Yurtimizda sunʼiy intellekt rivojlantiriladi

    Mamlakatimizda 13 Iyul 2020 2726

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi”ga oid farmoni loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Olimlarning taʼrifiga koʻra, sunʼiy intellekt insonning mantiqiy va ijodiy funksiyalarini bajaruvchi intellektual sunʼiy tizimdir.

    Sunʼiy intellekt hozirgi axborot asrida nihoyatda dolzarb boʻlib, insoniyat sunʼiy intellekt orqali XXI asrning global muammolariga ilm-fanda yangi imkoniyatlarni kashf etish yoʻli bilan ijobiy yechimlarni topadi. Shuningdek, bu tibbiyot, taʼlim, energetika, qishloq xoʻjaligi, shaharsozlik va boshqa barcha sohalarda sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyatlarini oshiradi.

    Sunʼiy intellektni rivojlantirishda oliy taʼlim muassasalarining oʻrni yildan-yilga ortib bormoqda. 2019-yil yakuni boʻyicha Xitoy Xalq Respublikasi oʻzining oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan dunyo mamlakatlari ichida dastlabki 10 talikda yetakchilikni qoʻlga kiritdi. Keyingi oʻrinlarni Koreya, AQSH, Yaponiya va Yevropa davlatlari egallagan. Umuman, dunyoda sunʼiy intellektga talab va uning qoʻllanilish sohasi ham ortmoqda.

    Mamlakatimizda ham soʻnggi yillarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, soha va tarmoqlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, “aqlli dasturlar”ning qoʻllanish sohasini kengaytirish boʻyicha davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ijro etilmoqda.

    Loyihada esa bevosita sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun muhim boʻlgan hujjatlar keltirilgan.