Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari, YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimovni taʼkidlashicha mazkur yubiley sanasini YUNESKO rahnamoligida nishonlash tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ishlab chiqilgan va Bosh qarorgohga taqdim etilgan nomzodlik hujjati Eron Islom Respublikasi, Tojikiston va Turkiya kabi davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. Shuningdek ushbu qaror joriy yil noyabr oyida Parijda boʻlib oʻtadigan YUNESKO Bosh anjumanining 41-sessiyasida tasdiqlanishi kutilmoqda.
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy oʻrta asr qomusiy bilimlar donishmandi, astronomiya, matematika, falsafa, joʻgʻrofiya, etnografiya, antropologiya, geologiya, tarix, botanika, farmakologiya fanlarining olimi va insorparvar shaxs boʻlgan.
Beruniy 973-yilning 4-sentyabrida Xorazmning qadimiy poytaxti Kat shahri (hozirgi Qoraqalpogʻistondagi Beruniy shahri) yaqinida tavallud topgan. Olim matematika va astronomiya kabi fanlarning rivojlanishiga, shu jumladan, sayyoralar joylashuvini hisoblab chiqishni osonlashtirish uchun astronomik parametrlarning nazariy hosilasi va jadval funksiyalarni ishlab chiqishga katta hissa qoʻshgan.
Beruniy 150 ga yaqin asarni yaratib, oʻz davridagi aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlarning deyarli barcha sohalariga taalluqli katta ilmiy meros qoldirdi. Beruniy asarlari koʻplab tillarga tarjima qilingan va shu kungacha ham oʻz dolzarbligini saqlab qolgan.
Nomzodlik hujjatda Arizada taʼkidlanganidek, turli xil taqvim tizimlarini, hukmdorlar tarixini, qahramonlarni, siyosiy voqealarni, madaniyatni, urf-odatlarni va axloq mavzularini oʻzaro bogʻliqligini oʻrganib chiqqan tarixchi sifatida mashhur boʻlgan Beruniyning ishlari, shuningdek, turli madaniyatlarni yaxshiroq tushunish va umumiy intellektual yutuqlarni baholashni shakllantirishga yordam beradi.
Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining raisi Frederik Starr olim faoliyatining ahamiyatini yuqori baholadi - "Beruniyning merosi oʻz miqyosi va koʻp jihatdan aniq fanlarning rivojlanishini oldindan koʻra olgani bilan haqiqiy qiziqish va hayratga sabab boʻladi. Uning asarlari tabiatshunoslik sohasidagi keyingi kashfiyotlar uchun kuchli turtki va asos boʻlib xizmat qildi. Misol uchun, astronomiya va trigonometriyaning mustaqil tadqiqot sohalari sifatida yaratilishi aynan Beruniy bilan boʻliq. Oʻz davrining eng yetuk muhandisi boʻlgan olim, oʻzi yaratgan formulalar yordamida yer va oyning diametrini XVII asrgacha yashagan boshqa olimlarga nisbatan aniqroq oʻlchashga imkon beruvchi asboblarni oʻzi yasagan. Baʼzi tadqiqotchilar, Beruniy, shuningdek, Shimoliy va Janubiy Amerikaning odamlar yashaydigan qitʼalar mavjudligi haqidagi farazni ilgari surganini taʼkidlaydi.
Ammo, shubhasiz, bu olimning oʻzi oʻrgangan ilm-fanning barcha sohalaridagi innovatsiyalari murakkab matematikani til, din va madaniyatning inson hayotiga taʼsiri haqidagi misli koʻrilmagan tushuncha bilan birlashtirdi.
Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi munosabati bilan Oʻzbekistonda Beruniy tavalludiga bagʻishlangan qator tadbirlar oʻtkaziladi. Bundan tashqari, Beruniy yubiley sanasi Eron, Tojikiston va Turkiya davlatlarida ham keng nishonlanishi hamda hamkolikda tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.