“Yostiq tagida yotgan mablagʻlar” borligi yolgʻon emas

    Bir qator blogerlarimiz “xorijiy valyutaning katta qismi rahbar shaxslar qoʻlida toʻplangan”, degan fikrlarni bildirishmoqda.

    Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning ishlab chiqarishni rivojlantirish zaruriyati haqida gapira turib, aholining qoʻlida obrazli qilib aytganda, 10 milliard AQSH dollarga yaqin “yostiq tagida yotgan mablagʻlar” borligi haqidagi fikri ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Aslida Sodiq Safoyevning aholi qoʻlidagi ortiqcha mablagʻni iqtisodiyotga jalb qilish zarurligi haqidagi oʻrinli taklifini koʻpchilik tushunib-tushunmasdan talashib, tortishmoqda. Bir qator blogerlarimiz “xorijiy valyutaning katta qismi rahbar shaxslar qoʻlida toʻplangan”, degan fikrlarni bildirishmoqda. Shunday boʻlishi ham mumkin. Lekin bu fikrni isbotlash kerak. Bu haqida hech qanday hisob-kitoblar qilmasdan, faqatgina xayoliga kelgan xulosani ommaga eʼlon qilish aqlli odamning ishi emas. Qolaversa, dinimizda “gumon – iymondan ayirar”, degan maqolni yodimizda tutganimiz maʼqul. Bir paytning oʻzida “mashina olaman”, “toʻy qilaman”, deb pul yigʻayotgan oddiy odamlarimiz ham borligini unutmaylik. Ular ham bu pullarini asosan uylarida saqlashadi.

    Ayrimlar “Oʻzbekistonda banklarga ishonch yoʻq”, degan mulohazalarni bildirishibdi. Mening mutaxassisligim “moliya va kredit” yoʻnalishi. Qolaversa, 10 yil tijorat banki kengashining raisi vazifasida ishlaganman, hozirda rais oʻrinbosariman. Yurtdoshlarimiz toʻgʻri tushunishlarini xohlardim, bu lavozimlar mening ish joyim emas. Bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishlarida meni 20 yildan beri mutaxassis sifatida shu lavozimlarga saylab kelishyapti. Asosiy faoliyatim esa — olimlik. Demak, banklar faoliyatini ham nazariyotchi, ham amaliyotchi sifatida baholay olaman. Tan olish lozimki, 2016-yilga qadar aholida tijorat banklariga ishonmaydigan holatlar boʻlardi. Biroq undan keyingi yillarda boshlangan yangi iqtisodiy siyosatda mamlakatimiz bank tizimi aholi ishonchini qozonish yoʻlida juda katta ishlar qilayotganiga ham koʻz yumolmaymiz. Lekin tijorat banklari barcha jabhalarda jahon standartlari darajasida ishlay olishayotgani yoʻq. Ularning bu borada qiladigan ishlari hali koʻp. Aholi 10 milliard dollar mablagʻni banklarga topshirmasdan, uyida saqlayotgani ham bu gapimning isbotidir.

    Amaldorlarni tanqid qilib fikr bildirayotganlarga men ham qisman qoʻshilaman. Masalan, Oʻzbekiston kapital bozori kapitallashuvi mamlakat YAIMga nisbatan bor-yoʻgʻi 1 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan davlatlarda bu koʻrsatkich 30–60 foiz atrofida, rivojlangan davlatlarda esa 100 foiz va undan ham ortiq boʻlishi soha mutaxassislari uchun maʼlum. Demak, shu oddiy raqamlardan ham mazkur sohaning rahbarlari aholining ishonchini qozonish uchun hali juda qattiq xatti-harakatlar qilishlari kerak ekanligi koʻrinib turibdi.

    Aholi qoʻlidagi 10 milliard AQSH dollarni oborotga kiritish va undan samarali foydalanish umumdavlat va umumxalq ahamiyatiga ega ulkan masala hisoblanadi. Negaki, bu ishni amalga oshirish masalaga daxldor davlat idoralari va shu pul egalarining birgalikda amalga oshiradigan ishi hisoblanadi. Chunki banklar hamma sharoitni yaratsayu, lekin xalqni oʻziga ishontira olmasa, bu muammo hal boʻlmaydi. Hammamiz hamjihatlik bilan harakat qilib, oʻsha 10 milliardni iqtisodiyotga kirita olsak, bu bilan mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish uchun asos boʻla oladigan moliyaviy manba topgan boʻlamiz!

    Odil OLIMJONOV,

    iqtisod fanlari doktori, professor