Yer silkinishidan ogohlantirgan Google zilzilani prognoz qilish usuli emas

    Seysmologiya instituti direktori oʻrinbosari Vohidxon Ismoilov u seysmik toʻlqinlarni tarqalishi bilan bogʻliq jarayonni uzatish tizimi ekanini aytib oʻtdi.

    AOKAda o‘tkazilgan brifingda Seysmologiya instituti direktori o‘rinbosari Vohidxon Ismoilov zilzilani oldindan aniqlash yo‘nalishidagi ishlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan ma’lumot berdi:

    Android qurilmasidan foydalanuvchi O‘zbekiston aholisi 21 mart soat 21:47 da Afg‘oniston hududida sodir bo‘lgan kuchli zilzilaning seysmik tebranishlar tug‘risida ilk bor erta ogohlantirish tizimi orqali ma’lumot olishdi. Ba’zi bir insonlar seysmik tebranishlardan 1 daqiqa oldin, ba’zilar esa bir necha soniya oldin zilzila to‘risida xabordor bo‘lishdi. Bu xabar ilk bor kelgani sababli aksariyat aholi o‘rtasida tushunmovchilik va e’tiborsizlik, ba’zi bir insonlarda esa kuchli vahima va qo‘rquvga sabab bo‘ldi.

    Google kompaniyasi tomonidan 2020 yili ishlab chiqilgan va Android tizimiga o‘rnatilgan zilzila to‘g‘risida erta ogohlantirish dasturi ilk bor AQSHning Kaliforniya shtatida sinovdan o‘tgan dastur hisoblanadi. Shundan boshlab Google kompaniyasi zilzilani erta ogohlantirish tizimini jahon tizimiga aylantirish bo‘yicha ishlamalarni olib bordi va Android qurilmasida ishlayotgan mobil telefonlarning jahon to‘rida seysmik tebranishlar haqida erta ma’lumot olishi imkoniyati yaratildi.

    Albatta bu g‘oya yangilik emas, chunki Yaponiya hududi uchun zilzilalarni erta ogohlantirish tizimi Yaponiya metereologik agentligi tomonidan yaratilgan va qo‘llanib kelinmoqda. Xuddi shunday mintaqaviy tizim Meksikada, Xitoyda, Tayvanda, Italiyada, Ruminiyada va boshqa davlatlarda ham qo‘llanilmoqda. Lekin Google kompaniyasi yaratgan mobil dastur butun jahonni qamrab olish imkoniyatiga ega.

    Yaratilgan erta ogohlantirish tizimining asosiy afzaligi bu barcha mobil foydalanuvchilariga qisqa vaqtda kutilayotgan seysmik to‘lqinlar to‘g‘risidagi ma’lumotni yetkazishdir.

    Shuni takidlash kerak Google tizimi bu zilzilani prognoz qilish usuli emas, balki zilzila sodir bo‘lgandan so‘ng seysmik to‘lqinlarning tarqalishi bilan bog‘liq jarayon uzatish tizimidir. Uning negizida zilzila o‘chog‘idan tarqalayotgan bo‘ylama va ko‘ndalang to‘lqinlarni ma’lum bir hududda vaqt birligidagi farqi yotadi.

    Zilzila o‘chog‘idan tarqalgan bo‘ylama to‘lqin yaqin atrofdagi seysmik stansiyalarda qayd qilingandan so‘ng 3 soniyada zilzila to‘g‘risidagi ma’lumot, ya’ni o‘choqning chuqurligi, zilzila kuchi, oradagi masofa Google tizimi orqali dunyoga tarqaladi. Ko‘ndalang tebranishlar fizik mohiyati bo‘yicha talafotli tebranishlar bo‘lganligi sababli, uning yetib kelish vaqtini qanchalik erta bilsak bir muncha xavfsizlikni ta’minlagan bo‘lamiz.

    Xitoy tadqiqotchilarining bergan ma’lumotga ko‘ra erta ogoxlantirish tizimi joriy qilinganda 3 soniya ichida shikastlanishlar 14 foiz, 10 soniyada jarohatlanish va qurbonlar 39 foiz va 20 soniyada 63 foizga qisqartirishi mumkin.

    Shundan kelib chiqib, zilzilani erta ogohlantirish tizimining mavjudligi seysmik xavfsizlikni ta’minlashning samarali yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra Yaponiya aholining 65 foizi erta ogohlantirish tizimidan samarali foydalanar ekan.

    Albatta erta ogohlantirish tizimi samaradorligi aholining zilziladan avval va zilzila davrida harakatlanishi bilan uzviy bog‘liq. Hozirgi kunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan zilzila davrida aholini xarakatlanishi to‘g‘risida mobil ilova ishlab chiqilgan va u amalga joriy qilingan. Shularga etiborli bo‘lib xarakatlansak, o‘z xavfsizligimizni ta’minlagan bo‘lamiz.