Shundan kelib chiqib, kelgusida mamlakatimizda kimyo sanoati boʻyicha olib boriladigan ishlar xususida «Oʻzkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi Joʻrabek MIRZAMAHMUDOV yuz.uz sayti muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

— Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda kichik, lekin samarasi yuqori loyihalar ham muhokama etildi. Masalan, Toshkent shahrida koʻpikli polipropilen ishlab chiqarish loyihasining qiymati 5 million dollar boʻlib, 40 ta ish oʻrni yaratiladi. Ushbu korxonani 2021-yil avgustda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ishga tushirish rejalashtirilgan.Buning natijasida import oʻrnini bosuvchi bir qator mahsulotlarni oʻzimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

«Navoiyazot» AJda qiymati 18 million dollardan ziyod boʻlgan yana bir loyiha – karbamid formaldegid konsentrati ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Joriy yil mart oyida mazkur korxona qurilishi boshlangan, uni kelgusi yil martda foydalanishga topshirish moʻljallangan. Bu yerda yiliga import oʻrnini bosuvchi 9 million dollarlik tovarlar ishlab chiqarilib, 1 million dollarligi eksport qilinadi, 50 ta ish joyi ochiladi.

Oʻtgan yili dekabrda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda uning ikkinchi bosqichi loyihalashtirilmoqda. Ushbu loyiha qiymati 440 million dollar atrofida boʻlishi moʻljallanyapti. 650 kishi ish bilan taʼminlanishi, yiliga 132 million dollarlik mahsulot tayyorlanishi rejalashtirilgan. Yigʻilishda chet ellik hamkorlar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishdagi loyihalash ishlarini yil yakuniga tugatib, qurilishni boshlash vazifasi topshirildi.

Albatta, bu borada zimmamizga yuklangan vazifalarni oʻz vaqtida bajarish uchun imkoniyatlar yetarli. Rejalashtirilgan barcha ishlarni oʻz vaqtida bajarib, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib ulush qoʻshish asosiy maqsadimiz.