YHXBBsi "Raqobat toʻgʻrisida"gi qonunni buzgan deb topildi

    Raqobat qoʻmitasi YHXBBning yoʻl belgilari uchun boʻyoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun oʻtkazilgan 26,5 mlrd soʻmga yaqin tender savdolarida qonun buzilishi holatini aniqladi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan 2024-yil 10-iyunda boshlangʻich qiymati 26 mlrd 500 mln soʻmga yaqin oʻtkazilgan tender savdolari yuzasidan murojaat kelib tushgan.

    Qoʻmita tomonidan murojaatga asosan olib borilgan oʻrganishlarda tender savdolari yoʻl belgilari uchun boʻyoqlar va shisha mahsulotlarni xarid qilish uchun oʻtkazilgani maʼlum boʻldi.

    Ishni koʻrib chiqish natijasida, "Raqobat toʻgʻrisida"gi Qonunining 29-moddasi talablari buzilgan deb topilib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga nisbatan tender savdo natijasini haqiqiy emas deb topish boʻyicha koʻrsatma berildi. Shuningdek, ushbu qonun buzilish holatiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxsga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikni belgilash masalasi koʻrib chiqiladi.

    Maʼlumot oʻrnida, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.

    Raqobat qoʻmitasi davlat xaridlarini oʻtkazishda "Raqobat toʻgʻrisida"gi va "Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonunlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring ishlari olib bormoqda.