Xalqimiz ayrim toifadagi odamlarning komil insonga xos bo'lmagan turish-turmushi, yomon fe'l-atvori, kasbi-kori, g'ayritabiiy jussasiga monand laqab to'qiydi. Bilaks, aynan ularga taqalgan laqab huddi uzukka ko'z qo'ygangdek mos tushib, o'zaro muomalada asli ismi-sharifidan ko'ra ko'proq aytiladi. Masalan, befarosat odamga “mol”, giyohvandga “chilton”, childirmakashga “gijbang” kabi laqablar tirkaladi. SHu ma'noda, Samig' Xasanovni (barcha ism-shariflar o'zgartirilgan) yaqindan bilgan, taniganlar, uni orqarovotdan “Samig' 168” deb qo'yishadi. Bu laqab unga bejiz tirkalmaganligini esa quyida anglab olasiz.
Asli Namangan viloyatida tug'ilib o'sib, biror-bir jo'yali ishning boshini tutmagan S.Xasanov odamlarga firib berib, ularning mol-mulkiga tajovuzkorligi ortidan turli davrlarda Qo'qon shahar, Pop, Uychi, Shayxontohur tumanlarining Jinoyat ishlari bo'yicha sudlarida O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining aynan 168-moddasi turli bandlari bilan javobgarlikka tortilgan. Qonun tili bilan aytganda, bundaylar “xavfli retsidivist”lar toifasiga kiritiladi.
Afsuski, odamlarga firib berishda ustasi farangning bu safargi nayrangiga Olimjon Fayziev uchdi. Avvaldan uncha tanish va sinashta bo'lmagan, o'zini yangi biznes-sherigi deb hisoblayotgan S.Xasanov poytaxtdagi yirik banklardan birida unga tegishli 320 ming AQSh dollari borligini aytganida, Olimjon bir gapning o'zida ishondi-qo'ydi. U ushbu pullarni o'zining hisob-raqamiga tushirishi uchun bank xizmatiga 320 dollar kerakligini aytib, O.Fayzievdan yordam so'radi. Yana qo'shimchasiga bankdagi pullari hisob-raqamiga tushganidan so'ng, unga 50.000 AQSh dollarini 10 yil muddatga kredit hisobida berishini aytdi.
S.Xasanov qarasaki, Olimjon sodda, ishonuvchan odamlar toifasidan ekan. Dastlab, 320 dollar bilan boshlangan qarz ko'tarish, hafta, oylar sari oshib boraverdi. S.Xasanov bank xarajatlari oshib ketibdi deb, avval, 2-3 ming dollar, keyinchalik maydalab O. Fayzievdan 700-800 dollardan qarz ko'taraverdi. Shu tariqa, O.Fayzievga yo'q xirmondan hosil va'da qilib, uning pullarini esa o'zining sarf-xarajatlariga sarflayverdi.
Olimjonning: “Pul bankdan qachon chiqadi? – degan bot-bot savollariga: “Bankka reviziya tushibdi”, “Bank karantin tufayli operatsiyalarni to'xtatibdi”, “Pulimni jo'natgan Janubiy Koreyadagi bankda qandaydir muammo bormish” kabi aldov-qaldov gaplar bilan javob qilardi. Xullas, S.Xasanov aslida mavjud bo'lmagan 320 ming AQSh dollari ustidan O.Fayzievni aldab, uning 14100 AQSh dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yo'li bilan qo'lga kiritdi. Aldanganini seza boshlagan O. Fayziev bir amallab, bergan pullarining uchdan ikki qismini qaytarib oldi. Qolganlarini olishdan umidini uzgan O.Fayziev huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo'ldi.
Sud davomida S.Xasanov doimgidek, qilgan ishidan pushaymonligi, qayta bunday jinoyatga qo'l urmasligi kabi tavba-tazarrularni qildi. Ammo har qanday holatda ham qonun o'z so'zini aytadi.
Sud S.Xasanovga jazo tayinlashda, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to'g'risida”gi Qarorining 1-bandidagi jinoyat uchun jazo tayinlashda qonuniylik insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi printsiplariga qat'iy amal qilinishi lozimligiga e'tibor qaratdi. Sud hukmi bo'yicha S.Xasanovga Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismining “a” bandi bilan JKning 57-moddasini qo'llab 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, JKning 59-moddasi 8-qismi tartibida S.Xasanovga Jinoyat ishlari bo'yicha SHayxontoxur tuman tuman sudining 2022-yil 23-fevraldagi hukmiga ko'ra, tayinlangan jazolarni qisman qo'shish yo'li bilan uzil-kesil o'tashi uchun 8 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilindi va jazo qattiq tartibli koloniyalarida o'tattirilishi belgilandi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, firibgar qilmishiga yarasha jazosini oldi. Biroq hamma e'tibor qaratadigan jihatlardan biri shuki – pul, mol-mulk oldi-berdisida, biznes hamkor tanlashda hushyorlik, aniq ishonch, ehtiyotkorlik zarur, Zero, xalqimiz ta'biri bilan aytganda: “ O'zingni ehtiyot qil, qo'shningni o'g'ri tutma”.
Abror Omonov,
Jinoyat ishlari bo'yicha Uchko'prik tuman sudi raisi