“Yopiq iqtisodiyot”ning afzalliklari nimada?

    Mamlakatimizda “2019–2030-yillar davrida O'zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o'tish strategiyasi”  qabul qilingan. Unda bioiqtisodiyotning asosiy tarmoqlari — qishloq, suv va o'rmon xo'jaliklarida samaradorlikni oshirish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlashni takomillashtirish kabi yo'nalishlarda chora-tadbirlar amalga oshirish ko'zda tutilgan.

    Prezidentimiz tabiatimizni asrab-avaylash, suv, havo va atrof-muhitni toza tutish har bir mahalla aholisining madaniyati va amaliy harakatiga aylanishi kerakligini alohida ta'kidlagan edi.

    Bu borada mavjud vaziyatni ijobiy tomonga o'zgartirish uchun ekologiya va atrof-muhitni asrash bo'yicha sa'y-harakatlar, xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuchaytirildi.

    Fikrimizcha, ekologiya va atrof-muhitni asrash chiqindilarni kamaytirish va ularni qayta ishlash tizimini samarali yo'lga qo'yishga ham ko'p jihatdan bog'liq. So'nggi yillarda dunyodagi ko'plab mamlakatlar yopiq tsiklli iqtisodiyot ekologik muammolarni hal qilishning asosiy chorasi deb hisoblamoqda.

    Chunki u atrof-muhit ifloslanishining oldini olish bilan birga, resurslarni tejash, biologik xilma-xillikni asrash, ishlab chiqarish va iste'mol qilishning barqaror modellarini yaratish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, ushbu yo'nalishlarda innovatsiyalarni tatbiq etish, biznesni rivojlantirish va qo'shimcha ish o'rinlari yaratish imkonini beradi.

    Sababi, bugun butun dunyoda chiqindilarning hosil bo'lish sur'ati yil sayin oshib bormoqda. 2020-yilda dunyoda jami 2,24 milliard tonna qattiq chiqindi hosil bo'lgan. Uning atigi 17 foizi qayta ishlangan. 2050 yilga borib aholining tez sur'atlar bilan o'sishi va urbanizatsiya tufayli yillik chiqindilarning vujudga kelishi 2020-yildagiga qaraganda 73 foizga oshib, 3,88 milliard tonnaga etishi kutilmoqda.

    Hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatimizda ham qattiq maishiy chiqindilar hosil bo'lishining yillik hajmi 14–14,5 million tonnani tashkil etishi bashorat qilinmoqda. Aholi sonining o'rtacha 1,5 foizga ko'payishi hisobga olinganda esa, ushbu ko'rsatkich 2028-yilga borib 16–16,7 million tonnaga etishi mumkin ekan. Hozirgi kunda ushbu chiqindilarning atigi 14 foizi qayta ishlanmoqda. SHu bois, dunyodagi qator mamlakatlar qattiq maishiy chiqindilarning hosil bo'lishini kamaytirish va mahsulotlardan takroran foydalanish yoki ularni qayta ishlash uchun zarur chora-tadbirlar ko'rmoqda.

    Niderlandiya 2030 yilga borib resurslardan foydalanishni 50 foizga kamaytirish va 2050-yilgacha chiqindilarsiz yopiq tsiklli iqtisodiyotga to'liq o'tishni maqsad qilgan. Frantsiyada esa 100 foiz yopiq tsiklli iqtisodiyotga o'tishga oid 50 ta chora-tadbirni o'z ichiga olgan yopiq tsiklli iqtisodiyotga o'tish bo'yicha “yo'l xaritasi” ishlab chiqilgan.

    Chiqindisiz iqtisodiyot

    “Yopiq tsiklli iqtisodiyot” — bu maqsadga ko'ra tiklanadigan yoki qayta tiklanadigan sanoat tizimidir. U “hayotning tugashi” kontseptsiyasini qayta tiklash bilan almashtiradi, qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga o'tadi va materiallar, mahsulotlar, tizimlarning yaratilishi orqali chiqindilarni yo'q qilishga qaratilgan iqtisodiyotdir.

    Oddiy so'z bilan aytganda, tsirkulyar iqtisodiyot chiqindisiz ishlab chiqarishni tashkil etishni va chiqindilarni qayta ishlashni tushunishimiz mumkin. Bunda chiqindisiz texnologiyalardan foydalaniladi. CHiqindisiz texnologiya, inson ehtiyojlari doirasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, energiya va atrof-muhitni muhofaza qilishni ta'minlash uchun bilimlar, usullar va vositalarni amaliy qo'llashdir.

    Chiqindisiz texnologiya ideal ishlab chiqarish modeli sifatida tushuniladi, uni ko'p hollarda to'liq amalga oshirish mumkin emas, lekin texnologik taraqqiyotning rivojlanishi bilan u idealga tobora yaqinlashmoqda.

    Xorij tajribasi

    Yaponiyada “mottainai” harakati mavjud bo'lib, tarjimasi “uni to'liq ishlatmaguningizcha tashlamang” degan ma'noni anglatadi. Bir marta ishlatiladigan idish va paketlardan voz kechish bo'yicha targ'ibot allaqachon hukumat darajasiga ko'tarilgan. EcoNet internet nashrining yozishicha, hukumat bir martalik mahsulotlardan butunlay voz kechish g'oyasini Kamikatsu shahrida amalda qo'llashni yo'lga qo'ydi. 2003-yilda munitsipalitet bir martalik tovarlar sonini kamaytirishga qaratilgan maxsus tarkibiy islohotni faol ravishda davom ettira boshladi. YAkuniy maqsad shaharni butunlay chiqindidan holi qilish edi.

    Hozirgi kunda Kamikatsu aholisining 60 foizi qayta foydalanish mumkin bo'lgan mahsulotlarni tanlamoqda, bu esa chiqindilar miqdorini sezilarli darajada kamaytirayapti. Aytgancha, har bir savdogar har yili o'z mijozlariga, masalan, polietilen paketlarni sotib olish ehtimolini kamaytirish uchun shaxsan qilgan ishlari haqida hisobot berishga majburdir.

    Yaponiyaliklar qadoqlashni yaxshi ko'radilar, har yili mamlakatda 30 milliarddan ortiq paket ishlatiladi. Ammo hozir hukumat ulardan tejamkorlik bilan foydalanishni rag'batlantirishni boshladi.

    Mamlaktimizda chiqindisiz ishlab chiqarishni tashkil etish va tsirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishda quyidagilarga katta e'tibor berish kerak.

    Birinchidan, atrof-muhit ifloslanishining katta qismi sanoat texnologiyasining etarli darajada rivojlanmagani natijasidir. Demak, sanoat ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish zarur.

    Ikkinchidan, foydalanilmagan ishlab chiqarish chiqindilari, bu– tabiiy resurslarning yo'qolishini anglatadi. CHiqindilarni qayta ishlashni va resurslardan uzoq foydalanishni, ijaraga, lizingga berish, foydalanilmayotgan ashyolarni boshqalarga foydalanishga berish tizimini yaxshi yo'lga qo'yish zarur.

    Uchinchidan, tabiiy materiallarga bo'lgan ehtiyojning ortishi bilan ikkilamchi xomashyoni olish va ulardan foydalanish ijtimoiy mehnat unumdorligini oshirishning muhim manbai bo'lishi mumkin.

    Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, energiya va xomashyodan samarali foydalanish imkonini beruvchi uzluksiz jarayonlardan foydalanish, uskunaning birlik quvvatini oshirish, ishlab chiqarish jarayonining muntazamligi, ularni avtomatlashtirish, optimallashtirish, kadrlar tayyorlash tizimini moliyalashtirish tizimini yaxshilash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini samarali tashkil etish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin bo'ladi.

    Hulkar TUROBOVA,

    Buxoro davlat universiteti dotsenti