Yoshligimizda bobo, buvilarimizning “Gʻayratim bor-u quvvatim yoʻq-da” degan gaplarini koʻpam tushunavermas ekanmiz. Aslida, har bir inson yoshi ulgʻaygani sayin bu gapni beixtiyor dildan oʻtkazadigan, oʻzi bilmagan holda tiliga ham takror-takror chiqaradigan boʻlib qolar ekan. Salkam chorak asr bolalar nashri — “Gʻuncha” jurnalida ishlagan, chapani aytganda, yoshligida tovonidan oʻt chaqnagan, bugun esa toʻqson yosh arafasida ham gʻayrati joʻshib turgan Yayra Saʼdullayeva bilan suhbatimiz bolalik, yoshlik shijoatidan boshlandi.

Hayotimga yoʻllanma bergan dargoh

— Beshinchi yoki oltinchi sinfda oʻqiyotganimda “Qodir tokar boʻladi” nomli maqolacham “Yosh leninchi”da chop etilgan. Oʻsha kungi quvonchimni tasvirlab berolmayman. Shuningdek, bu shodlikka xizmati singgan rahmatli Shorahim Azimov, menga erkin, samimiy yozishni oʻrgatgan Abdulaziz Vahobovni sira unutmayman. Shu qatorda Mirzakalon Ismoiliy, Muzayyana Alaviya, Toʻxtasin Jalolov, Mahmud Murodov kabi ustozlarimni ham alohida esga olmasam boʻlmaydi. Chunki ulardan sabot va matonatni, ruhiy azoblar girdobidan ham magʻrur chiqa olishni oʻrgandim. Ularning bu jasoratiga ming tahsin aytgim keladi.

Shunday insonlarning ustozlik mehri bilanmi, gazetaga kundan-kun qattiq bogʻlanib bordim. Maktabga “Yosh leninchi” kelmay qolgan kuni yigʻlaganim ham esimda. Chunki u hayotim maktabi boʻldi. Bolaligim, oʻsmirligim, yoshligimga shu gazeta mazmun berdi, pillapoya boʻlib meni yuksak manzillarga eltdi. SAGUning filologiya fakulteti jurnalistika boʻlimiga qabul qilindim, oʻsha davrning nomdor stipendiyasiga sazovor boʻldim.

Talabaligimda ham “Yosh leninchi”dan uzilib ketmadim. Unda har kun hayot qaynardi. Yoʻlaklar-u xonalar jurnalistlar shovqinidan gavjum, bu beoromlik tahririyatga mehrimni yanada oshirardi. Bosh muharrirdan tortib texnik xodimlargacha eng aziz insonlarimga aylanib qolishgan. Ular uchun men ham qadrli boʻlib qolgan ekanman, oʻqishni bitirishim bilan ishga chiqirib olishdi. Atigi yetti oy ishlagach, meni oʻsha vaqtdagi OʻzLKSM Markaziy Qoʻmitasiga matbuot kotibi etib tayinlashdi.

Koʻp oʻtmay jonajon gazetamga muharrir oʻrinbosari etib tasdiqlashdi. Chinakam ijod, izlanish fasli ana shunda boshlandi. “Yosh leninchi”ning tajriba maktabi meni faqat ilgarilatdi. Dadillik, jurʼat va olovi soʻnmas yurak hadiya etdi. Hamon gazetadan kimdir hol soʻrab kelsa, tahririyat nafasi kelganday tuyulaveradi. Chunki tahririyat men uchun eng muqaddas, tabarruk dargoh boʻlgan va umrimning soʻngiga qadar shunday boʻlib qolaveradi.

Darvoqe, azizlarim, 90 yoshni qoralab qoʻyibman. Shukur, hanuzgacha qatoringizdaman. Hurmat koʻrdim, eʼzoz topdim. Davlatimizning oliy mukofotlari bilan taqdirlandim. Koʻksimni qator orden va medallar bezab turibdi. Meni dam Oʻzbekis­ton Yozuvchilar uyushmasidan, dam Jurnalistlar uyushmasidan yoʻqlab turishadi. Bu bari hayotimga yoʻllanma bergan, “koʻz ochib koʻrgan” tahririyatim sharofati emasmi?

Mirzachoʻl insonni qadrlashga oʻrgatdi

Yayra opaning Mirzachoʻldagi ishlari haqida eshitganlar, ayniqsa, yoshlar shaharlik bir qizga shuncha kuch, choʻlga shu qadar intilish qayerdan, deb ajabsinadi. Chindan ham Toshkentning Sebzorida tugʻilib oʻsgan qizning shahardan olislarga, tuproqqa qishloq odamiday talpinishini qanday tushunish mumkin, deya opaning oʻzidan soʻradik.

— Shuning uchun ham jurnalist kasbini ortmoqlaganman-da, yuragi alangalangan kezlarni xotirlay boshladi opa. — Qiziquchanlik jurnalistning qon-qoniga singgan. Buningsiz mumkin emas. Qolaversa, “Yosh leninchi” doim yetakchi nashr boʻlib, yigit-qizlarni dolzarb chiqishlari bilan ruhlantira olgan. Unda chop etilgan tanqidiy maqolalar, felyetonlar albatta aks sado berar, tegishli mutasaddilar xushyor tortib qolishardi. Muxbirligim ortidan bir necha bor Mirzachoʻlda boʻlib, har gal olam-olam mavzular bilan qaytdim. Oʻsha davrlar Andijon viloyat Yoshlar qoʻmitasining kotibi boʻlib ishlagan, keyinchalik German Titov nomli 6-sovxozda faoliyat yuritgan Sodiq Yoʻldoshev haqida yozilgan, yuksak eʼtirpof etilgan “Ona tuproq” ocherkim Mirzachoʻldan olgan taassurotlarimning bir qismi. U paytlar mirzachoʻllik koʻplab odamlar zax, qorongʻu yertoʻlalarda yashagan boʻlsa ham hayotidan nolimadilar, mashaqqatli mehnatdan tolmadilar. Ana shunday tanti, qoʻli qadoq odamlar sabab Mirzachoʻl bugun Mirzaboʻstonga aylandi.

Albatta, ota-onamning roziligi bilan men ham Mirzachoʻlning boʻstonga aylanishida qatnashganman. Olov edim, yonar edim, shashtimni na redaksiyadagilar, na yoshlar tashkilotidagilar qaytara olmagan. Mashhur choʻlquvar Quvondiq Abdurazzoqovning xonadonida yashagunimga qadar barak, yertoʻla nimaligini his qildim. Aksariyati turli jinoyatlari uchun ozodlikdan mahrum etilgan mahbuslardan iborat jamoaga yoshlar yetakchisi etib saylashdi. Boʻyim bir yarim mertdan ozroq oshadigan, ushoqqina qiz boʻlsamda, yuragim alangasi osmon qadar boʻy olardi. Mirzachoʻlda brigada boshligʻi ham boʻldim, paxta terish mashinasini boshqarishni oʻrgandim. Yer chopish asnosida uning tilini oʻrgandim. Aytganingizdek, toshkentlik qiz uchun bu juda katta maktab edi.

Choʻlquvarlar bilan uchrashuvga kelgan kosmonavt-uchuvchi Pavel Popovich sharafiga tashkillashtirilgan tadbirni ochishdek masʼuliyatli vazifa menga topshirilganidan keyin jamoatchilik ishlariga astoydil aralashib ketdim. Men uchun ishning ogʻir-yengili boʻlmadi. “Yosh leninchi”ga maqola va xabarlar, ocherk va lavhalar yuborib turdim. Umumiy qilib aytganda, Mirzachoʻl menga insonni qadrlashni oʻrgatdi.

Choʻldan qaytganimda meni oʻsha vaqtda ishlangan “Sinchalak” filmida bosh rolni oʻynashga taklif qilishgan. Hatto probadan ham oʻtgandim, ammo kinoda oʻynashni istamadim. “Gulxan” jurnaliga bosh muharrir etib tayinlashdi. Bu yerda Mirzachoʻlda orttirgan hayotiy tajribalarim juda qoʻl keldi. Mehnat insonni har tomonlama toblashiga amin boʻldim. Mirzachoʻldagi taassurotlarim jamlangan “Hayotning bir varagʻi” nomli kitobimni qoʻlimga olsam, hamon shirin xotiralarga koʻmilaman.

Kichiklar uchun yozishning katta masʼuliyati bor

Bolalikning oʻziga xos olami bor. Aslida bola boʻlib, bolaning tilidan yozish qiyin. Kimlardir bolalar nashrlarini tayyorlash oson deb oʻylaydi. Bu boradagi fikrlarini opa shunday ifodaladi:

— Toʻgʻri aytdingiz, bolalarning oʻz olami bor deb. Shunday ekan, bu ulkan olamni, samimiyat va begʻuborlik hukm surgan oʻzga dunyoni kattalar kashf eta olishi kerak. Soddaroq gapirsam, aldab-avrasam — olam guliston, deganlar katta xato qiladi. Zero, bolalar yolgʻonni, yasamalikni darrov anglaydilar. Ertaklar boshqa gap, afsonalar aytib bolalarning ongu shuurini boyitmoq oʻzga masala. Ammo yolgʻon, aldov kechirib boʻlmas xatodir. Bolalarni oʻzingizga teng biling, ular bilan dillashing. Yetuk adabiyotchi, shoir va yozuvchilar ham bolalar uchun kichik hikoya yozishning katta masʼuliyati borligini doim taʼkidlaganlar.

Chunki har safar “Gʻuncha” degan soʻzni eshitsam, bu jurnal uchun fidokorona mehnat qilgan jurnalistlarimiz, texnik xodimlarimiz koʻz oldimdan oʻtaveradi. Biz taxririyatimizda jurnalning navbatdagi sonini tayyorlash uchun yigʻilganimizda, har bir maqola, sheʼr yoki hikoyani obrazga kirib, birma-bir oʻqirdik. Yoshi bir yerga yetgan Mahmud aka Murodov dam hikoyada “soʻzlayotgan” jajji qizchaning ovozini berishga harakat qilardilar, dam keksa donishmand qiyofasiga kirardilar. Shoir Rauf Tolib “Temirvoy” boʻlsa, Tursunpoʻlat Holmuhamedov, Sobit Gʻafurovlar tez aytish aytib, maqol va topishmoqlar tanlovi uyushtirardilar. Xona gurra kulgu va hazil-mutoyibaga gʻarq boʻlardi. Bizning bu “planyorkalarimiz” jurnal sahifalariga sifatli, bolalar uchun qiziqarli va mazmunli materiallar berishimizga asos boʻlardi. Jurnalning texnik xodimlari ham taxririyat hayotida faol boʻlishgan. Jamoaning birligi — ish unumiga, xususan, nashrning muvaffaqiyatiga sabab boʻladi.

Xonadoniga “Gulxan”, “Gʻuncha” va “Tong yulduzi” kirib bormaganlar koʻp narsa yoʻqotayotganlarini bilarmikanlar?

Men chorak asr “Gʻuncha” jurnaliga muxarrirlik qilganman. Bu dargoh respublikaning eng yirik adabiyotshunos olimlari, yozuvchi va shoirlarini, isteʼdodli moʻyqalam ustalarini bagʻriga chorlab, jamlay bilgan. Hindiston, Pokiston, Rossiya, Belorusiya va Ukrainalik bolalar adabiyoti vakillari bilan bevosita muloqot oʻrnatgan edi. U vaqtlar jurnalimiz tiraji 840 mingdan ortgan. Toʻgʻri, hozir davr boshqa dersiz, majburiy obuna yoʻq... Ammo xonadoniga “Gulxan”, “Gʻuncha” va “Tong yulduzi” kirib bormaganlar koʻp narsa yoʻqotayotganlarini bilarmikanlar?

Bolalar uchun nashrlarning koʻpaygani, turli kitoblar chop etilishi avj pallaga yetgani juda quvonarli hol. Balki bu choralar bolalar uchun chop etilayotgan maxsus gazeta va jurnallarning ayanchli ahvoliga ham yechim topar. Har qalay bunga umid qilaman...

Oilaning halovati asosan ayolga bogʻliq

Oʻz davrining yoshlariga yetakchi, rahbar ayollariga ibrat namunasi boʻlgan qahramonimizdan faoliyatda muvaffaqiyatga erishish, el nazariga tushish va xalq ishonchini oqlash uchun qaysi jihatlarga eʼtibor berishimiz kerakligi haqida soʻradik.

— El duosi insonga kuch berar ekan, xalqning duosi bilan menga hamisha birinchilar safida boʻlish nasib etganidan yaratganga shukrlar aytaman. U davrlar ayollar orasida yuqori lavozimlarda ishlaydiganlar, yoshlar yetakchilari yoki bosh muharrirlar juda ozchilik boʻlardi. Minglab odamlar bilan toʻlgan saroylarda maʼruza qilish, yurtimizga tashrif buyurgan kosmonavtlar, chet ellik nufuzli mehmonlarni kutib olish, katta jamoaning yoshlar yetakchisi boʻlish menga oson boʻlmagan albatta. Respublika Yoshlar ittifoqi yoʻllanmasi bilan xorij mamlakatliriga – Livan, Siriya, Gʻarb davlatlariga tinchlik elchisi sifatida yuborildim. Va hech qachon menga koʻrsatilgan hurmat va ishonchga hiyonat qilmaganman. Kattani katta, kichikni kichik oʻrnida koʻrganman. Eʼtiqodim, imonim va vijdonimga qarshi bormaganman. Mansab, martaba, lavozim – oʻtkinchi olamning oʻyini. Ularga aldanmay, oʻzligingizni yoʻqotmasangiz, odamlarning roziligini olasiz, el nazaridan qolmay chinakam hurmatga sazovor boʻlasiz.

Ustozim Muzayyana Alaviyaning “Yayraxon, uyingizga kelinchak boʻlib, ayol boʻlib kirib boring. Muharrirligingiz eshikning orqasida qolib ketsin”, degan nasihatlari sira yodimdan chiqmaydi va men butun hayotim mobaynida ustozimning ushbu oʻgitlariga amal qildim. Farzandlarimga ham shuni uqtirdim.

Bor mehrimni oilaga berdim va ulardan berganimdan ortigʻini koʻrdim. — Buning uchun juda katta kuch, iroda kerak albatta, hamma ham shunga qodir boʻlavermaydi, ayniqsa, bugun aksariyat onalar faqat ish faoliyati doirasida oʻralashib qolgandek...

— U vaqtlarda chindan muharrirlik vazifasi katta lavozim edi. Qancha qutlovlar sharafiga oʻransam ham xonadonim eshigidan jismu jon boʻlib kirib bordim. Tilimning boli oilamga ataldi. Ikki nafar qizimga ham, kelinimga ham shirinsuxanlik, oilada halovat-huzur yaratish asosan ayolning zimmasida ekanligini uqtirishdan charchamayman. Otani farzandlarga, farzandlarni otaga yaxshi koʻrsatish, boʻlar-boʻlmas, mayda narsalarni kattalashtirib yubormaslik onaning diqqat-eʼtiborida tursa, bu oilada hech qachon kelishmovchilik, dilxiraliklar boʻlmaydi. Bugun ayrim ayollarning pul topgan kishi boʻlib, hatto erlari ustidan hukmronlik qilayotgani, farzandlarini oʻz holiga tashlab qoʻygani haqidagi gaplar koʻngilni ogʻritadi. Toʻgʻri, erkaklik masʼuliyatini his qilmaydigan oila boshliqlari ham talaygina. Lekin nima boʻlganda ham ayol oilada muvozanatni saqlab tursa, barcha qiyinchiliklarni yaxshilik bilan yengib oʻtish mumkin.

Dardkashing ham, tabibing ham qalam boʻlarkan

Rahbarlik yuki ogʻir. Rahbarning yurishi ham, turishi ham, ish yuritishi va muomalasi, hatto kiyinishi ham muhokamalar uchun mavzu boʻladi. Ayol rahbarlarga esa ikki karra ogʻirlik bor. Bu ogʻirlikni yengil qilish esa turmush oʻrtogʻining qoʻlida. Mening baxtim, sunchim, qanotlarim turmush oʻrtogʻim Abduolim Karimov edilar. Ogʻir-bosiq, mulohazali, enseklopedik ilm sohibi, faylasuf olim, dotsent va eng asosiysi pokiza, halol va vijdoniga gard yuqmagan inson edilar. Dunyodan ketar chogʻlari menga “Niyat qilgan kitoblaringizni yozing” deb aytgan edilar. Men u kishi olamdan oʻtganlaridan soʻng es-xushimni yoʻqotayozdim. Bizningdek tinch yashagan, bir birisiz safarga ham chiqmagan, nigohlar orqali “gaplashadigan” oilalar kam boʻlsa kerak. Yoʻqotish alami meni butkul “toʻkib” yuborishi mumkin edi oʻshanda. Qoʻlimga qalam tutdim. Saʼdullayevlar sulolasi haqidagi “Katta hovli” kitobini yozishga kirishdim. Turmush oʻrtogʻimga bergan vaʼdamni bajardim. Asli ularsiz yashashdek mushkul kunlarimga Abduolim akaning oʻzlari chiroq yoqib ketgan ekanlar. Meni ish bilan chalgʻitdilar... Soʻng “Nurli va nursiz osmon” kitobini yozdim. Qoʻlimda qalamim borligiga shukr qilib ketaman. Baʼzan bir parcha qogʻozu qalam bilan tanho qolib, toʻkilasan. Sening dardkashing ham, tabibing ham qalam boʻlarkan. Kimlar kelib, kimlar ketmadi bu dunyoga... Koʻnglim izhorini Zulfiyaxonimning quyidagi satrlari bilan izohlay olaman:

Xijroning qalbimda, sozing qoʻlimda.

Hayotni kuylayman, chekinar alam.

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman – hayotsan sen ham...

“Yashasin hayot alangasi!”

— Soʻnggi yillarda darhaqiqat Oʻzbekiston yangidan barpo boʻlyapti. Global oʻzgarishlar bizning Oʻzbekiston deb atalgan katta xonadonda ham, oila deb atalgan kichik xonadonda ham aks-sado topyapti. Yurtimiz gullab-yashnamoqda, xalqimiz baxt­­li hayot kechirmoqda, nevara, chevaralarim eng nufuzli taʼlim maskanlarida oʻqishyapti. Chet tillarida bemalol soʻzlashadi. Uch farzandim ham, hatto kelin va kuyovlarim ham jurnalist, matbuotchilar. Shu yoshimda ham albatta yangiliklar, axborot dasturlarini kuzatib boraman. Hali ham kundalik daftarimga kunning eng muhim yangiliklarini, qiziqarli va eʼtiborli voqealarni qayd etishdan charchamayman. Zero, barcha illatlarning boshlanishi loqaydlikda deb bilaman. Islohotlar samarasi esa – ijroda. Ijroda loqaydik boʻlmasa ezgu niyatlar, rejalar amalga oshadi. Hamma oʻz qalbi bilan, yurak qoʻri bilan ishlashi kerak. “Yashasin hayot alangasi!” — mening bir umrlik shiorimdir. Yuragingiz yonib yashang, koʻnglingiz toʻlib ishlang. Oʻz oʻrningizni topishga harakat qiling, hato qilishdan choʻchimang. Eng asosiysi esa — halol boʻling!

Davlatimiz rahbari 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berildi. Mana shuning oʻzi ham ertangi kunimizning mustahkam poydevori boʻldi. Sifatli taʼlim insonga eʼtiborning eng muhim jihati aslida. Ertamiz egalarining bugun sifatli taʼlim olishi, kelajagimiz ishonchli qoʻllarda degani.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri