Soʻnggi yillarda yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga koʻtarish borasida bir qator ijobiy tendensiyalarga erishildi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Mamlakatimizda bandlik, huquq, siyosat, fan va taʼlim, madaniyat va sport, sogʻliqni saqlash, davlat tashkilotlari va jamoat institutlari bilan oʻzaro aloqalar sohasida yoshlar siyosatini amalga oshirish boʻyicha kompleks vazifalarni hal qilishga qaratilgan keng koʻlamli hamda tizimli ishlar olib borilmoqda. Barcha hokimiyat va idoralarda, mahallalarda yoshlar masalalari boʻyicha rais oʻrinbosarining shtat birligi joriy etildi.
Chuqur bilim va malakaga ega raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash maqsadida mamlakatimizdagi oliy oʻquv yurtlari soni 127 taga yetkazildi,
26 ta xorijiy universitetlarning filiallari ochildi. Oʻtgan 5 yil ichida oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari uch barobar oshdi, bu yil 182 ming yosh talaba boʻlishi mumkin boʻladi. Shunday qilib, oliy maʼlumotli yoshlarning umumiy qamrovi 28 % foizga yetadi. Toʻrt yil oldin bu koʻrsatkich atiga 9 foiz edi.
Shu bilan birga, global dunyodagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq boʻlgan yangi muammolarning oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda, ular tizimli yangilanishni, yoshlarga oid davlat siyosatining vazifalari va mexanizmlarini ishlab chiqishni talab qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida 2021-yilning Oʻzbekistonda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi hamda 2021-yil 30-iyun Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzalari mamlakat rahbariyatining sogʻlom avlodning barkamol voyaga yetishini taʼminlashga, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga va ularning oʻzini anglashiga, sharoit yaratishga boʻlgan munosabatini yaqqol namoyish etadi.
Shubhasiz, Yangi Oʻzbekistonning asosiy maqsadi, yoshlarni har tomonlama qoʻllab -quvvatlash va tarbiyalash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yosh isteʼdodlarning kuchli salohiyatini toʻla-toʻkis amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdir.
Biroq, davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy yondashuvlarni qoʻllamasdan turib mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirib boʻlmaydi. Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari rahbariyat koʻrsatmalarini bajarish samaradorligini belgilovchi, mamlakatimiz oldiga qoʻygan maqsad va vazifalarini amalga oshirishda tashabbus koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir.
Hozirgi raqamlashtirish davrida davlat organlari tomonidan ilgʻor qarashlar, yangicha gʻoyalar, faoliyatdagi yuqori samaradorlikka qiziqish bildirish bilan birga, mamlakatning ijtimoiy va siyosiy rivojlanishi jarayonlariga yosh tashabbuskor shaxslarni jalb etishni oʻz eʼtiborlarini qaratishgan.
Shu bilan birga mantiqiy savol tugʻiladi: davlat idoralari iqtidorli yoshlarni davlat xizmatiga borishga undashga qodirmi?
Davlat xizmati tizimi yoshlar nigohida
Yoshlarni ish bilan taʼminlashning hozirgi tendensiyasi shuni koʻrsatadiki, yosh avlod kasblarni “oʻz xohishiga koʻra” yaʼni qiziqishidan kelib chiqqan xolda, tanlashni afzal koʻradi hamda tanlagan kasbida martabasining oʻsishi va moliyaviy mustaqillikka erishishiga umid qiladi. Barqaror ravishda ish bilan taʼminlanganlik va shu bilan birga “betashvish nafaqa” kabi omillar endi unchalik ahamiyat kasb etmaydi. Shu sababli, ish haqi miqdoridan qoniqmaslik va ish joylarini tez-tez almashtirish tendensiyasi yuzaga kelmoqda.
Yaqinda, 18 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston yoshlarining davlat xizmatiga boʻlgan munosabatini aniqlashga qaratilgan “Ijtimoiy fikr” sotsiologik tadqiqotining natijalari maʼlum qilindi. Unga koʻra, respondentlarning deyarli yarmi 49,4 foizi davlat idoralarida ishlashga xohish va istaklari borligini bildirdi. Olingan maʼlumotlarning tahlil natijalariga koʻra, respondentlarning gender xususiyatlariga qarab afzalliklarining farqlanishini koʻrsatdi. Shunday qilib, qizlarning 55,6 foizi va yigitlarning 44,6 foizi davlat organlari tarkibida ishlashni afzal koʻrishadi.
Har ikkinchi respondent davlat xizmati tizimida ishlashning eng jozibali shartini muhim boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda qatnashish, shuningdek, mamlakat va butun jamiyat rivojiga hissa qoʻshish imkoniyati deb biladi. Shuni taʼkidlash kerakki, bugungi kunda davlat xizmatidagi yoshlarning ulushi 25 foizni tashkil etadi, shundan 15 foizi ishonchli tarzda yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda.
Oʻz navbatida, davlat organlarida ishlashni rejalashtirmagan respondentlar oʻzlarining mavqelarini ish haqining yetarli emasligi bilan oqlashadi. Bundan tashqari, soʻrovda qatnashgan fuqarolarning 27,4 foiziga koʻra, davlat xizmati istiqbolsiz, bir xildagi va odatiy ish deb taʼkidlashgan.
Qanday qilib yoshlarni davlat xizmatiga jalb qilish mumkin?
Hozirgi sharoitda, soʻrov natijalariga koʻra, davlat idoralari va tashkilotlariga yosh kadrlar bilan ishlash formatini oʻzgartirish, menejment yondashuvlari, xodimning ijodiy salohiyatini ochishga qaratilgan vazifalarni berish usullarini qoʻllash, qulay mehnat sharoitlarini tashkil etish va mehnatiga yarasha moddiy ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish lozim.
Shuningdek, tajribali rahbar tomonidan yosh kadrlar uchun ustozlik institutini amalda koʻllash, bitiruvchilarning kasbiy moslashuvi va yosh mutaxassislarning martaba oʻsishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, hujjatlarni rasmiylashtirishni minimallashtirish uchun davlat xizmatini iloji boricha raqamlashtirish zarur.
Yosh kadrlarning davlat xizmatiga kirish motivatsiyasini oshirish uchun hukumat va yoshlar oʻrtasida oʻzaro aloqani oʻrnatish muhim. Masalan, BAA hukumatining yuqori mansabdor shaxslari muntazam ravishda “vazir bilan soat” oʻtkazadilar, suxbat davomida, boʻlim rahbarlari oʻzlarining martabaga erishish sari bosib oʻtgan yoʻllarini, davlat xizmatida ishlashning oʻziga xos xususiyatlari va istiqbollari toʻgʻrisida suhbat uyushtirishadi, qizgʻin savol-javoblar va dadil tashabbuslar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, "Ijtimoiy fikr” tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnoma koʻra ishtirokchilarning 27,9 foizining, isteʼdodli yoshlarni aniqlash va saralash uchun intellektual musobaqalarni muntazam oʻtkazish, universitetlar va davlat idoralari oʻrtasida yaqin aloqalarni oʻrnatishga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, mavjud boʻlgan yosh mutaxassislarning malakasini oshirishga alohida eʼtibor berish muhimdir. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat organlari va tashkilotlarining malakali xodimlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun eng istiqbolli davlat xizmatchilarining chet ellarda doimiy ravishda stajirovkalarini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xalqaro tajriba
Xorijiy mamlakatlar tajribasi mahalliy mehnat bozori talablariga muvofiq kasbiy tayyorgarlik boʻyicha davlat idoralari va taʼlim muassasalarining yaqin hamkorligini, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarida piar-aksiyalarni tashkil etishni taʼminlaydi.
Masalan, Yevropa mamlakatlarida davlat fuqarolik xizmatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida universitet bitiruvchilariga davlat idoralari va tashkilotlarida ixtisoslik boʻyicha maosh toʻlanadigan amaliyot oʻtash (stajirovka) va koʻngillilar dasturlardan oʻtish imkoniyati berilmoqda.
Singapurda iqtidorli kadrlarni jalb qilish maqsadida davlat fuqarolik xizmati sohasida mehnat faoliyatini boshlashga qaror qilgan eng yaxshi oʻrta maktab bitiruvchilariga davlat grantlari ajratiladi. Grant sovrindorlari mazkur toʻrt yillik boshqaruv menejmentini rivojlantirish mutaxassislik boʻyicha dastur orqali tegishli taʼlim olishadi. Ammo, yosh mutaxassis, agar 35 yoshga qadar, masalan, vazir oʻrinbosari boʻlishligi imkoniyatini namoyish etmasa, u ushbu holatlarda davlat xizmatidan ketishi tavsiya etiladi.
Qozogʻistonda davlat apparatida yuqori darajadagi rahbar lavozimlarga tayyorgarlik koʻrish va targʻib qilish maqsadida turli sohalardan istiqbolli kadrlarni jalb qilishga qaratilgan “Prezidentning yoshlar kadrlar zahirasi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Davlat organlarda qanday kadrlarga talab mavjud?
Mehnat bozorida yuqori kasbiy mahoratga, intellektual va ijodiy salohiyatga ega, yaxshi bilim darajasi va AKT savodxonligi, odob-axloqiy fazilatlarga ega, jamoada ishlashga va nostandart qarorlar qabul qilishga qodir boʻlgan yosh va shijoatli kishilarga talab ortib bormoqda. Maʼlumki, malakali kadrlar mamlakatning raqobatdoshligi va xalqaro obroʻsining koʻrsatkichini belgilab beradi.
Joriy yil fevral oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil qilingan “Kelajak liderlari” nomli maxsus malaka oshirish dasturi oʻz ishini boshladi. Mazkur kurs davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan oʻrta boʻgʻin boshqaruv rahbarlari orasidan (21-30 yoshdagi) yangi avlod rahbar kadrlarini shakllantirishga yoʻnaltirilgan. Tinglovchilar qariyb 2 oy davomida zamonaviy taʼlim usullari asosida nafaqat Akademiya professor oʻqituvchilari balki, vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan ham oʻtiladigan oʻquv-treninglarda qatnashadilar. Ularga Liderlik, Jamoani shakllantirish, Taym-menejment, Loyiha boshqaruvi, Strategik tahlil, Nizolarni boshqarish, Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi fanlardan saboq oladilar. Dasturni muvffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat taqdim qilinadi, lavozimda oʻsishi monitoring qilinadi hamda milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Bundan tashqari, dastlab Samarqand viloyatida “Kelajak liderlari” klub faoliyati pilot loyiha sifatida tashkil etildi. “Kelajak liderlari” klubi aʼzoligiga eʼlon qilingan tanlovga 20-35 yosh oraligʻidagi 518 nafar hujjat topshirgan nomzodlardan hujjatlarni saralash, test, insho yozish va suhbat bosqichlari natijalariga koʻra 50 nafar gʻolib tanlab olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-iyundagi Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida respublika miqyosida klubga aʼzolik uchun tanlov eʼlon qilindi. Respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilayotgan “Kelajak liderlari” klubiga aʼzolik uchun 20-35 yosh oraligʻidagi 6 246 nafar yosh davlat fuqarolik xizmatchilari va talabalar roʻyxatdan oʻtdi.
Nomzodlarni hujjatlarini malaka talablariga koʻra saralash, test, insho yozish va suhbat oʻtkazish kabi sinov bosqichlaridan iborat tanlovlarning eng soʻnggi natijasiga koʻra respublikaning har bir hududidan 50 nafardan gʻolib tanlab olindi.
Asosiy maqsad – faol, tashabbuskor, kreativ va teran fikrlaydigan, mustaqil fikr va dunyoqarashga ega iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etishdan iborat.
Oʻzbekistonda davlat xizmatiga kadrlarni tanlash tizimi haqida.
Yosh kadrlar mamlakatning barcha asosiy tarmoqlariga jalb etilib, vazirlik va idoralarda masʼul lavozimlarni egallashi kerak.
Prezident tashabbusi bilan viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idoralar va banklar rahbarligiga kamida 2 nafar nomzoddan iborat yosh kadrlar zaxirasini tasdiqlaydi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat apparati faoliyati samaradorligi va oshkoraligini oshirish, shuningdek ularning kasbiy fazilatlari va xizmatlarini adolatli va xolisona baholash asosida davlat xizmatiga eng munosib va qobiliyatli shaxslarni tanlash maqsadida elektron tizimni ishga tushirdi (www.vacancy.argos.uz).
Xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasi shuni koʻrsatadiki, nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralash davlat xizmatiga istiqbolli yosh kadrlarni jalb qilishning asosiy mexanizmi hisoblanadi.
Nomzodlarni tanlash tizimida turli xil protseduralar va baholash mezonlari boʻlishi mumkin, ammo asosiy shart oʻzgarishsiz qoladi - uning barcha bosqichlarining mutlaq ochiqligi va shaffofligi taʼminlanadi.
Oʻz navbatida, nomzodlar boʻsh lavozimlarga daʼvogarlarga qoʻyiladigan asosiy talablar, masʼuliyatlarning xajmi, javobgarlik doirasi, ish faoliyatini baholash mezonlari va ish faoliyatini nazorat qilish bilan oldindan tanishish imkoniyatiga ega.
Bugungi kunga qadar, Agentlik tomonidan davlat idoralari va tashkilotlarida 8 388 ta boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha tanlov oʻtkazildi. Arizalarning umumiy soni 133 200 tani tashkil etdi. Tanlov natijalariga koʻra 2 404 nafar nomzod tanlab olindi, shundan 779 nafari (32%)foizi 20 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardir. Qolgan 3 679 ta boʻsh ish oʻrinlariga tanlov tadbirlari qaytadan tashkil etiladi.
Iqtidorli yoshlarni davlat xizmatiga jalb qilish, ayniqsa mahalliy darajada, davlat oldiga qoʻygan eng muhim vazifalardan biridir. Zero, yosh avlod vakillari yangi gʻoyalarni ilgari surishi va ularni amalga oshirish uchun bitmas-tuganmas kuchga ega ekanligi hech kimga sir emas.
Yoshlarga oʻzlarini namoyon etish, dadil tashabbuslarni ilgari surish va ularni amalga oshirishda bevosita ishtirok etish imkoniyatini berish orqali biz yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi jarayoniga jalb etishga erishamiz.
Nargiza Muxtorova
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi yetakchi inspektori









