Hakim Tohir olgan suratlar

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga koʻra, Navroʻz bayramini munosib nishonlash va Ramazon oyini koʻtarinki ruhda oʻtkazish, mahallalar va aholi turar joylarini obodonlashtirish hamda sanitariya holatini yaxshilash maqsadida 13–14-mart kunlari yurtimizda hashar oʻtkazilmoqda.

Hashar tadbirlarini tashkil etishda “mahalla yettiligi” aʼzolariga alohida vazifalar yuklatilgan. Xususan, mahalla raisi hashar ishlariga rahbarlik qiladi, hokim yordamchisi ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashadi. Yoshlar yetakchisi qabristonlarni tartibga keltirish, xotin-qizlar faoli xonadonlarda tozalikni taʼminlash ishlarida ishtirok etadi.

Jami 8 ming 992 ta mahallada ishchi guruhlar tashkil etilgan boʻlib, hashar tadbirlari “koʻchabay” va “xonadonbay” tarzda oʻtkazilmoqda. Koʻcha va xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda mahalla hududlarini obodonlashtirish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shuningdek, Ramazon oyi munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj 100 ming nafar oilani qoʻllab-quvvatlash maqsadida xayriya hasharlaridan tushgan mablagʻlar hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Yashil makon” loyihasi doirasida mahallalarda va ichki koʻchalarda 4,5 milliondan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish ishlari amalga oshirilmoqda.