Shu maʼnoda yoshlar tarbiyasi nafaqat milliy siyosatning, balki butun insoniyat kelajagining muhim poydevoridir.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida soʻzlagan nutqida ilgari surilgan gʻoyalar bu yoʻnalishdagi siyosatning izchil va chuqur mazmun kasb etganini yaqqol namoyon etdi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi oʻsib kelayotgan yosh avlod qoʻlida. Yoshlarimiz qalbi va ongiga tinchlik, insonparvarlik va doʻstlik, oʻzaro ishonch va hurmat kabi olijanob gʻoyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir”.

“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish tashabbusi ham aynan shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu gʻoya, avvalo, yoshlarning global hamjihatlik va tinchlik gʻoyasi atrofida birlashishiga zamin yaratadi.

Bu tashabbus mantiqiy ildizlariga ega. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ham yoshlar haqida soʻz yuritib, ularning huquqlarini himoya qilish, taʼlim va maʼrifat orqali radikal gʻoyalar taʼsiridan asrash muhimligini taʼkidlagan edi. Oʻtgan vaqt ichida bu gʻoyalar amaliyotda izchil davomini topib, yoshlar siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi.

Demak, yoshlar masalasi mamlakatimizdagi islohotlar markazida turibdi va bu gʻoyaning xalqaro darajada ilgari surilishi Oʻzbekistonning yoshlarga oid siyosatini yangi bosqichga koʻtaradi. Prezidentimiz yoshlar tarbiyasiga katta ahamiyat qaratib, ularning kelajagi yurt rivoji uchun asos ekanini har gal taʼkidlaydi. Barcha masʼullarni yoshlar bilan bogʻliq ishlarga hissa qoʻshishga chaqiradi.

Hozir jamiyatimizning 60 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil qiladi. Shu bois, kelajagimiz, avvalo, ularning tarbiyasiga bogʻliq. Yaʼni yoshlar tarbiyasi jamiyat rivojini belgilab beruvchi mustahkam zamin. Uni mustahkamlashda taʼlim muassasalari, oila va jamiyatning oʻrni katta.

Zamonaviy davrda yoshlarning maʼnaviy-axloqiy tarbiyasiga taʼsir koʻrsatishda yangicha yondashuvlar talab etiladi.

Tarbiya jamiyatda insonning shaxs sifatida shakllanishida muhim ahamiyatga ega boʻlib, bu orqali yosh avlod maʼnaviy-axloqiy va madaniy qadriyatlarni oʻzlashtirib, ularni kundalik hayotda qoʻllay olsa, ijtimoiy adolat, tinchlik va totuvlikni taʼminlash imkoni oshadi.

Bugungi globallashuv davrida internet va ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning kundalik hayotiga chuqur kirib keldi. Baʼzi yoshlar internetdagi manbalardan oʻzlariga zararli, jamiyatga yot gʻoyalarni oʻrganmoqda. Bu, oʻz navbatida, boshqa madaniyatlarning milliy qadriyatlarga zarar keltirishi, yoshlarda oʻz qadriyatlariga befarqlik tuygʻusini paydo qilishi mumkin. Buni yoshlar shaxsiy erkinlik deb tushunar, lekin baʼzi hollarda erkinlik tushunchasi toʻgʻri talqin qilinmay, yomon odat va yot gʻoyalarga moyillikka olib kelmoqda.

Yoshlar kelajak bunyodkorlari, har bir jamiyatning iftixori va suyanchigʻidir. Ularga toʻgʻri tarbiya berish, maʼnaviy, jismoniy va axloqiy jihatdan barkamol etib yetishtirish jamiyat taraqqiyotining mustahkam asosidir. Bu yoʻlda oila, maktab va oliy taʼlim kabi boʻgʻinlar muhim ahamiyat kasb etadi.

Oila — har bir inson hayotidagi birinchi tarbiya maskanidir. Ota-ona farzandlari uchun ibrat boʻlishi va toʻgʻri yoʻlga boshlashi kerak. Ota-bobolarimiz aytganidek, “Ota-ona farzandga tarbiya beradi, farzand ota-onaga shukronalik beradi”. Bolalikdanoq oiladagi muhit yoshlarda mehr-muruvvat, odob-axloq va masʼuliyat hissini shakllantiradi. Oiladagi yaxshi munosabat va oʻzaro hurmat bolalarning jamiyatdagi munosabatlarini belgilaydi. Shu bois, “Oilaning yuzi – farzandning yuzi”, deb aytilgan.

Oilada farzandlarga milliy qadriyatlar, anʼanalar, mehnatsevarlik va samimiyatni singdirish kerak. Farzandlar ota-ona mehnatini qadrlashni, odamlar bilan munosabatlarni mustahkam qilishni, ularga yordam berishni oʻrganadilar. Bu esa ularning kelajakda jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga yordam beradi. “Farzandga berilgan eng yaxshi meros tarbiyadir”.

Maktab — yosh avlodga bilim berish bilan birga, tarbiyasiga ham katta taʼsir oʻtkazadigan maskan. “Yoshlikda oʻrgangan bilim – toshga oʻyilgan naqshdir”, degan gap bejiz aytilmagan. Bolalar maktabda nafaqat bilim oladi, balki jamoada yashash va ishlash, masʼuliyatli boʻlish va odob-axloq qoidalarini tushunishni oʻrganadi. Oʻqituvchilar ular uchun ibrat, ustozlardan olingan nasihatlar va tajribalar ularning hayotiga yoʻl-yoʻriq beradi.

Maktab yoshlarda yangi bilimlardan boxabar boʻlish, yangi sohalarga qiziqish uygʻotish va ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, yoshlar maktabda koʻplab doʻstlar topib, insonlarga ishonch va yordam berish xususiyatlarini shakllantiradi. Shuning uchun maktab tarbiyasini oila tarbiyasidan keyingi muhim boʻgʻin sifatida qarash mumkin.

Oliy taʼlim — yoshlarning barkamol shaxs boʻlib yetishishiga xizmat qiladigan muhim maskan. Bu yerda yoshlar nafaqat aniq bir yoʻnalish boʻyicha bilimini chuqurlashtiradi, balki mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish, jamoada ishlash, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish kabi koʻnikmalarni ham oʻzlashtiradi. Oliy taʼlim muassasalarida yoshlar uchun fan toʻgaraklari, sport klublari va chet tillarni oʻrganish kurslari kabi turli imkoniyatlar yaratiladi, ular oʻzini turli sohalarda sinab koʻrish imkoniga ega boʻladi.

Oliy taʼlimning yana bir ahamiyatli jihati talabalarga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirishidir. Bu maskanda yoshlarga oʻz madaniyati, tarixi, milliy merosi haqida taʼlim beriladi. Ustozlar bilan uchrashuvlar, turli maʼnaviy kechalar va anjumanlar yoshlarda milliy gʻurur va vatanparvarlik tuygʻularini oshiradi.

“Tarbiya biz uchun yo hayot— yo mamot, yo najot— yo halokat, yo saodat—yo falokat masalasidir”. Buyuk maʼrifatparvar va taʼlim-tarbiya fidoyisi Abdulla Avloniyning bu soʻzlari oʻz vaqtida naqadar muhim va dolzarb boʻlgan boʻlsa, hozir ham shunchalik, balki undan ham koʻra muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Binobarin, vatanimiz ravnaqi yoʻlida munosib bilim va tarbiyaga ega, mehnatsevar, oʻz ishini mustaqil bajara oladigan odobli yoshlarni tarbiyalash barchamizning burchimizdir.

Ahmed REYMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Qoraqalpogʻiston boʻlimi boshligʻi, akademik