“Yashil” GESlarning katta imkoniyatlari

    200 ta loyihani ishga tushirish yiliga 202 million kilovatt soat elektr quvati hosil qilish imkonini beradi.

    Yurtimizda umumiy uzunligi 127 ming kilometr boʻlgan 430 dan ortiq kattayu kichik daryolar mavjud, Ular aholi va ekin maydonlarini obi hayot, ishlab chiqarish quvvatlarini suv bilan taʼminlashi barobarida elektr energiyasini hosil qilishda ham beminnat manba hisoblandi. Ayni paytda tabiatning mazkur inʼomining ixcham elektr energiyasi hosil qilishdagi ahamiyati ham katta. Qolaversa, olis masofadagi va yetib borishi qiyin, uzatish liniyalarini yetkazish imkoniyati cheklangan hududlarda ixcham stansiyalar qurish orqali aholining elektr quvvatiga ehtiyojini taʼminlash mumkin. Kichik daryolar, kanallar, suv omborlaridan tushadigan suv oʻzanlari buning uchun qulay sharoit yaratadi.

    Soʻnggi 5 yilda amalga oshirilgan loyihalar hisobiga elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvati 2017-yildagi 1 731 MVtdan 2021-yilda 2053 MVtga yetdi. Umumiy hajmi 244 MVt ga teng boʻlgan yangi quvvatlar ishga tushirildi. Xususan 13 ta yangi zamonaviy gidroelektr stansiya qurilgan boʻlsa, 9 ta mavjud gidroelektr stansiyalar toʻliq zamon talablari asosida modernizatsiya qilindi. Lekin shunga qaramay, yurtimizning gidroenergetika sohadagi salohiyatining qariyb 50 foizi ham hali oʻzlashtirilmagan.

    — Shu jihat hisobga olinib, jamiyatimiz tomonidan 2022-2026-yillarda umumiy hisobda jami qoʻshimcha 740 megavatt quvvatli 20 ta yirik loyihani amalga oshirishni maqsad qilgan,—deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdugʻani Sanginov.—Jumladan, 2022-yilda 258 megavattli 8 ta, shundan 4 ta yangi qurilish va 4 ta modernizatsiya loyihalari, 2023-2024-yillarda 76 megavattli 8 ta hamda 2025-2026-yillarda 506 megavattli 4 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Qayd etish joiz, keyingi paytda mamlakatimizda energetika sohasini diversifikatsiya qilishga, xususan, quyosh, shamol, suvdan elektr energiyasi olishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Binobarin, Yangi Oʻzbekistonda oʻsib borayotgan aholi soni, iqtisodi har yili mazkur energiyaga boʻlgan ehtiyojni tobora oshirib boradi. Ekspertlarning hisob-kitobiga koʻra, 2030-yilga kelib, tarmoq ishlab chiqarish quvvatini 25 000 MVt ga yoki yillik elektr energiya hajmini 120 milliard soatga yetkazish talab etiladi.

    Aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, ushbu manbalar orqali elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash hamda maʼmuriy-maishiy bino hamda inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida joriy yil 9-sentyabr kuni Prezidentimizning “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.

    Mazkur hujjatda aholi va tadbirkorlik subyektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilishini moliyaviy ragʻbatlantirish, maʼmuriy-maishiy bino va inshootlarda, aholi massivlari va xonadonlarida muqobil energiya manbalarini qoʻllash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga doir biznes loyihalarining jozibadorligini taʼminlash orqali sohaga xususiy investorlarni kengroq jalb qilish, quyosh, shamol hamda kichik gidroelektr stansiyalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Maʼlumki, gidroturbinalar tez oqim tufayli quvvat hosil qiladi. Suv qancha tezroq oqsa, u ham shuncha koʻproq elektr quvvatini ishlab chiqaradi, qurilish jarayonida va foydalanish davrida tabiiy landshaft va atrof-muhitni buzmaydi. Suv sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, u asl tabiiy xususiyatini yoʻqotmaydi. Ixcham GESlar har jihatdan foydali va nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqarishda qoʻl keladi.

    Joriy yil 10-iyun kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda hududlarda mikro va kichik GESlar qurish uchun maydonlar belgilanib, jami 56 megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgani qoʻllab-quvvatlangan edi. Bu loyihalarni ishga tushirish yiliga 202 million kilovatt soat elektr quvati hosil qilish imkonini beradi.

    Davlatimiz rahbari yil yakuniga qadar Andijon viloyatida 15 ta, Namanganda 10 ta, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 6 tadan, Samarqand, Sirdaryoda 2 tadan, Buxoro, Jizzax, Fargʻonada 1 tadan loyihani boshlashga koʻrsatma bergan edi. Ayni kunda mazkur topshiriq yuzasidan ishlar olib borilyapti.

    Prezidentimiz farmoniga asosan, endilikda xususiy sektor vakillari (tadbirkorlar) tomonidan quvvati 5 MVtgacha boʻlgan mikro va kichik GESlarni (suv yigʻish inshootlarini qurmasdan) qurib, elektr energiyasini ishlab chiqarishlari mumkin. Mikro va kichik GES qurish uchun yer maydonlari Energetika vazirligi tomonidan kamida 20 yil muddatga tadbirkorga tekinga ijaraga beriladi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish tarifi “E-AUKSION” elektron savdo maydonchasida oʻtkaziladigan auksion natijalari asosida aniqlanadi.

    Boshlangʻich narx II-guruh isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan hisoblanadi. Tarifga qarab elektr energiya narxi ham oʻzgaradi. Yaʼni:

    — quvvati 500 kVtgacha boʻlgan gidroelektr stansiyalariga 150 foiz miqdorida;

    • quvvati 500 kVtdan 2 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarga 120 foiz miqdorida;
    • quvvati 2 MVtdan 5 MVtgacha boʻlgan gidroelektrstansiyalarga 100 foiz miqdorida belgilanadi.

    Shu bilan birga, 1 megavattgacha quyosh va shamol, 5 megavattgacha mikro GESlarning ortiqcha elektr energiyasi kamida 15 yil davomida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat tomonidan kafolatli xarid qilinadi.

    Farmonda asosiy faoliyati quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda kichik gidroelektr stansiyalari qurilmalarini ishlab chiqarish boʻlgan, shu jumladan, 2025-yil 1-sentyabrga qadar yangi tashkil etiladigan shunday yuridik shaxslar ham tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab, uch yil muddat davomida foyda soligʻi hamda mol-mulk soligʻini belgilangan stavkalarning 50 foizi miqdorida toʻlashlari kafolatlangan.

    “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boʻlim boshligʻi Avazbek Zokirovning qayd etishicha, ayni kunda xususiy sektor vakillariga, yaʼni tadbirkorlar tomonidan joylarda mikro va kichik GESlarni qurish, ekologik jihatdan toza elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun keng imkoniyat hamda zaruriy sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, mazkur farmonning 3-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “Xususiy investorlarga quvvati 500 kVtgacha boʻlgan mikro gidroelektrstansiyalarini qurish uchun taklif etilayotgan loyihalar (maydonlar) roʻyxati” “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Gidroproyekt” AJ, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda aholi va tadbirkorlar tomonidan maʼlum qilingan loyiha maydonlariga chiqib oʻrganish ishlari olib borilgan holda shakillantirildi. Lekin bu shu bilan yangi mikro gidrostansiyalar qurish toʻxtatildi, degani emas. Talab va taklifga qarab loyiha maydonlari ortib boradi.

    Tadbirkorlik subyektlariga loyihaning biznes-rejasini ishlab chiqishda, optimal texnik yechimlarni tanlashda va loyihaning taxminiy qiymatini hisoblashda amaliy yordam koʻrsatiladi va tavsiyalar beriladi. Ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan kelishgandan soʻng oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.

    Yana bir muhim jihati, mikro va kichik GESlarni qurishda Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Turkiya, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi qator davlatlar bilan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ular uchun zarur agregatlarni yurtimizning oʻzida ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik aloqalarining yoʻlga qoʻyilayotgani ham qoʻl keladi.

    —Shu paytga qadar mikro va kichik GES loyihalari uchun gidroagregatlar chet el mamlakatlaridan import qilinar edi,—deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov.—Tez orada Xitoy Xalq Respublikasining gidroenergetika sohasida yuqori tajribaga ega boʻlgan “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi hamda Hindistonning “MACLEC technical project laboratory pvt. LTD” kompaniyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan quvvati 2 MVtdan 15 MVt gacha boʻlgan gidroagregatlarni ishlab chiqarish korxonasi oʻz faoliyatini boshlaydi.Mazkur loyihalar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2 MVtgacha, ikkinchi bosqichda esa, 15 MVtga boʻlgan gidroagregatlar va turbinalar ishlab chiqariladi. Ular oʻzbek milliy brendi “Made in Uzbekistan” nomi rstida tayyorlanib, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston va boshqa davlatlarga ham eksport qilish koʻzda tutilgan.

    Shu yilning iyun oyi boshida mamlakatimizga Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning tashrifi doirasidagi Zarafshon daryosida Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda ikki davlat rahbarlari tomonidan ramziy tugma bosilib, yangi GES qurilishga start berilgan edi. Zamonaviy stansiya mamlakatlarimiz energetik xavfsizligi, suv va qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

    Zarafshon daryosi havzasida 2 ta GESni qurish va undan foydalanishni texnik-iqtisodiy baholash boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishilgan. Unga asosan Tojikistonning Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalarning qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 832 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 140 megavattga va prognoz qiymati 282 million AQSH dollariga teng Yovon gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi. Mazkur loyiha sarflangan mablagʻlarni 15 yilda qoplash hamda 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega.

    Ikkinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 560 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 megavattga va prognoz qiymati 270 million AQSH dollariga teng Fandaryo gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati oʻrganib chiqilmoqda. Mazkur loyiha sarflangan mablagʻlarni 20 yilda qoplashi hamda 40-50 yil davomida uzluksiz faoliyat yuritishi kafolatlanyapti.

    Mazkur loyihalarning yillik umumiy ishlab chiqarishi hajmi 1400 mln kVt soatni tashkil etadi. Bu esa oʻz navbatida, 600 mingdan ortiq oilaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi. Yangi GESlar qurilishi doirasida 3 mingga yaqin mavsumiy, ishga tushirilishi natijasida esa 200 dan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratiladi. Loyihalarni toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

    Prezidentimiz shu yil 15-sentyabr kuni Samarqandda boʻlib oʻtgan SHHT sammiti doirasida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokara oʻtkazdi. Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va butun mintaqa manfaatlariga javob beruvchi loyiha - Yovon GESni barpo etish boʻyicha ishlar boshlangani muhim ahamiyatga egaligini alohida eʼtirof etishdi.

    Yuqorida qayd etilgan istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishi yurtimizdagi yuz minglab xonadonlarni nurafshon etadi, keng aholi qatlamlarining maishiy ehtiyojlarini qondiradi, koʻplab biznes va tadbirkorlik subyektlari uchun yangi ish oʻrinlarini yaratilishiga xizmat qiladi. Alqissa, gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisi turmush farovonligining oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, yurtimiz iqtisodiyotining yanada taraqqiy etishiga muhim zamin yaratadi.