O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi raisi Bahodir BEGALOV bilan suhbatda asosiy e'tibor ushbu tadbirni o'tkazishning maqsad-mohiyati, huquqiy asoslari, to'plangan ma'lumotlarning ahamiyatli jihatlariga qaratildi.

— Bu tadbir 2023-yilda umumdavlat miqyosida o'tkaziladigan aholini ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko'rishning asosiy bosqichi hisoblanadi, — deydi  Bahodir BEGALOV. Bu jarayonda aholini ro'yxatga olishga doir me'yoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo'llanmalar, ro'yxatga olish dasturi, savolnoma, birlamchi ma'lumotlarni kiritish va qayta ishlash bo'yicha axborot tizimi amaliy sinovdan o'tkaziladi. Unda qancha ko'p respondent (aholi) ishtirok etsa, shuncha ko'p ma'lumot to'plash, tadbir davomida yo'l qo'yilgan kamchiliklarni aniqlash va tuzatish imkoni tug'iladi. Shu bilan birga, aholi to'g'risidagi ma'lumotlarni to'plash va qayta ishlashga jalb qilingan xodimlarlar soni, ular ish hajmining optimal me'yorlari, aholini hisobga olishning to'liqligi bo'yicha nazorat tadbirlarini amalga oshirish bo'yicha xulosalar ishlab chiqiladi. Pirovardida mamlakatimiz miqiyosida aholini ro'yxatga olish bo'yicha 2023-yilda o'tkaziladigan asosiy tadbirning sifatli va samarali tashkil etilishi ta'minlanadi.

Dunyodagi har bir mamlakat, o'zining aholisi va uning yashash holati bo'yicha ishonchli ma'lumotga ega bo'lish maqsadida muntazam ravishda ro'yxatga olish tadbirlarini o'tkazib keladi. Ko'pchilik davlatlarda bu jarayon har o'n yilda amalga oshiriladi. Aslida Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham ana shunday muddatni ma'qbul deb hisoblaydi. O'zbekiston Respublikasining “Aholini ro'yxatga olish to'g'risida”gi qonuniga muvofiq, yurtimizda ham har o'n yilda kamida bir marta aholini ro'yxatga olishni o'tkazish belgilangan.

Mamlakatimiz mustaqillika erishgandan buyon ilk bor tashkil etilayotgan ushbu amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, 2023-yil 1–25-noyabr kunlari o'tkazilishi belgilangan. Unga puxta tayyorgarlik ko'rish maqsadida ayni paytda to'rtta hududda sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish ishlari o'tkazilyapti.

Tabiiyki, bu jarayon puxta hozirlikni va ishtirok etayotgan xodimlardan muayyan malakani taqozo etadi?

— Mazkur tadbirni o'tkazishning eng muhim bosqichlaridan biri, bu — shahar va qishloq aholi punktlarining xaritalari joyiga chiqib o'rganish va aholi soniga aniqlik kiritgan holda, xonadonlar ro'yxatini yangilash hisoblanadi. Bu ishlar uchun uy-joylar ro'yxatini tuzuvchilar (registratorlar) fuqarolik-huquqiy shakldagi shartnoma asosida vaqtincha ishga jalb etiladi. Shu maqsadda sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish o'tkazilishi belgilangan shahar va tumanlarda 175 nafar ro'yxat tuzuvchi joylardagi statistika, kadastr, uy-joy kommunal xizmatlari ko'rsatuvchi tashkilotlar hamda mahalla organlari xodimlari orasidan tanlab olinib, joriy yilning 28–30-aprel kunlari maxsus dastur asosida o'qitildi va tanlanma ravishda mahallalarga chiqqan holda amaliy ko'nikmalari oshirildi. 

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 3-avgustdagi “O'zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, Davlat statistika qo'mitasi markaziy apparatida 17 ta hamda 14 ta hududiy statistika boshqarmasida jami 48 ta shtat birligidan iborat ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo'limlari tashkil etildi.

Bugungi kunga qadar qo'mitamiz tomonidan xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro'yxatga olish masalalariga oid 15 dan ortiq uslubiy qo'llanma ishlab chiqilib, hududiy komissiyalarga yuborildi. Tayyorgarlik ishlarini keng yoritib borish maqsadida rasmiy veb-sayt (aholi.stat.uz) ishga tushirildi. Unga jarayonga doir me'yoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo'llanmalar, nashrlar, foto va videolavhalar joylashtirib borilmoqda.

2021-yil may oyida to'rt hududda uy-joylar ro'yxati tuzib chiqildi, aholi va xonadonlar soniga aniqlik kiritilib, yangilandi. Shu asosida hududlarning tashkiliy rejalari ishlab chiqildi va 50 ta ro'yxatga olish uchastkasi tashkil etildi. Tadbirni sifatli o'tkazish uchun 1885 nafar shaxs vaqtincha shartnoma asosida jalb etilgan. Ularning 100 nafari ro'yxatga olish uchastkalarida ishlayapti, 254 nafari instruktor, 254 nafari statsionar va 1277 nafari uyma-uy yurib ro'yxatga oluvchi xodim hisoblanadi.

— Sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish qanday tartibda olib boriladi?

— Kechadan boshlab Andijon viloyatining Xo'jaobod, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida va Xorazm viloyatining Xiva shahrida bu amaliyot boshlandi. Tadbir quyidagi bosqichlarni qamrab olgan:

1–5-noyabr kunlari — Internet tarmog'idagi maxsus axborot tizimi (census.stat.uz) orqali aholi ro'yxatga olinadi Bu jarayonda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi har bir fuqaro qatnashib, o'z taklif va fikrlarini bildirishlari mumkin. Bu, o'z navbatida, 2023-yilda o'tkaziladigan asosiy tadbirni sifatli tashkil etishda inobatga olinadi.

610-noyabr kunlari — Internet orqali ro'yxatdan o'tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro'yxati shakllantiriladi.

1122-noyabr kunlari — ro'yxatga oluvchilar uyma-uy yurib aholini ro'yxatga oladi.

2325-noyabr kunlari — har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizi tanlanib nazorat kuzatuvi asosida qayta o'rganiladi.

Ro'yxatga olish jarayonlarida agar respondent yashab turgan xonadonida (joyida) ro'yxatdan o'tishni istamasa, buning uchun unga uchastkada imkoniyat yaratilgan. Ular tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar oshkor etilmaydi va maxfiyligi kafolatlanadi.

Sinov tariqasida o'tkazilgan tadbir yakunlaridan kelib chiqqan hoda, 2022-yil 1-iyuniga qadar 2023-yilda o'tkaziladigan aholini ro'yxatga olish dasturi, metodik qo'llanmalar va normativ hujjatlarga tegishli o'zgartirishlar kiritish hamda ma'lumotlarni qayta ishlash usullarini shakllantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Ikki yildan keyin o'tkaziladigan asosiy tadbirda esa, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari bo'yicha), oilaviy ahvoli, ma'lumoti, kasbi, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabi yo'nalishlar bo'yicha batafsil ma'lumot to'planadi. Bu ma'lumotlar kelgusi 10–20 yillik rivojlanishning prognoz ko'rsatkichlarini ishlab chiqish uchun ishonchli poydevor yaratadi. Chunki, ular hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko'rsatish bo'yicha dasturlarni manzilli tayyorlanishida xolis va aniq axborot manbai vazifasini o'taydi.

Shu bilan birga, xolis va shaffof ma'lumotlar xorijiy investorlarni mamlakatimizga kengroq jalb qilishda, investitsiyaviy muhitni yaxshilashda, turizm salohiyatini oshirishda ham muhim o'rin tutadi. Bularning barchasi pirovard natijada  mamlakatimiz iqtisodiyotining yuksalishiga, aholi farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Abdurauf Qorjovov,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri.