Qishloq xo'jaligi sohasida “agrotadbirkor”, “yosh dehqon”, “yosh fermer” kabi so'zlar paydo bo'ldi. Bu tushunchalar mazkur faoliyat yo'nalishlarining so'nggi yillarda ommalashayotgan yangi va zamonaviy shaklidir. Aniqrog'i, bugun an'anaviy dehqonchilik o'rnini ilg'or texnologiyalarga asoslangan agrotarmoq egallab, unda yoshlarning ulushi sezilarli ortib bormoqda.

O'tgan yili davlatimiz rahbari 30-iyun kuni O'zbekiston yoshlari va talabalari forumiga tashrifi davomida mamlakatimizda yoshlarga e'tibor va g'amxo'rlik asosiy o'ringa ko'tarilgani, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun alohida davlat tashkiloti — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgani, qolaversa, bu yo'nalishda o'nlab nodavlat tashkilotlari faoliyat yuritayotgani ta'kidlangan edi. Bularning natijasida oxirgi yillarda 30 yoshgacha bo'lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko'payib, 500 mingdan oshgan.

Mana, yana 30-iyun — Yoshlar kuni arafasida turibmiz. Oradan salkam bir yil vaqt o'tdi va qaysidir ma'noda o'tgan fursatni sarhisob qilish pallasidamiz. Bu davrda yoshlar faolligi, bandligini ta'minlash ishlari yanada qizg'in tus oldi, desak mubolag'a emas. Qishloq xo'jaligida ham yoshlar ulushi ortib boryapti. Ayniqsa, zamonaviy agrar sohaning rivojlanib borishi bilan shu yo'nalishda ish boshlayotgan yigit-qizlar safi yanada kengaydi. Turli tashkilotlar orqali ularga ko'plab imtiyoz va ko'maklar berilyapti.

O'zbekiston yosh fermerlari kengashi ana shunday ilg'or yoshlarni qo'llab-quvvatlashga bel bog'lagan yirik tashkilotlardan. Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan Kengash o'tgan davr mobaynida yoshlarni qishloq xo'jaligiga keng jalb qilish va sohada imtiyozlar yaratish bo'yicha sezilarli natijalarga erishib kelyapti.

O'zbekiston yosh fermerlari kengashi raisi Mahmud INOYATOV bilan yurtimiz qishloq xo'jaligi sohasida yigit-qizlarning o'rni, bugungi zamonaviy fermer qiyofasi hamda agrotadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida suhbatlashdik.

— Bugungi yosh fermer birinchi navbatda, ko'pchilik tasavvur qilganidek, doim dalada loy kechib yuradigan yer egasi emas, balki 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan agrotadbikor, mulkdor hamda fermer xo'jaligi rahbaridir, — deydi suhbatdoshimiz. — U ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo'jaligi mahsulotini yetishtiradi, qayta ishlaydi, saqlaydi va realizatsiyasini amalga oshiradi. O'zbekiston yosh fermerlari kengashi o'z nomi bilan zamonaviy qishloq xo'jaligida faoliyat olib borayotgan yigit-qizlarni birlashtiruvchi tashkilotdir. Raqamlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, ayni dam yurtimizda 27 mingdan ortiq yosh dehqon hamda 11 mingdan ziyod fermer yigit-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ular mamlakat iqtisodiyoti rivoji, aholi bandligini ta'minlash, ichki bozorga arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berishga sezilarli hissa qo'shyapti. Bizning maqsadimiz qishloq xo'jaligiga qiziquvchi yoshlarning o'z ishlarini topib olishi yoki yanada kengaytirishlariga ko'maklashishdan iborat.

Bugunga qadar Kengash o'zining 45 dan ortiq loyihalari bilan yurtimizning barcha hududlariga kirib bordi. “O'zbegim yosh fermeri”, “Mening dalam — mening faxrim”, “Yoshlar agrofirmasi”, “Agromentor” singari loyihalar yuzlab, minglab yigit-qizlarda qiziqish uyg'otdi, bir maqsad ostida birlashtirdi. “Fidoyi yoshlar otryadi” yoki “Har bir yoshga — bir gektar” loyihalari doirasida esa 2018–2019-yillarda qariyb 18 ming, 2020-yilda 26 mingdan ziyod, o'tgan yili esa 450 mingga yaqin yoshlar ish bilan ta'minlandi.

Qolaversa, soha yosh qatlamining 1 ming 148 nafariga qishloq xo'jaligi tarmog'ining 12 ta yo'nalishi bo'yicha kredit, 2 ming 36 nafariga yer maydoni, 580 nafariga agrotexnikalar olishga ko'maklashildi. Natijada ular dehqonchilik boshini tutib, doimiy daromad manbaiga ega bo'ldi. Sohada tadbirkorligini yo'lga qo'ygan yoshlar esa boshqa tengdoshlarini ham ish bilan ta'minlayapti. Muhimi, yigit-qizlar qishloq xo'jaligi sohasiga avvalgidek og'ir mehnat turi sifatida emas, balki tadbirkorlikning zamonaviy yo'nalishi sifatida qaramoqda.

Masalan, buxorolik asalarichi yigit bor — Islomjon Alamov. Shu yigit 17 yoshida asalarichilar oilasiga shogird tushgan. Bir yildan so'ng o'z faoliyatini 10 ta quti asalaridan boshladi. Hozir yoshi 25 da va asalarichilikni yaxshigina daromad manbaiga aylantirgan. Asalari qutisi 52 taga etib, unda 104 ta asalari oilasini boqyapti. Bitta qutidan 20–25 kilogacha tabiiy asal oladi. Yil davomida 3 marta mahsulot olsa, 40–45 million so'm foydasi bor. Yaqin kelajakda tsex ochib, asalari qutilarini ishlab chiqarish rejasi bor.

Umuman, bugun yoshlar qishloq xo'jaligining istiqbolli kuchiga aylanib, ularga bo'lgan talab kun sayin ortib boryapti. Gap shundaki, mazkur tarmoqda kelajak avlodni tarbiyalash jahondagi muhim muammolardan biridir. Bu rivojlangan mamlakatlarda fermerlarning o'rtacha yoshi 60 dan yuqorilab borayotgani bilan bog'liq. Muammo o'z-o'zidan oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solmoqda. SHu bois, ko'plab davlatlar qishloq xo'jaligi sohasini avtomatlashtiryapti. “Aqlli” agrotexnologiyalarni yaratish va uni keng joriy etish faollashgan. Bu orqali sohada kamroq ishchi kuchi evaziga ko'proq hosil va daromad olish mumkin. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlariga talab o'sib borayotgan hozirgi sharoitda bu zaruriy ehtiyoj hamdir. Mahsulot qancha ko'p ishlab chiqarilsa, narx-navo shuncha barqaror bo'ladi. Bunda esa dehqon va fermerlar muhim o'rin tutadi.

— Statistik ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatimiz aholisining deyarli yarmi qishloq hududlarida istiqomat qiladi. Ularning asosiy qismini esa 30 yoshgacha bo'lgan yigit-qizlar tashkil etadi. Bu qishloq joylarda yanada keng imkoniyatlar yaratish, yoshlar orasida tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish zarurligini ko'rsatadi, shunday emasmi?

— Albatta, bizning maqsadlarimizning asosiy qismi ham shunga yo'naltirilgan. Barcha davlatlarda ham aholini oziq-ovqat bilan ta'minlashda qishloq joylar va ularda mahsulot etishtirish muhim o'rin tutadi. Ularga zamonaviy texnologiya va yondashuvlarni olib kirmasdan turib, yuqori natijalarga erishish qiyin. Biz agrotadbirkorlikni rivojlantirishga urg'u berayotganimiz boisi ham shunda.

O'zbekiston sharoitida agrobiznesni rivojlantirish uchun qulay muhit mavjud. Mo'tadil iqlim, hosildor yer maydonlari, qolaversa, hududlarga xorij tajribasidan olib kirilayotgan mahsulot yetishtirishning yangicha usul va texnologiyalari sohada biznes loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beryapti. Faqat ish boshlashdan oldin raqamli resurslardan unumli foydalanish, zamonaviy dehqonchilikni to'g'ri tashkil etish, yuqori daromad olish siri va boshqalarni o'rganish foydadan holi emas.

O'zbekiston yosh fermerlari kengashi bu borada turli tashkilotlar bilan birgalikda qator loyihalarni amalga oshirib kelyapti. 27 ming 192 dehqon xo'jaligi hamda 3 million 227 mingdan ortiq tomorqa er egalari bilan bevosita ishlash mexanizmi yo'lga qo'yilgan. Ular loyihalar doirasida yoshlarga agrar sohada ham nazariy, ham amaliy ko'mak beradi.

Kengashning “Agromarafon” loyihasi ham ana shu maqsadlarga yo'naltirilgani holda o'tgan yili yurtimizda ilk bor o'tkazildi. YOshlar ishlari agentligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Agromarafon” motivatsion uchrashuvlari ko'plab yigit-qizlarni jalb qila oldi. Sentyabr` oyida Toshkent viloyatida start olgan marafon mayog'i to yil so'ngiga qadar respublikamiz bo'ylab baland ko'tarildi. Ko'p yillik tajribaga ega soha mutaxassislarining yoshlar bilan uchrashuvlari, bilim va ko'nikmalar bo'yicha fikr almashishlar, mahorat saboqlari loyihaning yorqin sahifalariga muhrlandi.

Spikerlar ishtirokidagi treninglar “Agromarafon” dasturining nazariy qismi edi. Mutaxassislar qishloq xo'jaligiga qiziqishi bor yoki shu tarmoqda mehnat qilayotgan yoshlarga agrobiznesda faoliyat olib borish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, duch kelinadigan to'siqlar hamda muammolarni o'rganish, ularga potentsial yechimlar topish, agrar sohada raqamlashtirishning ahamiyati haqida tushunchalar berdi.

Marafon haqida yoshlarning ham fikri ijobiy, ular tadbirlarda nimadir o'rgandi. Masalan, farg'onalik Sanjarbek Tohirov bilan suhbatlashganimda, shunday dedi: “O'tgan yili “Har bir yoshga — bir gektar” loyihasi asosida yer olib, dehqonchilikni boshlab yubordim. O'sha vaqtda hali etarli bilim, tajribaga ega emasdim. “Agromarafon”da ishtirok etish asnosida kerakli ma'lumotlar, yangi g'oyalar oldim. Mutaxassislar yerga urug' qadashdan to eksportgacha bo'lgan jarayonlarni tushuntirdi. Birinchi gal kartoshka va mosh hosilidan 18 million so'm daromad topgan bo'lsam, marafondan olgan bilimlarim asosida kelgusida yerdan yanada unumli foydalanib, hosil va daromadimni bir necha barobar oshirishni maqsad qildim”.

Marafonning amaliy qismi yanada qiziqarli kechdi. Ishtirokchilar bevosita joylarga chiqib, “agrotur”lar doirasida istiqbolli tadbirkorlik faoliyatlari bilan tanishdi. Agrotexnik mexanizmlarni qo'llash bo'yicha mahorat darslariga guvoh bo'ldi.

Qolaversa, dastur davomida agroko'rgazmalar ham tashkil etildi. Ko'rgazmadan joy olgan turli xildagi eksportbop qishloq xo'jaligi mahsulotlari, so'nggi rusumdagi agrotexnika va zamonaviy agrouskunalar ishtirokchi yoshlarning e'tiborini tortdi. Ana shunday mahsulotlarni etishtirish bo'yicha mutaxassislardan maslahatlar ham oldi.

Bir so'z bilan aytgan, ushbu marafon agrar sohada faoliyat yuritayotgan yoki endi ish boshlash istagidagi yigit-qizlar, yuqori natijalarga erishgan agrotadbirkorlar, yosh dehqon va fermerlar uchun katta motivatsiya bera oladigan qulay platforma, tajriba almashinuv maydonchasi bo'lib xizmat qildi. Loyiha doirasida respublika bo'ylab 8 mingdan ortiq yoshlar uchun motivatsion uchrashuvlar tashkil etdik. Ularda soha mutaxassislari, agrotadbirkorlar tomonidan yoshlarga eng zamonaviy vositalar yordamida qishloq xo'jaligiga doir mavzularda bilimlar berildi. Quvonarlisi, hududlarda yigit-qizlar ushbu marafonga yuqori qiziqish bildirib, faol qatnashdi. Loyiha yakunlanganiga qaramasdan, hozirgacha “Agromarafon” yigit-qizlar orasida keng muhokama qilinmoqda. Uning davomini kutayotganlar ham ko'p. Albatta, bu yil loyihani davom ettirishni rejalashtirganmiz.

— Kengashning xalqaro jamg'arma va tashkilotlar bilan amalga oshirayotgan loyihalari ham bor. Menimcha, ulardan maqsad yoshlarga faqat moliyaviy mablag' ajratish bo'lmasa kerak. Umuman, yigit-qizlar xalqaro loyihalarda xorij tajribasini qanday zamonaviy usullar yordamida o'rganyapti?

— Guvohi bo'layotganimizdek, dunyo tajribasida qishloq xo'jaligi ancha rivojlanib boryapti. Mahsulot etishtirishdan to ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonlarni innovatsion texnologiyalar asosida amalga oshirayotgan xorijliklar jahon bozorini ekologik toza mahsulot bilan to'ldirish harakatida. ekologik toza, ya'ni organik mahsulot esa qo'shimcha mineral o'g'itlarsiz, zaharli ximikatlar va boshqa texnogen ta'sirlarsiz, zamonaviy texnologiyalar asosida etishtiriladi yoki tabiiy toza xomashyolardan olinadi.

Bugungi kunda jahonning 179 mamlakatida 2 milliondan ziyod organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat olib boryapti. Natijada 2019-yilda qishloq xo'jaligi bo'yicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 96,7 milliard evroni tashkil etgan. 2022-yilda bu ko'rsatkich 212 milliard dollarga etishi taxmin qilinmoqda.

Bu borada mamlakatimiz ishtiroki va hissasini oshirishga qaratilgan harakatlar boshlangan. Turli loyiha, grantlar orqali fermer va dehqonlarimizga xorij tajribasi o'rgatilib, uni amaliyotga joriy etishda amaliy yordam ko'rsatilyapti. O'zbekiston yosh fermerlari kengashining “TIKA”, “JOICA”, “GIZ”, “OSCE” kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari bor. Ular tomonidan ajratilayotgan grantlar hisobiga bugunga qadar mingga yaqin yosh fermerlar Turkiya, Yaponiya, Latviya, CHexiya, Germaniya, Gollandiya, Xitoy, Rossiya, Koreya singari davlatlarda tajriba oshirib qaytdi.

Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo'yicha jamg'arma kassalari fondi bilan hamkorlikdagi loyiha esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli harakatlardan biridir. “O'zbekistonda etarli moliyaviy xizmatlarni taklif etish orqali agrar sektorni mustahkamlash va qishloq hududlarini rivojlantirish” loyihasi 2019-yil 7-mayda imzolangan. Loyiha hamkori bo'lgan Germaniyaning nufuzli tashkiloti hozirda dunyoning 54 davlatida faoliyatini amalga oshirib kelyapti. O'ziga xos bank tizimiga ega 370 dan ortiq shparkassalar birlashib, shunday bir fondni vujudga keltirdiki, bu fond orqali nafaqat dunyo mamlakatlari aholisi o'z moliyaviy bilimlarini oshiradi, balki zarur o'rinlarda kichik biznesni rivojlantirish uchun banklar orqali kreditlar olish imkonini ham yaratadi.

O'tgan uch yil davomida tashkilot yurtimizning bir qancha banklari bilan kelishuv asosida yoshlar uchun sohaga oid bilimlar berish barobarida, yangi startaplarga imtiyozli kreditlar ajratib kelmoqda. Xususan, 40 ga yaqin germaniyalik ekspertlar ishtirokida Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida yoshlarning dastlabki moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan 100 dan ortiq seminarlar tashkil etilib, ularga 3 mingdan ziyod yigit-qizlar jalb etildi.

O'tgan yildan boshlab karantin sharoitidan kelib chiqqan holda yangi tajriba yo'lga qo'yildi. “Siz seminarlarga emas, seminarlar sizga boradi” shiori ostida qishloq joylarda o'tkazilayotgan dala seminarlarida yoshlar yuqori uyushqoqlik bilan ishtirok etyapti. Hududlarga mahalliy trenerlar jamoasi barcha o'quv jihozlari bilan ta'minlangan “o'quv transporti”da boradi.

Bu loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo'jaligi sektorini qo'llab-quvvatlash va O'zbekistonning qishloq hududlarini rivojlantirishga ko'maklashishga qaratilgan. Bular qatorida qulay moliyaviy imkoniyatlar yaratish ham bor. Keling, bu borada germaniyalik ekspert Matsias Vanglerning fikrlarini keltirib o'taman. U shunday deydi: “Loyihada asosiy e'tibor qishloq joylarda yashayotgan va qishloq xo'jaligi sektorida ishlayotgan yoshlarga qaratilgan. Biz ularni maxsus dasturlar orqali qadamma-qadam reja asosida o'qityapmiz. Seminarlarda muvaffaqiyatli qatnashgan ishtirokchilar biz joriy qilgan kredit dasturidan naf ko'rishi, o'zlarining startaplari hamda qishloq xo'jaligi sohasiga sarmoya kiritishlari uchun kredit olishlari mumkin. Ular shu tarzda rivojlanishi kerak. Ochig'i, ana shunday yoshlarning ko'pi erishayotgan natijalarini ko'rib, quvonyapmiz”.

Ammo loyiha yoshlarni qishloq xo'jaligiga qiziqtirish va bu boradagi bilimlarini oshirish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad jamiyatning yosh qatlami bandligini ta'minlashga qaratilgan. Buning uchun loyiha doirasida “aylanma kredit fond” dasturi tashkil etilgan bo'lib, startaplar va dastlabki investitsiyalarni qo'llab-quvvatlash uchun 36 oygacha bo'lgan muddatga 14 foizli stavkada kreditlar ajratilmoqda. Imtiyozli kreditga ega bo'lgan yoshlarning ko'pchiligi bugungi kunda o'z ishini yo'lga qo'yib, ular orasida qo'shimcha ish o'rni yaratganlari ham bor.

Jizzaxlik yosh fermer Zahro Omonovani olaylik. Bu qiz bolaligidan oilasi bilan issiqxonada mahsulot yetishtirgani bois, qishloq xo'jaligi sohasiga qiziqishi bo'lgan. Loyiha haqida eshitgach, tengdoshlari qatori 2 kunlik dala seminarida qatnashdi. Seminar so'nggida tavsiyanoma asosida 30 million so'mlik imtiyozli kreditga ega bo'ldi. Bu mablag'ga u xonadonidagi issiqxonani kengaytirib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozladi. Hatto, 3 nafar yoshni ish bilan ta'minladi. Qarabsizki, ham o'zi istagan yo'nalishda ishlayapti, ham bundan qo'shimcha daromad topyapti.

Bunday yoshlar barcha hududlarda bor. Shu bois, germaniyalik hamkorlar ko'magida Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida “Yosh fermerlar innovatsion markazi” tashkil etilgan.  U yerda agrar sohada faoliyat yuritayotgan yoshlar zamonaviy texnologiyalar asosida yangi bilimlarga ega bo'lyapti. Darslarni mahalliy va xorijlik mutaxassislar olib boradi. Bu kabi markazlar joriy yilning oxiriga qadar Qoraqalpog'iston Respublikasi va boshqa hududlarda ham ochilishi ko'zda tutilgan.

Masalaning yana bir tomoni bor. Agrar biznesda nazariy bilimlar qanchalik ko'p bo'lmasin, uni amaliyotda qo'llay bilish tajribasi yetarli bo'lmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin. Germaniyaning eng yirik moliyaviy guruhi tomonidan tashkil etilgan “German Sparkassenstiftung for international Cooperation” tashkiloti o'z loyihalari orqali bo'lajak agrar tadbirkorlarni amaliyotga tayyorlab kelmoqda. Pulni jamg'arishdan tortib, o'zining biznes rejasini tuzishgacha, bank bilan kredit olish uchun suhbat olib borish, undan keyin esa o'z tadbirkorligini boshlashga undovchi seminarlar yoshlarni hayotiy tajriba to'plash, mashq orqali biznesda kutiladigan xatarlardan ogoh bo'lishga o'rgatadi.

Masalan, “fermer xo'jalik biznes-o'yini”ni olaylik. Bu 3 yoki 4 kun mobaynida o'tkaziladigan simulativ xarakterdagi seminar-modul bo'lib, unda ishtirokchilar fermer xo'jalikni boshqaradi. Seminar davomida ishtirokchi fermer rolini o'z zimmasiga oladi. U mahsulot yetishtirish, ishlab chiqarish jarayonini boshqaradi va sarmoya kiritadi. Tabiiyki, ushbu bosiqchlarda kutilmagan vaziyatlar ham yuzaga keladi. Ishtirokchilar boshqa jamoalar bilan raqobatlashadi. O'yinning o'z kartochkalari va tanga pullari bo'lib, real voqelikka mos ravishda, bank-mijoz, sotuvchi va xaridor munosabatlari inobatga olinadi. YAna bir muhim jihati, hayotda sodir bo'ladigan o'g'irlik, firibgarlik kabi holatlarga tadbirkor yoki fermer sifatida qanday munosabat bildirish kerakligi, ularning oldini olish uchun nimalar qilish zarurligi ham muhokama qilinadi. Xullas, o'yinning uch turida turli qiyinchiliklarga duch kelinadi va ajoyib muvaffaqiyatlarga erishiladi. Ishtirokchilar shu tariqa yangi bilim va tajriba to'playdi.

Ana shunday zamonaviy loyihalarda qatnashib, sohada zarur bilimlarni to'playotgan yoshlar bugun istiqboli porloq fermer, tadbirkorga aylanayotgani quvonarli. Ularning ishga yondashuvi, mahsulot yetishtirishdagi usul va tajribalari ham yangicha. Innovatsion texnologiyalardan foydalanish amaliyoti jahon standartlariga mos. Bir so'z bilan aytganda, bugun mamlakatimiz qishloq xo'jaligi sohasida “zamonaviy avlod” etishmoqda. Bu avlod, allaqachon, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyoti, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, dasturxonlarimizni sifatli va arzon mahsulotlar bilan to'ldirishga hissa qo'shyapti.

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.