz ikki yil qishloq xoʻjaligi sohasida ishlab, nafaqaga chiqqanman. Sohani qiynayotgan masalalarga oʻz takliflarimni bildirishni joiz deb bildim.
Fermer va dehqonlarimiz ekin maydoni atrofiga, ariq boʻylariga bir qator qilib, mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini eksa, ular 3-4 yil ichida boʻy koʻrsatib, ekinlarga tushadigan zararkunandalarga qarshi qalqon vazifasini bajaradi. Oltinkoʻz degan hasharotxoʻr bor.
Mana shu mitti jonzot tut, jiyda, yalpiz, boʻtakoʻz, arpa kabi oʻsimliklardan oziqlanib, zararkunandalar bilan kurashadi. Demak, ekin maydonlari atrofiga daraxtlar ekish zararkunandalarga qarshi ishlatiladigan dori vositalari sarfini ham kamaytiradi. Daraxtlar “yashil belbogʻ” kabi ham tabiatga foyda keltiradi, ham ekinlarni ishonchli himoya qiladi.
Fandan maʼlumki, bahor oylarida tabiiy ofatlar koʻp kuzatilsa, daraxt gullariga salbiy taʼsir etib, asalarilarning yagona yemishi gulchang va nektarga ham ziyon yetadi. Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, “yashil” qalqonlarni koʻpaytirish muhim. Agar daraxt gullari kimyoviy vositalar sepilmagan holatda asalarilar yordamida changlansa, ham hosildorlik ortadi, ham moʻl asal olinadi
Shu oʻrinda ekinlarni almashlab ekish haqida ham oʻz mulohazalarimni aytib oʻtsam. Birinchi yili paxta ekilgan maydonga ikkinchi yili kungaboqar, keyingi yilda esa dukkakli ekinlar ekilsa, unumdorlik ortadi. Tuproqda oʻsimliklar uchun mikro va makro elementlar paydo boʻlib, kasalliklarga chidamlilik darajasi oshadi.
Abdurauf HAKIMOV,
Oltiariq tumani