Yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qoʻyiladi

    Aniqlangan imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun banklar mustahkam moliyaviy resursga ega boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

    Davlat mablagʻlari qatorida tashqi manbalardan ham resurs jalb qilish zarurligi qayd etildi.

    Buning uchun har bir bankda chet eldan mablagʻ olib keladigan ishchi guruh tuzish, xorijiy banklar bilan tizimli ishlab, chet elda roud-shoular oʻtkazish, yevrobond chiqarish, bank reytingini yaxshilash va xalqaro standartlarga moslashish dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

    Oxirgi 5-yilda kichik va oʻrta biznesning kredit portfelidagi ulushi 40 foizdan 28 foizgacha pasaygani koʻrsatib oʻtildi. Bunday kreditlar ulushini 40 foizga yoki 120 trillion soʻmga yetkazish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlandi.

    Umuman, yirik loyihalarni kichik biznes hisobidan moliyalashtirish amaliyotiga chek qoʻyish vaqti kelgani qayd etildi.

    Mustahkam huquqiy asos yaratilgani uchun joriy yilda 5,5 trillion soʻmlik mikromoliya va faktoring xizmatlari koʻrsatildi.

    Endilikda har bir davlat banki oʻzining mikromoliya va faktoring kompaniyasini ochib, unga xorijiy investorlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bunda banklar resurslarni qarzga emas, investitsiya sifatida olib kelmoqchi.

    Kelgusi yilda mikromoliya va faktoring kompaniyalari orqali 10 trillion soʻmlik xizmatlar koʻrsatish muhimligi taʼkidlandi.