Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi taqiqlangan hududga koʻp miqdorda jonsiz holatdagi tovuqlar tashlab ketilgani aks etgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan oʻrganishlar boshlangani haqida Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, boshqarma xodimlari tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida Yuqori Chirchiq tumanining “Miyam kangli” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan yer maydoniga nomaʼlum shaxslar tomonidan parranda qoldiqlari tashlab ketilgani kuzatildi. Parranda qoldiqlarini belgilangan tartibda yoʻq qilish maqsadida maxsus texnikalar yordamida chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarga utilizatsiya qilish uchun yuborildi.

Hozirda ushbu hududga chiqindilarni tashlagan shaxslarni aniqlash yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.