Yosh avlodga sifatli taʼlim berish har bir Oʻzbekiston fuqarosining burchiga aylanishi kerak!

    Ta'lim 25 Sentabr 2020 956

    Birlashgan Millat Tashkilotining bosh Assambleyasida nutq soʻzlagan Sh. M. Mirziyoyev kambagʻalchilik va iqlimiy falokat haqida gapirarkan, Orol dengizi muammosiga alohida toʻxtaldi.

    Shu oʻrinda mavjud muammolarni hal etish uchun Oʻzbekiston ilm-fani, biznes sektori va jamiyati nima qilishi mumkin, degan savol tugʻiladi. Nazarimda, bu masalaning kaliti demografik rivojlanishdadir – har bir oʻsib kelayotgan yosh avlod vakiliga sifatli taʼlim berish darkor. Va bu har bir Oʻzbekiston fuqarosining burchiga aylanishi kerak. Zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirish uchun Oʻzbekistonga malakali, bilimli yoshlar talab qilinadi.

    Yana bir muvaffaqiyat omili – qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilishdir. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini samarali va barqaror ishlab chiqarishi maqsadini oldiga qoʻyish kerak. Aqlli dehqonchilik usullari allaqachon butun dunyoda mavjud. Agar bu texnologiyalar Oʻzbekistonda qoʻllanilsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini suv tejovchi, resurs tejamkor usullarda, sogʻlom va barqaror tarzda yetishtirish imkonini beradi. Xususan, qishloq xoʻjaligi jarayonlarini raqamlashtirish hosildorlikni sezilarli darajada oshirish va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

    Oʻzbekistonda zamonaviy iqtisodiyotni yana-da rivojlantirish yangi ilmiy yutuqlarga erishishni va bu yangi bilimlarni amalda qoʻllashni talab etadi. Mamlakat innovatsiyalarga muhtoj, chunki ular iqlim oʻzgarishi va qishloq xoʻjaligi bilan chambarchas bogʻliqdir. Ekologiya muammolarini kamaytirish, arzon va sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish oʻz navbatida qashshoqlikni yengishga xizmat qiladi.

    Men joriy yilning iyul oyidaGermaniya Taʼlim va tadqiqotlar federal vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ikki tomonlama tadqiqotlar olib borishga qaratilgan hamkorlikdagi tanlov eʼlon qilingani Prezidentning yuqori minbardan aytgan fikrlariga hamohangligi meni xursand qildi. Bu tanlovda aynan iqlim oʻzgarishi muammolarini hal etish, intellektual qishloq xoʻjaligi va raqamlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Prezident oʻz maʼruzasida bu yondashuvni Oʻzbekistonning kelgusi iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti uchun muhim deb hisobladi.

    Karsten Xayns,

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Innovatsion rivojlanish vazirining
    Yuqori martabali xalqaro maslahatchisi