“Yuk tashuvchi boʻlib qolib ketishim mumkin edi...”

    Suhbat 28 May 2021 3037

    Yurtimizda xalqaro xirsh indeksi boʻyicha eng yuqori baho olgan yosh olim hikoyasi

    “Agar sizga taʼlim qimmat tuyulayotgan boʻlsa, ilmsizlik qanchaga tushishini tekshirib koʻring!”, — degan edi davlat arboblaridan biri. Biz turmush tashvishlariga shu qadar oʻralashib qolganmizki, baʼzida kitob varaqlash ham erish tuyuladi. Shou-biznes vakillarining esa uyi qanday ekanligidan tortib, kechki ovqatga nima yeganigacha bilamiz. Lekin mamlakat iqtisodiyoti, ilm-fani rivojiga hissa qoʻshayotgan shaxslar faoliyatiga qiziqmaymiz.

    Shu maqsadda ilm-fan taraqqiyotiga hissa qoʻshayotgan zamondoshlarimiz faoliyati, yosh avlodga motivatsiya boʻladigan fikr-mulohazalarni muntazam berib borishga ahd qildik. Bugungi qahramonimiz mehnat faoliyatini poyezd bekatida yuk tashuvchilikdan boshlab, keyinchalik geolog olim darajasini egallagan Shamshodbek Akmalovdir.

    Onam ukamni maktabga chanada olib borar edi

    Xizmatchi oilasida tugʻilganman. Otam iqtisodchi, onam kadrlar boʻyicha mutaxassis. Yoshligimiz qishloqda oʻtgan. Uyda asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan mashgʻul edik. Ota-onam ziyolilarga oʻzgacha hurmat bilan qarashgan va ilmlilarni qadrlab kelishgan.

    Bilasiz, ilgari 5-sinfdan chet tili darslari oʻtila boshlardi. Lekin men 4-sinfdaligimdayoq ingliz tiliga qiziqib qolganman. Ota-onam sharoitlari u qadar yaxshi boʻlmasa-da, kitoblar olib berib, men bilan shugʻullanishga harakat qilishardi. Boshlangʻichdan yuqori sinfga oʻtgach, “Ana endi haqiqiy ingliz tili oʻqituvchisi bilan til oʻrganaman”, deb oʻylagandim, xursandchiligim uzoqqa bormadi: men oʻqiyotgan 15-maktabda ingliz tili oʻtilmas edi. Surishtirsak, mahallamizdan 8 kilometr uzoqlikdagi 43-maktabda ingliz tili oʻqituvchisi bor ekan. Ukamning ham 6 yoshdan qabul qilinishini inobatga olib, bizni oʻsha maktabga oʻtkazishdi. Oʻshanda ikki yilgacha, yaʼni moslashgunimizcha 8 kilometr masofaga onam ukamni qish kunlari chanaga solardi, men esa yonlarida uydan vaqtli chiqib maktabga ketar edik. Onam darsimiz kamroq kunlari chiqishimizni kutib oʻtirar, darslar choʻzilsa, uyga qaytar va yana shuncha yoʻl bosib, bizni olib ketardi. Demoqchimanki, ota-onam oʻqiyman, ilm olaman, mana bu kitobni olmoqchiman, mana bu toʻgarakka boraman, desak hech qachon yoʻq demasdi.

    Yuk tashib, oliy maʼlumotlilardan koʻp daromad topardim

    Uyimizning oldida poyezd bekati bor. Oilamiz katta, men bosh farzandman. Ota-onamning oila boqish, farzandlarni oʻqitish uchun qilayotgan saʼy-harakati, mehnatlarini koʻrib koʻmak bergim keldi. 11-sinfga oʻtganimda poyezd bekatida yuk tashuvchi boʻlib ishlay boshladim. Qishlogʻimiz yonida Toshkent suv ombori bor. Kichkinaligimizda u yerga koʻp borardik. Bu yerdagi masʼul kishilarning suvni kuzatishi, ifloslanishining oldini olish hamda baliqlarni brokonyerlardan saqlash borasida qilayotgan ishlarini koʻrib, biz ham suv xoʻjaligi boʻyicha mutaxassis, jamiyatga kerakli shunday inson boʻlishni oru qilganmiz.

    Maktabni tugatgach, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga oʻqishga topshirdim. Shartnoma asosida oʻqishga tavsiya etildim. Bu xabarni ota-onamga yetkazib, oʻqimasligimni, yuk tashuvchi boʻlib qolaverishimni aytdim. Toʻgʻri-da, oʻsha paytlarda yuk tashuvchilar oliy maʼlumotlilardan kam topmasdi. Shunda ota-onam “Hozir bilagingda kuch-quvvating bor. 5-10 yil, nari borsa 20 yil ishlarsan. Keyin-chi? Insondagi jismoniy imkoniyatning ham chegarasi bor. U bir kun tugaydi. Ilm olgan inson esa hech qachon ishsiz, daromadsiz qolmaydi. Shartnoma pulini bir amallab toʻlaymiz, sen, albatta, oʻqishing kerak”, deya qatʼiy turib olishdi. Agar oʻshanda ota-onam oʻqishga undamaganida, ilmga qiziqtirib, sharoit yaratib bermaganida hozir katta ehtimol bilan yuk tashuvchi boʻlib yurgan boʻlardim.

    Xirsh indeksi va baholash mezoni

    Scopus dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahliliy reyting platformalaridan biri boʻlib, ilmiy maqolalar mualliflari, olimlar, jurnallar, tashkilotlar, mamlakatlar reytinglarini tuzish imkonini beradi. Undan oʻrin olish uchun ilmiy maqola yozish talab etiladi. Reytingda oʻsish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi, olimlar oʻz maʼruzalarida undan foydalanishi kerak. Bu qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi.

    “Xirsh indeksi” 2005-yilda amerikalik olim Jorj Xirsh tomonidan olimlarning ilmiy faoliyati natijadorligini hisoblash uchun taklif etilgan koʻrsatkichdir. Mazkur indeks olim, ilmiy tashkilot yoki ilmiy markaz nomidan nashr etilgan maqolalar va undan olingan iqtiboslar soniga asoslanadi. Masalan, olimning 10 ta maqolasidan jami 10-marta iqtibos keltirilsa, uning “Xirsh indeksi” 10 ga teng. Agar u 100 ta maqola chop etgan boʻlsa-yu, ulardan faqat bir marta iqtibos keltirilgan boʻlsa, uning indeksi 1 ga teng deb baholanadi.

    Oʻzbekistonda ilk marotaba Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Xirsh indeksi boʻyicha eng yuqori maqomga ega boʻlgan olimlar taqdirlandi. Buning uchun “Elseiver” bazasiga mamlakatimizda ilmiy ijod bilan shugʻullanayotgan olimlar toʻgʻrisida maʼlumot soʻrab, murojaat joʻnatildi. Baza esa iqtiboslik darajasi eng yuqori olimlar roʻyxatini taqdim etdi. Shuni aytishim mumkinki, bunday baholash mezonida Oʻzbekistondan inson omili ishtirok etmadi.

    Orolni saqlab qolish qiyin, ammo...

    Orol dengizi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun insoniyatning global muammolaridan biri. Nomzodlik dissertatsiyamda unga quyiladigan Sirdaryo misolida Orolga boradigan hamda bugʻlanib ketadigan yer osti va yer usti suvlarining harakatini masofadan oʻrganishda axborot texnologiyalarini yaratishni maqsad qildik. Afsuski, suv sathini oʻlchash hamda Orolboʻyi mintaqasida gidrologik va gidro-geologik tadqiqotlarni olib borishda ishlatiladigan texnika va texnologiyalar juda eskirgan. Uslublar ham eski. Hozir suvni nazorat qilish uchun u hududga borishning hojati yoʻq. Bu ishni sunʼiy yoʻldosh hamda boshqa zamonaviy texnologiyalar orqali ham amalga oshirish mumkin. Yana bir achinarli tomoni, ilmdagi bu yangilik va yangi tashabbuslarni keksa avlod vakillari tomonidan qabul qilinishi qiyin kechmoqda.

    Orolni saqlab qolish qiyin. Bu juda ogʻriqli masala. Ammo uning atrofida landshaftlar hosil qilib, unga kelib tushayotgan va bugʻlanayotgan suv harakatini nazorat qilish mumkin. Ayni paytda Qoraqalpogʻiston hududida quduqlar oʻrnatib, suv bilan bogʻliq ishlarni masofadan boshqarishga yoʻl-yoʻriq koʻrsatuvchi ulkan baza yaratish ustida ishlayapmiz. Bu baza nima uchun kerak?

    Biz yaratayotgan baza Orolboʻyida olib boriladigan geologik va gidro-geologik jarayonlarni soʻnggi innovatsion texnologiyalar asosida masofadan turib boshqarish imkonini beradi. Yaʼni, mutaxassislar poytaxtdan turib, u yerdagi jarayonlarni kuzatadi, tahlil qiladi, muammo yuzaga kelgan joylar toʻgʻrisida maʼlumotlarni olib, tegishli tashkilotlarga joʻnatadi. Bu ham vaqt, ham mablagʻni tejaydi.

    Ilm yoʻlini tanlagan oilasini qay darajada taʼminlay oladi?

    Bu savolni bundan bir necha yil oldin soʻraganingizda “Unchalik taʼminlay olmaydi” deb javob bergan boʻlishardi. Chunki haqiqatan ilm ahlining oylik maoshi hattoki yuk tashuvchinikidan ham pastroq edi. Ammo soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan eʼtibor oshib, hozir oʻz ishining ustasi, bilimli va chet tillarni biladigan harakatchan olim manaman degan tadbirkor bilan bellasha oladi.

    Bugungi kunda fan nomzodining oyligi 6 million soʻmdan oshadi. Uning oyligiga 15 foiz ustama qoʻshiladi. Agar u doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, professor unvonini olsa, oyligiga yana 60 foiz ustama qoʻshib beriladi. Agar tadqiqotchi xalqaro til sertifikatiga ega yoki chet el bazalarida maqola chop etgan boʻlsa, bunga ham qoʻshimcha mablagʻlar yoziladi.

    Tadqiqotchi oʻn kunda 5-6 ming yevro topishi mumkin, agar...

    Nafaqat ilm sohasiga kirgan odam, balki barcha uchun ham chet tilni bilish juda muhim va zarur. Agar tadqiqotchi ingliz tilini yaxshi bilsa, unga imkoniyat eshiklari yana-da keng ochiladi.

    Universitetimizda chet elda taʼlim olishni taʼminlovchi xalqaro grant dasturlari koʻp. Shulardan Erasmus mundus dasturiga kiruvchi ikkita misolni keltiraman. Bularning biri Ruminiyaga, biri Slovakiya davlatiga beriladi. Bu loyiha doirasida bir professor-oʻqituvchini oʻn kunga stajirovkaga joʻnatamiz. Olimning kundalik xarajatlariga kuniga 250 dan 750 yevrogacha stipendiya ajratiladi. Yashash va transport xarajatlaridan orttirib, 5-6 ming yevro atrofida stipendiya olib qaytishi mumkin. Eng asosiysi, ilm va ishlab chiqarish uygʻun olib borilgani sabab, dalalarga borib qishloq xoʻjaligi korxonalarining ishlashini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi. Mana sizga til bilgan olimning oʻn kunlik daromadi va erishadigan muvaffaqiyatlaridan biri.

    Men ham bir necha marotaba chet davlatlarga bordim, malaka oshirdim, oʻqidim, ilmiy izlanishlar olib bordim. Har gal chet el ilmiy doiralari vakillari ichida yurganimda, ularning bizga hurmat bilan muomala qilganlarini koʻrganimda chana orqalagan onam, qoʻshimcha toʻgaraklarga pul topib bergan otam koʻz oʻngimda gavdalanadi. Ichimdan oʻtadigan bu tuygʻularni soʻz bilan taʼriflay olmayman.

    Oʻzbekiston universitetlari nega yuqori reyting roʻyxatiga kira olmayapti?

    Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari koʻp yillardan beri xalqaro reytinglarga kirishga harakat qilib keladi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda bu jarayon ancha jadallashdi. Bilasizmi, reytingga kirishning talablari juda koʻp. Bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, xalqaro universitetlar bilan aloqani keng yoʻlga qoʻyish hamda taʼlim sifati kabi tamoyillar ularning eng muhimlaridir. Bizning oliy oʻquv yurtlarida ish bilan taʼminlash maqtanarli darajada emas. Qolaversa, professor-oʻqituvchilarning hammasi ham chet tilini yaxshi bilmaydi. Buning oqibatida chet el universitetlari bilan aloqalar keng yoʻlga qoʻyilmaydi. Mana shu ikkita omil universitetlarimizni oyogʻidan chalaveradi.

    Fransiya qanday rivojlandi?

    Fransiyaga doktorantura uchun oʻqishga borganimda, toʻgʻrisi, biroz hayratlandim. Bir tomonda zamonaviy sivilizatsiya boʻlsa, ikkkinchi tomonda koʻhna tarix. Bir doʻstimdan soʻradim: — Bizga kimyo oʻqituvchimiz ­Oʻzbekiston hududida Mendeleyev jadvalidagi barcha element bor, deb aytardi. Sizlarning yeringizdagi asosiy element esa ohaktosh. Shunday ekan, Fransiya qanday qilib rivojlandi?

    U shunday javob berdi:

    — Bizda gʻoya bor va bu gʻoya dunyodagi barchaga kerak!

    Ana shunda tushundimki, insonning jismoniy mehnatidan koʻra, aqliy salohiyati qimmat turadi.

    Inson resursi va ilmiy salohiyat

    Oʻzbekiston — serquyosh diyor. Qishloq xoʻjaligi boʻyicha imkoniyatlarimiz beqiyos. Yer osti va yer usti boyliklarimiz ham kam emas. Ammo ular cheklangan. Bir kun kelib tugaydi.

    Bugun hukumatimiz bizga manfaatli taklifni ilgari suryapti: “Hozir imkon va resurslar borida oʻqing, ilm oling!”.

    Darhaqiqat, tabiiy boyliklarga suyanib qolmaslik kerak. Inson resursiga investitsiya kiritib, uni rivojlantirishimiz zarur. Taraqqiyot drayverlari shuni taqozo etyapti. Boʻlmasa, jilov boshqalarning qoʻliga oʻtib ketadi...

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Sohiba MULLAYEVA

    yozib oldi.