Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, tadbirkorlik subyektlari rolini yanada oshirish, ularga bu borada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 21-apreldagi 232-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” qaror qabul qildi.
Unga koʻra, Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 21-apreldagi 232-son qaroriga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.
Jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini oʻrnatish va ishga tushirish muddatini 60 kundan 180 kunga uzaytiriladi.
Dasturiy-texnik vositalar “Maʼmuriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilingandan soʻng ularni oʻn kun davomida sinov tariqasida ishlatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Yoʻl harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasi taqsimlanishida tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozli davr 1 yildan 2 yilga uzaytiriladi.
Tadbirkorlik auksion savdosida gʻolib boʻlganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomani olgan kundan boshlab 90 kun ichida obyektda dasturiy-texnik vositalarni oʻrnatish bilan bogʻliq biror-bir harakat (qurilish-montaj ishlari)ni amalga oshirmasa, kelishuv sud orqali bekor qilinadi.
Dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarlik holatlari boʻyicha “Maʼmuriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuborilgan maʼlumotlardagi xatoliklarning umumiy soni besh va undan ortiq foizni tashkil etgan taqdirda ham tadbirkorlik subyektining obyektga nisbatan boʻlgan mulk huquqi sud orqali bekor qilinadi.