Yozgi taʼtil ham maroqli, ham mazmunli oʻtmoqda

    Bo'sh vaqtda 7 Avgust 2023 2494

    Xorazm viloyatida 29 ta yozgi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ularda 11 ming nafardan ziyod oʻgʻil qizlarning sogʻlomlashtirilishi nazarda tutilgan.

    Oromgohlarda taʼlim-tarbiya sifatini, sportning ommaviyligini, kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Dam oluvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun 5 tashabbus doirasidagi toʻgaraklar ish yuritmoqda.

    Mening oʻzim bir necha yillardan beri oromgohlarda tarbiyachi, yetakchi, bosh yetakchi lavozimlarida oʻz ish yuritib kelar edim. Bu yil Xonqa tumanidagi “Sogʻlom avlod” bolalar yozgi dam olish va sogʻlomlashtirish oromgohida oromgoh rahbari vazifasi yuklatildi.. Bunda malakali pedagoglar, hamkor tashkilotlar vakillarining tajribalarga tayangan holda, faoliyatimizni yoʻlga qoʻyganimiz asqatyapti.

    Oromgohda bolajonlar uchun barcha shart–sharoit yaratilgan. Har bir bolaning rivojlanishi, salomatligiga alohida eʼtibor qaratilishi, mashgʻulotlarning qiziqarli oʻtishi esa ularning ham aqlan, ham jismonan sogʻlom boʻlib ulgʻayishlarini taʼminlayapti. Xususan, guruhlar oʻrtasida muntazam ravishda “Zakovat” intellektual oʻyinlari, turli xildagi kasb-hunar toʻgaraklari, sport musobaqalari muntazam ravishda tashkil etilyapti. Yurtimizning qadim maskanlari, ochiq oson ostidagi muzey shahar Xivaga sayohatlar uyushtirilyapti. Qolaversa, maskanimiz hududimizning eng soʻlim va bahavo joyida joylashgan.

    Yana bir eʼtiborli tomoni, oromgohimizga iqtidorli talabalarni jalb qilganmiz. Urganch davlat universitetining Marketing va talabalar amaliyoti boʻlimi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan suhbatlar asosida 4 navbatda 28 nafar yosh bosh yetakchi, tarbiyachi, musiqa rahbari, sport murabbiysi lavozimlarida ishlashi yoʻlga qoʻyilgan.

    Ular mavsum davomida 500 ga yaqin maktab oʻquvchilarining, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Shumanay tumanidan kelgan 100 nafar bolaning ham mazmunli hordiq olishiga hissa qoʻshib, qiziqishlari va intilishlariga mos mashgʻulotlar olib borishyapti. Tashkil etilgan toʻgaraklar faoliyatining yaxshi yoʻlga qoʻyilgani talabalarning boʻlajak kasblariga boʻlgan mehrdan, orttirilayotgan koʻnikmalar esa, ularning iqtidoridan dalolat berib turibdi.

    Marketing va talabalar amaliyoti boʻlimi rahbari, ustozimiz Qahramon Yoʻldoshevning talabalarning zoʻr ishtiyoq bilib ishlayotgani, ishonchimizni oqlayotgani bizni juda quvontirdi, degan soʻzlaridan juda mamnun boʻldik. Chunki, ular bir tomondan pedagogik mahoratlarini, tajribalarini oshirgan boʻlsalar, ikkinchi tomondan moddiy jihatdan ham ragʻbatlantirib kelinyapti.

    Yoz kunlarini tengdoshlari va yangi doʻstlari davrasida oʻtkazayotgan bolajonlarning quvonchi ham cheksiz. Bu esa, ularning yaqinlashib kelayotgan yangi oʻquv yilini har jihatdan kuchga toʻlib, zavq bilan boshlashlariga katta imkoniyat yaratayotganini koʻrsatadi.

    Mavjuda POʻLATOVA,

    Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi

    “Sogʻlom avlod” oromgohi direktori