Shu bois, qishloqda har burchakda toʻplanib, gap sotib oʻtirganlarni uchratmaysiz. Qoʻlidan ish keladigan kishi borki, dehqonchilik, chorvachilik bilan mashgʻul. Muhimi, topganini toʻy-hashamga sarflashni yomon koʻradi. Imkon topildi deguncha, farzandlarini ilm olishiga undaydi. Yoshlari ham ilmga chanqoq, intiluvchan. Qoʻlida kitob, doim qaysidir tanlovlarda ishtirok etish niyatida yuradi.
Aholisi uncha koʻp boʻlmagani uchun qishloqning yagona maktabi ham katta emas. Lekin shu moʻjazgina taʼlim maskanida ilm olgan oʻquvchilar mamlakatimizning turli hududida, hatto xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olgan. Yetakchi mutaxassis sifatida ishlamoqda. Qahramonimiz ham aynan shu qishloq farzandi.
...Adham qoʻy-qoʻzi boqib yurgan bolalik kezlaridayoq tibbiyotga mehr qoʻydi. Shifokor boʻlish uchun nima qilish zarur degan savolni har kuni oʻqituvchilarga bergisi kelar, lekin iymanib, indamay qoʻya qolardi. Baribir puxta bilim kerak degan fikrda barcha fanlardan aʼlo baho olishga intilardi. Uning shifokorlikka qiziqishining yana bir sababi shaharda yashaydigan amakisining ham shu soha vakili ekanida edi. Koʻpincha mehmonga borganida amakisi jarrohlik yoʻli bilan qancha bemorni davolagani haqida gapirib berar, bu hikoyalar Adhamni hayajonga solardi. Gohida inson aʼzolarini qay yoʻl bilan qoʻrqmay ochib, amaliyot oʻtash mumkinligi haqida oʻylardi. Baʼzida amakisi boʻrttirib hikoya qilayotgandek tuyulardi. U koʻp savollariga javob olishni istar, ammo oʻsha tortinchoqlik sabab jurʼati yetmasdi.
Kunlarning birida dadasi bilan qoʻshni qishloqqa toʻyga bordi. Bir dasturxon atrofida ularga oʻsha paytda malakali shifokorlardan biri hamroh boʻldi. Adham uning jarroh ekanini bilgach, oʻzini qiziqtirgan savollarini berdi. Mehmon ham yigitchaning shifokorlikka qiziqishi yuqori ekanini darhol sezdi. Barcha savollariga javob berishga harakat qildi. Shifokor boʻlish uchun nimalarga eʼtibor berish, qaysi fanlarni chuqur oʻzlashtirish zarurligi haqida erinmay gapirib berdi.
Savollariga javob olgan Adham endi yagona maqsad sari olgʻa qadam tashladi. Maktabdan keyin kimyo, biologiya, ona tili fanlarini koʻproq oʻqiydigan boʻldi. Bundan tashqari, ingliz tilini ham mustaqil oʻrgana boshladi. U tanlagan yoʻl oson emasdi. Yaʼni yurak jarrohi boʻlish istagi yuqori edi. Bu murakkab kasbni egallash har kimning qoʻlidan kelmasligi unga maʼlum boʻlsa-da, maqsadi sari qatʼiy intila boshladi.
Maktabni tamomlagach, 2003-yili Toshkent davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirdi. Puxta tayyorgarlik samara berib, Adham test sinovidan muvaffaqiyatli oʻtib, yuqori ball bilan talabalikka tavsiya etildi. Institutda uch yil oʻqigach, 4-kursdan oʻqishini Moskva davlat tibbiyot akademiyasida davom ettirdi. Akademiya imkoniyatidan unumli foydalandi. Oliygohni tamomlab, umumiy jarrohlik boʻyicha yana bir yil oʻqidi. Shundan soʻng akademiyada ikki yil ordinatura boʻyicha tahsil oldi. Shu jarayonda Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida ishlab, tajriba oshirdi. Qator malakali akademiklarga shogird tushdi. Ularning kardiojarrohlik amaliyotida shogird sifatida ishtirok etdi. Adhamning sohaga muhabbati, oʻz ustida tinimsiz ishlashi ustozlar eʼtiborini tortdi. Shu sabab sohaning yetuk mutaxassislari unga hamisha kerakli maslahatlar berar, bu kasbda xato qilish aslo mumkin emasligini uqtirardi. Adham Jalilov esa hech ikkilanishsiz jarrohlar qatorida boʻlishga intilardi. Aynan bu saʼy-harakatlar tufayli tajribali yurak jarrohiga aylandi...
Keksa avlod vakillarining aytishicha, 1970-yillarda viloyatlar orasida birinchilardan boʻlib Qashqadaryoda ilk bor kardiologiya markazi bunyod etilgan. Shundan soʻng shifo maskaniga yetakchi mutaxassislar jalb etilib, aynan yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarni davolash yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa nafaqat voha, balki qoʻshni viloyatlar aholisi uchun ham katta qulaylik boʻlgan. Natijada odamlar vaqt yoʻqotib poytaxtga bormagan, balki shu yerning oʻzida davolana boshlagan.
Davlatimiz rahbari 2017-yil fevralda Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy- amaliy tibbiyot markazining Qarshi filialini tashkil etishga koʻrsatma berdi. Qisqa muddatda zamonaviy tipdagi filial barpo etildi. 120 oʻrinli shifoxonaga eng zamonaviy tibbiyot jihozlari olib kelindi. Reabilitasiya va yurak ishemik kasalliklari, surunkali yurak yetishmovchiligi va aritmologiya, arterial-gipertenziya, rentgen-endovaskulyar jarrohlik, kardiojarrohlik, qabul-diagnostika kabi boʻlimlar, kunlik 100 qatnovga moʻljallangan poliklinika faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Muhimi, markaz qisqa vaqtda — 2018-yil oxirida toʻliq ishga tushirildi.
Prezidentimizning yana bir tashabbusiga koʻra, xorijda qonuniy faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislarni yurtimizga qaytarish borasida ham saʼy-harakatlar boshlangan edi. Xususan, Rossiyada mehnat qilayotgan Adham Jalilov ham Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga ishga taklif qilindi. Malakali jarroh markazning Qarshi filiali binosi qurilishi loyihasida ishtirok etib, takliflarini bildirgan edi. Hozir oʻzi ushbu shifo maskanida kardiojarrohlik boʻlimi boshligʻi boʻlib xizmat qilyapti. Shu bilan birga, bemorlarda jarrohlik amaliyotini oʻtkazib, xastalar dardiga darmon boʻlyapti.
— Moskvada sakkiz yil oʻqib, yetakchi mutaxassislar ustozligida sohani mukammal oʻrganish imkoniyatiga ega boʻldim, — deydi Adham Jalilov. — 2017-yilda Toshkent shahriga ishga taklif qilindim. Albatta, bu men uchun quvonchli voqea edi. Axir shuncha bilim va malakamni oʻz yurtimda qoʻllash imkoniyati paydo boʻlgandi. Poytaxtda ishlash jarayonida Qarshi shahrida filial barpo etilishi va u yerda ham barcha imkoniyat yaratilishidan xabardor boʻldim. Soʻng Qarshida ishlayotgan mutaxassislarning malakasini Toshkentda oshirishga kirishdik. 2018-yil oxiriga kelib, meni ham shu yerda ishlashga taklif qilishdi. Jon deb rozi boʻldim. Oʻsha yilning oʻzida ilk bor jarrohlik amaliyotini oʻtkazdik. Buning uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Har yili 300-400 fuqaroda jarrohlik amaliyotini oʻtkazyapmiz. Bu, birinchi navbatda, aholi uchun katta imkoniyat boʻldi. Bemorlar endi ilgarigidek chet elda ovora boʻlib yurmaydi.
Ayni paytgacha Adham Jalilov 7000 dan ortiq kishining yurak sohasida jarrohlik operatsiyasini muvaffaqiyatli bajargan. Uning aortokoronar shuntlash, klapan almashtirish, qon tomir kasalliklarini jarrohlik yoʻli bilan davolashdagi mahorati doim eʼtirof etiladi. Bundan tashqari, yosh shifokor mamlakat miqyosida yurak-qon tomir kasalliklarini jarrohlik usulida zamonaviy standartlash amaliyotini tatbiq etgan. Shuningdek, soʻnggi yillarda 30 foiz bemorda mini invaziv usuldagi operatsiyalarni bajarib kelmoqda. Hozir mazkur filialda nafaqat viloyatdan, mamlakatimizning barcha hududlaridan, qoʻshni davlatlardan ham bemorlar kelib, dardiga shifo topmoqda.
— Ilgari ham oʻzimizning Dushanbe shahridagi markaziy shifoxonada yuragimni operatsiya qildirgandim. Bunga ancha yil boʻldi, — deydi tojikistonlik Bahodir Rahmonov. — Lekin keyinchalik yana bezovtalana boshladim. Ahvolim yomonlashdi. Tanishlarim shu shifoxonadagi sharoit haqida juda yaxshi fikrlarni aytdi. Kelib, tibbiy koʻrikdan oʻtdim. Shifokorlar ahvolimni oʻrgandi. Yuragimning klapanini almashtirish kerak ekan. Avvaliga ancha ikkilandim, bir oz qoʻrqdim ham. Shukrki, barchasi yaxshi oʻtdi. Sogʻligʻim ancha tiklandi. Buning uchun shifokorlarga rahmat.
Malakali shifokor Adham Jalilov tashabbusi bilan har yili koʻplab bemorlar darddan forigʻ boʻlmoqda. Jumladan, 2021-yilda 250 dan ortiq kishida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan. Ularning 50 nafardan ziyodida mitral klapanini protezlash va labirint operatsiyalari bajarilgan. Respublika miqyosida 150 dan ortiq bemorda aortokoronar shuntlash, 40 ga yaqin odamda toʻliq arterial koronar shuntlash, 20 ga yaqin kishida koronar shuntlash amaliyoti “No tous” usulida bajarilgan. 50 ga yaqin bemorda yurak tugʻma nuqsonini ishlab turgan yurakda bartaraf qilish amaliyoti birinchilardan boʻlib Qashqadaryo viloyatida oʻtkazildi.
Yosh kardiojarrohning mehnati munosib baholandi. U 2020-yilda Prezidentimiz farmoni bilan II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlandi. Tinib-tinchimagan Adham Jalilov 2023-yildan Surxondaryo viloyatida ham mini invaziv usulda jarrohlik amaliyotini bajarishni yoʻlga qoʻydi. Hozirgacha viloyatdagi mingdan ziyod bemorda shu amaliyot oʻtkazildi. Bemorlarni yillab qiynab kelgan xastalik davolandi.
— Ilgari yurak-qon tomir kasalliklarining murakkab jarrohlik ishi birorta viloyatda bajarilmagan, — deydi Adham Jalilov. — Bugun shunday imkoniyat aksariyat viloyatlarda mavjud. Bu, albatta, Prezidentimizning “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yuritayotgan siyosati samarasi. Tibbiyotdagi islohotlar tufayli soha xalqqa yaqinlashdi. Odamlarning uzogʻi yaqin, ogʻiri yengil boʻldi. Bundan tashqari, shifokorlar uchun ham imkoniyatlar kengaydi. Shifoxonalarimiz kerakli tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi. Masalan, birgina shu yilning oʻzida 350 dan ortiq bemorning yuragida jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Hozir markazimiz Rossiya, Germaniya, Shvetsiya kabi davlatlarning yetakchi kardiojarrohlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Ular bilan doim onlayn maslahatlashamiz. Zarur hollarda tajriba almashamiz. Maqsadimiz — umid bilan kelgan har bir bemor, albatta, shifo topsin.
Yana bir gap. Qahramonimiz 2014-yilda Rossiyada tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini muvaffaqiyatli yoqlagan edi. Yaqinda zamonaviy tibbiyotda dolzarb va murakkab yoʻnalish boʻlgan oʻtkir koronar sindrom bilan bemorlarda xirurgik davolash masalalariga bagʻishlangan doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Soha vakillari taʼkidlashicha, bugun ishlab turgan yurakda jarrohlik amaliyoti oʻtkazish salmogʻi Yevropada 20 foiz boʻlsa, boshqa hududlarda 25-30 foizni tashkil etadi. Adham Jalilov esa joriy yilning oʻzida kamida ellik foiz bemorning aynan ishlab turgan yuragini operatsiya qilgan. Eʼtiborlisi, shu paytga qadar hech kimda yomon asorat kuzatilmagan.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








