Til bor ekan, millat barhayot
Internet maʼlumotlari yer yuzida 7000 dan ortiq til borligini taʼkidlaydi. Ularning har biri shu tilni eʼzozlab, avaylab yurgan insonlar uchun aziz va qadrli. Ona Vatanimiz kabi moʻtabar boʻlgan oʻzbek tilining borligi biz uchun bebaho baxt va tole kalitidir. Boisi, qadim tarixi, betakror soʻz boyligi, ifoda imkoniyatlarining kengligi jihatidan oʻzbek tili dunyoning eng oldingi tillaridan biri sanaladi.
Bugungi globallashuv jarayonida davlatlar va millatlarning bir-biri bilan integratsiyalashishi oqibatida koʻplab qadriyatlar qatorida ayrim milliy tillar yoʻqolib borayotgani, lugʻat jamgʻarmasi zaif, ifoda imkoniyatlari tor tillarning tanazzulga yuz tutayotgani xavotir uygʻotadi. Oʻzbek tili oʻz taraqqiyotida yangi sifat bosqichiga koʻtarilayotgani quvonarli hol, albatta.
Davlatimiz rahbarining saylovoldi dasturida hatto xorijdagi vatandoshlarimiz uchun alohida taʼlim dasturlari ishlab chiqilib, oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, madaniyat, sanʼat va hunarmandlik yoʻnalishidagi oliygohlarda ular uchun 200 ta grant ajratilishi, vatandoshlarimiz eng koʻp boʻlgan – AQSH, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Misr kabi davlatlarda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti markazlari ochilishi qayd etildi.
Zero, biz uchun ona tilimizning tolmas kurashchisi Alisher Navoiy tomonidan besh asr oldin aytilgan “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz” degan hikmat bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Ulugʻ ajdodlarimizning oʻgitlariga tayangan holda hozirda ona tili taqdiri, uning nufuzini koʻtarish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Bu borada Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari dasturulamal vazifasini oʻtamoqda.
Ayni paytda farmon va qonunlar bilangina ish bitmaydi. Oʻzbek tilining kelajagini taʼminlash uchun amaliy ishlar qilish kerak. Taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida ona tilini oʻqitishga jiddiy eʼtibor qaratish, oʻquvchi va talabalarning ogʻzaki va yozma savodxonligini toʻliq taʼminlash, ona tili va adabiyot fani boʻyicha tajribali, salohiyatli, bilimli oʻqituvchilarni voyaga yetkazish ana shunday amaliy ishlardan sanaladi. Zero, uning butun ogʻirligi ona tili fani oʻqituvchilari zimmasiga tushadi.
“Fikrning quvvati, ziynati muallimning tarbiyasiga bogʻliqdir”
Maʼrifatparvar adib Abdurauf Fitrat tomonidan uzoq yillar avval aytilgan ushbu fikrlari hamon dolzarb.
Oʻzbek tili va adabiyot fani oʻqituvchilari haqida gap ketganida, hamisha ularni millatparvar, vatanparvar, tilparvar insonlar qatoriga qoʻshgimiz keladi. Ularning oldingi safida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Samixon aka Ashirboyevning borligi yosh avlod uchun ibrat maktabidir.
Ustoz yaqinda tabarruk 75 yoshni qarshiladi. Shu yoshdagi koʻplab oʻqituvchilar yangi zamon talablariga javob bera olmay allaqachon oʻzini chetga olishga ulgurdi, lekin Samixon ustoz bu yoʻldan ketmadi. Fidoyi, zahmatkash, tinib-tinchimas, yangiliklarga oʻch domla davr talablariga mos ravishda faoliyatini davom ettirmoqda. Koʻplab darslik va oʻquv qoʻllanmalarini nashr ettirdi. Asosiy darsliklari oʻzbek lahjalari va shevalarini oʻrganishga bagʻishlangani bilan eʼtiborlidir.
Oʻzbek tili va shevalarini atroflicha oʻrgangan turkiyshunos Ye.D.Polivanov “Dunyoda bironta til shevalararo oʻzbek tilichalik farqlanmaydi”, deb yozgan edi. Darhaqiqat, oʻzbek tili lahja va shevalari koʻp va jilolarga boy. Ularni oʻrganish xalqimizning tarixi, urf-odati, qadriyatlari, dunyoqarashi haqida yangi maʼlumotlarni bizga taqdim etishi mumkin. Oʻzbek tilshunosligi taraqqiyotiga eʼtibor berilsa, oʻtgan asrning 60–70 yillarida ilmiy-tadqiqot ishlari asosan shevashunoslik boʻyicha amalga oshirilgani maʼlum boʻladi. Oʻshandan boshlangan xayrli ish bugungi kungacha yetib keldi. Mamlakatimiz va chet davlatlarda yashovchi oʻzbek tilli aholi shevasi boʻyicha moʻl maʼlumotlar yigʻildi va hozirda shevashunoslik yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Bu bosqich “Areal lingvistika” yoki “Areal tilshunoslik” deb atalmoqda.
Bu fanni puxta oʻzlashtirish uchun tadqiqotchidan uning qamrov doirasida turgan yuqoridagi fanlarning asoslarini yaxshi bilish, yurt kezish, joylardagi aholining turmush tarzi, fikrlash doirasi, urf-odati, tili haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻlish va ular asosida kerakli nazariy xulosalar chiqara olish malakasini oʻzlashtirish talab etiladi. Darslik yozadigan kishi oʻz sohasining ilgʻorlaridan boʻlishi lozim. Dunyo areal tilshunosligi beshigini tebratgan Mahmud Koshgʻariy “Bu ishni til bilmaganim uchun emas, balki bu tillardagi eng kichik farqlarni ham aniqlash uchun qildim. Boʻlmasa, men tilda ularning eng yetuklaridan, eng katta mutaxassislaridan, xushfahmlaridan, eski qabilalaridan, jang ishlarida usta nayzadorlaridan edim”, degan edi. Shunga tayanadigan boʻlsak, “Areal lingvistika” boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borish, darslik yaratish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Katta tajribaga, salohiyatga, Mahmud Koshgʻariy taʼkidlagan oʻz qavmining oldingilaridan boʻlishdek fazilatga ega boʻlgan shaxsgina bu ishni uddalay oladi. Bunday xayrli ishni filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev bajardi. 2023-yilda “Bookmany print” nashriyotida uning “Areal lingvistika” darsligi chop etildi.
Hozirga qadar areal tilshunoslik boʻyicha Azim Shermatovning “Lingvistik geografiya nima?”, Aziz Joʻrayevning “Teoreticheskoye osnovы arealnogo issledovaniya uzbekoyazыchnogo massiva”, Tolib Ernazarovning “Areal tilshunoslik”dan oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi, Nigora Murodovaning “Areal lingvistika” fanidan maʼruza mashgʻulotlarining taʼlim texnologiyasi, Umidjon Qoʻziyevning “Areal lingvistika” fanidan maʼruza matnlari” yaratilgan, ammo yevropa, rus va oʻzbek tilshunosligidagi yutuq va kamchiliklarni eʼtiborga olgan holda yaxlit bir darslik shu paytgacha yozilmagan yoki bunga birov jurʼat etmagan edi.
Mazkur darslik dolzarb mavzuda yaratilgani bilan ahamiyatli. U aniq reja, namunaviy va ishchi dastur asosida yozilgan. Muallif mavzularni joylashtirganda, bakalavriatura bosqichida talabalarga “Oʻzbek dialektologiyasi” fani oʻqitilishini hisobga olgan, aytiladigan fikr-mulohazalar uning takrori boʻlib qolmasligiga katta eʼtibor qaratgan. Koʻpchilik mutaxassislarda “Areal lingvistika” dialektologiyaning davomi degan tushuncha bor. S.Ashirboyev mazkur darslikni yaratish bilan bu tushunchaga barham berdi, darslik mavzulari ketma-ketlikda butunlay yangicha talqinda yozildi. Unda areal lingvistikani oʻrganish obyekti aniqlashtirilgan: muallif 16 ta yoʻnalishni sanab oʻtgan.
Bunday tipdagi darslik nafaqat turkologiyada, balki rus tilshunosligida ham haligacha yaratilmagan. Oʻz davrida V.V.Reshetov, Sh.Shoabdurahmonov, A.Aliyev, A.Shermatov, A.Joʻrayev va boshqa olimlar muayyan oʻzbek shevalarini tadqiq etish jarayonida areal tilshunoslikning istiqbollariga shaʼma qilishgan, biroq oʻzbek shevalarining miqdor va sifat jihatidan rang-barangligi ular boshlagan ishlarni oxirigacha yetkazishga imkon bermagan edi.
S.Ashirboyev til va dialektlarning turli hududlarda tarqalishini, ularning makon va zamonda birligini, “til va shevalar ittifoqi”ni ifoda qilishini ilmiy asoslab bergan. Oʻzbek tilli massivni 12 ta zonaga, azonal hududlarni esa 7 turga ajratgan.
Shu bilan birga, unda fanlararo integratsiya masalasiga alohida diqqat qaratilgan, chunki areal tilshunoslik geografiya, geodeziya, kartografiya, tarix, etnografiya, antropologiya, arxeologiya, psixologiya kabi bir qancha fanlar kesishgan nuqtada paydo boʻlgan.
Toshkent aholisi nechta shevada soʻzlashadi?
Hozirgi globallashuv jarayonida maʼlumotlar ham koʻpayib boryapti. Sheva, dialekt va lahjalarni dialektologik nuqtayi nazardan emas, balki muayyan hududda yashovchi sheva, lahja egalarining barcha xususiyatlarini birgalikda tadqiq etishga, shevalar va lahjalar, tillar oʻrtasidagi aloqa-taʼsirlarning darajasini bilishga, shu asosida lingvistik xaritalar tuzishga, yaʼni obyektni areal oʻrganishga ehtiyoj kuchaymoqda. Xususan, Turkiyadagi zilzila tafsiloti sharhlanishi davomida Qahramonmarashning Ovakent qishlogʻida 10000 nafar etnik oʻzbek yashayotganidan xabar topdik. Bu fakt biz uchun yangilik boʻldi. “Areal tilshunoslik”ka bu kabi maʼlumotlarni kiritish va oʻsha hududdagi oʻzbek shevalarini oʻrganish va boshqa hududlardagi shevalarga solishtirish lozim boʻladi.
Darslik yutuqlaridan yana birini uning lingvistik xaritalar, turlari, ularni tuzish tamoyillariga bagʻishlangan fikr-mulohazalar tashkil etadi. Ingliz, fransuz, rus, belorus tillarida yaratilgan lingvistik xaritalarga sharhlar berilgan, lingvistik xaritaning oʻziga xos jihatlari tushuntirilgan.
Biz shu paytgacha Toshkent shevasi deganda bitta shevani nazarda tutib kelganmiz. S.Ashirboyev darslikka Toshkent shahrining toʻrtta shevasi haqidagi maʼlumotlarni va lingvistik xaritani kiritgan:
–Beshyogʻoch dahasi: bārsämiz, bārdimiz.
–Xadra dahasi: bārsovuz, bārduvuz.
–Eski Joʻva dahasi: bārso:vuzä, bārduvuzä // bārdu:z // bārduzä.
–Chorsu dahasi: bārso://bārsok, bārdu(v).
Ustozning “Bunday kichik (nozik) farqlarni barcha dialektlar tarkibidagi shevalarda koʻrish mumkin”, degan fikri kelgusida bajariladigan izlanishlar uchun xamirturush vazifasini oʻtasa ajab ermas.
Darslik katta mehnat, urinishlar bilan yuzaga kelgan. Uning qiymati S.Ashirboyevning ilmiy salohiyati, lisoniy qarashlari, oʻzbek shevashunosligini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona xizmatlari bilan oʻlchanadi.
Oʻylaymizki, oʻzbek shevashunoslik maktabidagi beqiyos saʼy-harakatlar samarasi boʻlgan ushbu darslik shevashunoslar, areal lingvistika, dialektologiya bilan shugʻullanayotgan koʻp sonli magistrlar, yosh olimlar, mataxassislarning yangi avlodini tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi.
Abdulhay SOBIROV,
filologiya fanlari doktori, professor









