“Yashil” elektr energiyasini ishlab chiqarishga taʼsir etuvchi omillar aniqlandi

    Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarishning umumiy yillik quvvati 12,9 GVtni tashkil etadi. Buning 2,05 ming MVt qismi yoki 15,8 foizi gidroelektr stansiyalarining ulushiga toʻgʻri keladi.

    Gidroelektr stansiyalari yordamida elektr energiyasini ishlab chiqarishda bir qator omillar, jumladan, oʻrtacha yillik suv oqimi, derivatsion kanal suv sarfi, eng yuqori va eng past harorat, yogʻingarchilik muhim rol oʻynaydi. Ammo, iqlim oʻzgarishi va tabiiy resurslarni (qor va yomgʻir) bashorat qilishda noaniqliklar mavjud boʻlganligi sababli gidroenergetika tarmogʻida elektr energiyasini barqaror ishlab chiqarish hajmini rejalashtirish mushkul.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari iqlim oʻzgarishi sharoitida Oʻzbekistonda daryo suv resurslaridan foydalangan holda “yashil” elektr energiyasini ishlab chiqarishga taʼsir etuvchi omillarni oʻrgandi. Ushbu tadqiqot doirasida gidroelektr stansiyalarida elektr energiyasini barqaror ishlab chiqarishni ishonchli rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega omillarni aniqlash maqsadida Oʻrta Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadi misolida korrelyatsiya va regressiya tahlili amalga oshirildi.

    Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, boshqa omillarga qaraganda yillik oʻrtacha suv oqimi elektr energiyasini ishlab chiqarishni prognoz qilishda eng muhim koʻrsatkich. Yaʼni, elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmini aniqroq rejalashtirish bevosita suv oqimi omiliga bogʻliq. Agar Chirchiq daryosidagi suv oqimi shartli ravishda yillik 10 milliard metr kub koʻrsatkichga yaqinlashsa, Oʻrta Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadi tomonidan elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi 4,4 milliard kVt∙soatni tashkil etadi. Yaʼni iqtisodiy tarmoqlar uchun zarur elektr energiyasi resursini rejalashtirish bevosita suv oqimi hajmini prognozlash imkoniyatlariga bogʻliq. Bu borada ilgʻor jahon tajribasini oʻrganish mazkur prognozlarni yanada aniqroq qilish va resurs taʼminoti bilan bogʻliq optimal qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

    Taʼkidlash joizki, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga asosan, 2026-yilga borib yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining quvvatini 10 920 MVtga, jumladan, gidroelektr stansiyalarining quvvatini 2 920 MVtga yetkazish koʻzda tutilgan. Pirovardida mamlakatimizda “yashil” elektr energiyasini ishlab chiqarishni 25 foizga yetkazish belgilangan. Ushbu maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun mamlakatimizda mavjud gidroelektr stansiyalari modernizatsiya qilinyapti, shuningdek, hududlar kesimida har birining quvvati 5 MVtgacha boʻlgan ixcham gidroelektr stansiyalarini qurish boʻyicha 200 ta biznes-loyihani moliyalashtirish uchun xususiy investorlarni jalb qilish rejasi tasdiqlandi.

    Institut tadqiqotchilarining modeli Oʻrta Chirchiq gidroelektr stansiyalari kaskadida elektr energiyasini ishlab chiqarishni prognoz qilishda daryodagi suv oqimi boshqa omillarga qaraganda eng muhim taʼsir etuvchi omil ekanligini koʻrsatdi. Bundan kelib chiqadiki, mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarishni jadallashtirish va “yashil” standartlarga oʻtish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun resurslarni safarbar etishda suv oqimi prognozini aniqlashtiruvchi yuqori texnologik yechimlarni oʻzlashtirish va zamonaviy usullarni qoʻllash eng muhim vazifalardan boʻlib qoladi.