Boʻstonliq tumanida turizm sohasida oʻnlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Endilikda “Ipak yoʻli” sayyohlik firmasi logotipi tushirilgan mikroavtobuslar turistik zona boʻlgan Boʻstonliq tumanidagi Yusufxona qoʻrgʻonini Qoʻyliq bozori bilan bogʻlaydigan boʻldi.

Bugun erta tongdan eng zamonaviy qulayliklarga ega boʻlgan mikroavtobuslar Yusufxona hududidan harakatlanishni boshladi.

– Biz sayyohlikni rivojlantirishga hissa qoʻshish niyatida Buxoro viloyatidan 6 ta soʻnggi rusumdagi mikroavtobuslarni olib keldik, – deydi «Kogon-Mega-Bars» MCHJ rahbari B. Axtamov. – Yaponiyada ishlab chiqarilgan «Toyota-Xiyach» rusumli transport vositasi Dubaydan hamkorlik shartnomasi asosida 5 yillik kredit evaziga sotib olindi.

Darhaqiqat, zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan, monitor, sensor, konditsioner, isitish sistemasi, xullas, barcha komfort qulayliklarga ega boʻlgan, uzunligi 5 metrni tashkil etgan, 14 oʻrindiqli avtobuslar Toshkent viloyati aholisi va barcha mehmonlar uchun xizmat qilishni boshladi.

– Yangi mikroavtobuslarning afzalligi shundaki, turizm zonasiga boradiganlar uchun qulay imkoniyat yaratadi. Salkam 100 km masofa uchun yoʻl haqi 13 ming soʻm etib belgilandi, – deydi Toshkent viloyati transport boshqarmasi boshligʻi S.Shoqosimov. – Kuniga 28 ta qatnov yoʻlga qoʻyiladi.

Eng muhimi, «Amirsoy», «Beldirsoy»,”Chimyon”, “Nanay”, “Xoʻjakent” kabi dam olish maskanlariga borish istagida boʻlgan yurtdoshlarimizning uzogʻini yaqin qiladi.

Bu haqda Toshkent viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.