Adabiy-madaniy aloqalarimiz ham kecha paydo boʻlmagan. Oʻtgan asrda qirgʻiz xalqining muhtasham eposi — “Manas” oʻzbek tiliga toʻliq tarjima qilindi.
Folklorshunoslar qirgʻiz xalq ogʻzaki poetik ijodi toʻgʻrisida goʻyo u “boshqa turkiy ellarning folkloriga oʻxshamas, mustaqil zaminda vujudga kelib, oʻzicha taraqqiy qilgan”, degan fikrlarni aytishadi. Lekin bu gʻayriilmiy fikr. Chunki hech bir el qoʻshnichilik qilmay yashagan emas, bir-biriga madaniy, adabiy taʼsir oʻtkazmay qoʻymagan. Qirgʻiz va oʻzbek xalqlari ham qadim-qadimdan bir xil tabiiy va tarixiy sharoitda qoʻshni boʻlib yashagani uchun bir-biriga madaniy taʼsir oʻtkazgan.
Shuning uchun bu ikki qoʻshni turkiy xalq orasidagi adabiy aloqalar alohida oʻrganishga loyiq. “Manas” va “Alpomish” dostonlarining bir-biriga oʻxshashligi koʻp. Bu ikki ulugʻ merosning ayrim boblari shu qadar oʻxshashki, xuddi bir-birini takrorlaganday yoki bir bobning ikki nusxasiday. Masalan, ot chopish — poyga bobi ikkala dostonda ham deyarli bir xil. Har ikkala asarda ham ot timsoli mukammal obraz darajasida, dostondagi oʻq otish musobaqalari ham bir xil tasvirlangan.
Oʻrta Osiyo xalqlari kishilik tarixida ilm-fan va madaniyat, adabiyot uchun ajoyib siymolarni yetkazib bergan. Turkiy ellar koʻhna tarix bagʻrida sezilarli iz qoldirgan. Ular orasida Alisher Navoiy siymosi alohida boʻy choʻzib, qomat kerib turadi. U har jihatdan turkiy xalqlarning oʻz kishisidir. Uning oʻzi aytganidek:
Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdir.
Muayyan turk ulusi xud meningdir.
Yana bir oʻrinda:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam, deydi.
Alisher Navoiy tilimizning barcha shevalaridan unumli foydalandi, ularni bir oʻzanga burdi, sayqalladi, haddi aʼlosiga yetkazdi. Oʻzi karomat qilganiday, to turk ulusi bor ekan, yozganlarining narxi tushmagay, avj pardadan ham pastga inmagay.
Alisher Navoiyning insonparvar gʻoyalarga yoʻgʻrilgan satrlari qirgʻiz kitobxonlariga ham manzur boʻlishiga shubha yoʻq. Uning asarlari qirgʻiz tiliga tarjima qilinganiga qariyb 70 yil boʻlibdi. Chunonchi, adabiyotshunos olim, tarjimashunos Zuhriddin Isomiddinov “Sen ham daryo, men ham daryo” maqolasida oʻzbek-qirgʻiz va qirgʻiz-oʻzbek tarjimachiligiga ham oʻsha yillar (1940-1950-yillar) asos solinganini aytadi. Xususan, Smar Shimeev “Farhod va Shirin” (1960) dostonini, Ali Tokamboyev, Aliqul Osmonov, Uzoqboy Abdiqaymov, Temirqul Umetaliyev, Smar Shimeev, Qubanich Akayev, Nasirdin Baytemirovdan iborat tarjimonlar kengashi “Layli bilan Majnun” (1946-1950) dostonini qirgʻiz tiliga mahorat bilan tarjima qildilar. “Layli bilan Majnun” 1948-yil, “Farhod bilan Shirin” 1962-yilda Bishkek (sobiq Frunze) shahrida chop etilgan. Qaysi xalqning asari boʻlmasin, agar tarjimon mahorat bilan oʻz tiliga tarjima qila olsa, oʻsha tildagi asarga aylanadi.
Hozir esa hamma oʻz holicha tarjima qilyapti, soʻzning maʼnosiga, tovlanishlariga eʼtibor berilmayapti. Aslida soʻzga ehtiyotkor, soʻzdan qoʻrqadigan ijodkor tarjimaga qoʻl urishi kerak. Toʻgʻri, ayni zamonda hamyurtimiz, filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olim, zamonamizning yetuk tarjimashunosi Zuhriddin Isomiddinov sohadagi ijodiy faoliyat, yutuq va kamchiliklar ustida doimiy ish olib borib, tahlil va tavsiyalarini berib kelmoqda.
Shu oʻrinda oʻzbek-qirgʻiz adabiyotidagi tarjima asarlarni koʻrib chiqadigan biror kengash tuzish kerakmikin, deb oʻylayman. Chunki xato qoʻllangan birgina soʻz asar maʼnosini buzishi mumkin. Oʻsha soʻz abadiy xato boʻlib qoladi. Shu maʼnoda, bu ishga oʻzbek va qirgʻiz tillarini yaxshi biladigan mutaxassislarni jalb etish kerak.
Qirgʻizistonlik oʻzbek sifatida qirgʻiz xalqiga Navoiyni yaqinlashtirish, oʻqitish yoʻlini izlay boshladim. Bir-ikki gʻazallarini qirgʻiz tiliga tarjima qilishga urinib ham koʻrdim. Qirgʻiz tili juda goʻzal til, singarmonizm qoidalari, tabiiy, qadimiyligi saqlanib qolgan, tovushlari chiroyli eshitiladi. Biroq Navoiy gʻazallaridagi ayrim soʻzlarning muqobilini bu tildan topish qiyin kechdi. Bu borada, albatta, harakat qilinyapti. Alisher Navoiyning bebaho merosini qirgʻiz xalqiga yaqindan tanishtirish, mazmunidan bahramand etish maqsadida “Xazoyin ul-maoniy”ning birinchi devoni “Gʻaroyib us-sigʻar”ni, adabiyotshunos Olimjon Davlatovning “Alisher Navoiy gʻazallariga sharhlar” kitobini qirgʻiz tiliga tarjima qildik.
Alisher Navoiy asarlari chuqur falsafiy, badiiy goʻzal, tuzilishi mukammal, gʻoyat nafis va oʻzbek xalqining oʻziga xosligi va tilining boyligini koʻrsata olgan. Bunda tarjimon ikki xalq tilidan tashqari Navoiy tilini ham bilishi, tarjimashunoslikni ham oʻrganishi kerak. Nashrlarning ahamiyati shundaki, dastlab gʻazal matni, soʻng lugʻat va nasriy bayon keltirilib, undan keyin sharh va izohlarga oʻtiladi. Shu tariqa qirgʻiz kitobxoni Navoiy gʻazallarini asliyatda oʻqish barobarida uning sir-sinoatidan ham xabardor boʻladi.
Yaʼni Navoiydek buyuk zotning buyukligini anglay boshlaydi. 2022-yili Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan sammiti doirasida yangi taʼsis etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot turkiy olamning ulugʻ adibi Chingiz Aytmatovga berilganidan faxrlanadi. Bunda chuqur ramziy maʼno bor.
Chingiz Aytmatov “Pravda” muxbiri sifatida Oʻzbekistonning juda koʻp qurilishlari, Buxoro, Samarqand kabi qadimiy shaharlarida, Mirzachoʻlda boʻlgan, “Paxtaning oydin yoʻli”, “Toshkent sadosi”, “Buxoro – Ural trassasi”, “Kolxoz qishlogʻi toʻgʻrisida oʻylar”, “Qudratli toʻlqin” singari ocherk, publitsistik maqolalar, lavhalar yozgan. “Paxtaning oydin yoʻli” maqolasida shunday iliq satrlar borki, qalbimizni iftixorga toʻldiradi:
“Qadimiy oʻzbek madaniyati oʻzining ajoyib yutuqlari bilan azaldan ham mashhur. Oʻzbeklar Oʻrta Osiyoda tengi yoʻq irrigator, dehqon sifatida tanilgan. Oʻzbek meʼmorlari fusunkor Samarqand, Buxoroni bunyod etdilar. Oʻzbek xalqi orasidan Oʻrta asrning mashhur astronom olimi Ulugʻbek, shoir Alisher Navoiy yetishib chiqdi... Vizantiya madaniyati rivojida rimliklar qanday rol oʻynagan boʻlsalar, oʻzbeklar ham Oʻrta Osiyo xalqlari madaniyatiga ana shunday taʼsir oʻtkazdilar”.
Chingiz Aytmatov 1960-65 yillarda “Pravda” gazetasining Oʻrta Osiyo boʻyicha muxbiri boʻlib ishlagan, ayni shu vaqtda Odil Yoqubov “Literaturnaya gazeta” muxbiri edi. Chingiz Aytmatov bilan Odil Yoqubov oʻrtasidagi doʻstlik, qadrdonlikning boshlanishi shu davrga toʻgʻri keladi. Ikki qardosh xalqning ikki azamat yozuvchisi tengdosh edilar. “Ulugʻbek xazinasi” romani bilan tanishgan Aytmatov maslakdosh doʻsti Yoqubovga maxsus tabrik telegrammasi yoʻllaydi. Ular orasidagi qadrdonlik uzoq davom etdi. Aytmatov Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatlari uyushmasi raisi, Yoqubov uning oʻrinbosari boʻlib faoliyat yuritishgan.
Mirtemir esa Qirgʻizistonda ijodiy safarlarda koʻp marotaba boʻlgan. Qirgʻiziston mavzusida turkum sheʼrlar yaratgan. Chingiz Aytmatov u kishini katta shoir va “Manas” eposi tarjimoni sifatida eʼzozlar, “choʻng shoir Mirtemir shunday ish qildiki, biz endi qarzdor boʻlib qoldik...”, degan edi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Mirtemir “Manas” qirgʻiz xalq eposini oʻzbek tiliga 1964-yilda tarjima qilgan va haqiqiy oʻzbekcha yangrata olgan:
Oqqula minib qaqqaygan,
Bugʻdoy yuzlik keldi.
Tumandan yoʻl topguvchi
Olov koʻzlik keldi.
Ogʻasining ketidan
Yoʻlga chiqqan ekanda.
Men shoʻrlikning dardimda
Choʻlga chiqqan ekanda.
Keyinroq Chingiz Aytmatov oʻzbek shoiri haqida bunday iliq soʻzlarni yozadi: “Mirtemirni Oʻzbekistonda qanday sevsalar, hurmat qilsalar, qadrlasalar, bizda, Qirgʻizistonda ham sheʼriyat muxlislari va, umuman, “Manas”ni milliy-tarixiy boyligimiz, aqliy epik ijodning choʻqqisi sifatida sevib, eʼzozlab qadrlaydigan har bir kishi, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, Mirtemirni yodga olmasligi mumkin emas. Binobarin, biz zoʻr eʼtibor bilan oʻrganayotgan, oʻrganishimiz lozim boʻlgan juda qadimiy va boy anʼanalarga ega oʻzbek xalqi adabiyotini, madaniyatini ehtirom bilan yodga olmasligi mumkin emas va men oʻylaymanki, biz ham, oʻz navbatida, oʻzbek adabiyoti hamda madaniyati boyliklarini oʻz ijodiy tizimimizga qoʻshish uchun harakat qilishimiz kerak, albatta, shunday qilamiz”.
Chingiz Aytmatov bilan Turob Toʻla oʻrtasidagi birodarlik munosabati va ijodiy hamkorlik ham eʼtiborga molik. 60-yillarning oʻrtalarida Turob Toʻla Oʻzbekiston, Chingiz Aytmatov esa Qirgʻiziston kinematografchilar uyushmasi rahbari boʻlgan. Oʻsha yillari ular orasida qadrdonlik va hamkorlik qizgʻin tus oladi. Chunonchi, Turob Toʻla Chingiz Aytmatovning “Somon yoʻli” qissasi asosida musiqali drama yaratadi va uni “Momo Yer” deb ataydi. Asar Muqimiy teatrida sahna yuzini koʻradi.
Chingiz Aytmatovni shuhrat pogʻonasiga olib chiqqan “Jamila” qissasi “Sharq yulduzi” jurnalining 1961-yilgi 2-sonida Asil Rashidov tarjimasida chop etilgan edi. Shundan boshlab bu buyuk isteʼdodning yangi-yangi qissalari peshma-pesh oʻzbek tiliga oʻgirilib turdi. Ularning tarjimasida turli avlodga mansub yozuvchi-tarjimonlar ishtirok etdilar. Shunday qilib, oʻzbek adabiyotida Chingiz Aytmatovning Asil Rashidov, Ibrohim Gʻafurov kabi xos tarjimonlari ham paydo boʻldi.
Aytmatov oʻzbek yozuvchilariga barakali adabiy taʼsir koʻrsatganki, bu holni asosan 60-yillarda adabiyot maydoniga kirib kelgan yozuvchilar avlodi ijodidan boshlab kuzatish mumkin. Xususan, Shukur Xolmirzayev ijodida Chingiz Aytmatovning taʼsiri baralla seziladi. Bu taʼsirni, avvalo, Shukur Xolmirzayevning dastlabki yirik asarlaridan “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor?” qissasiga tanlab olgan mavzuda koʻramiz. Oʻzbek adabiyoti tajribasida oʻsha paytgacha oʻspirinlar turmushiga oid hech bir koʻrilmagan mavzu bu.
Tilov bilan Jamshid onasi bir, otalari boshqa-boshqa aka-ukalar. Aka-uka dedik-ku, ammo oralaridagi yoshda ham uncha farq yoʻq. Ular oʻrta maktabni bitirdilar. Oʻrtada sinfdoshlari Muyassar bor. Muyassarning koʻngli Jamshidda. Illo, Jamshid yoshroq boʻlgani uchunmi, sevgisi aniq-tiniq boʻlsa ham sust va faoliyatsizroq. Oqibatda yoshda ham, harakatda ham dadilroq boʻlgan Tilov Muyassarni ilib ketadi, unga uylanadi. Lekin muqarrar ular qurgan oila oila boʻlmaydi.
Nafaqat hayotiy voqea tanlashda, balki asarning badiiy darajasida ham Chingiz Aytmatov uslubi taʼsiri koʻrinib turadi. Bu, ayniqsa, tasvirning koʻz ilgʻamas quyuqligi, tahlil-sintezning naqadar teranligida koʻrinadi. Xarakter yaratishda psixologik tahlilga tayanish, uni asosiy vosita qilish ham Chingiz Aytmatov uslubiga xos boʻlgan.
Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom”, “Otamdan qolgan dalalar” asarlarida ham Chingiz Aytmatov nafasi seziladi. Ularda atoqli qirgʻiz adibiga, shuningdek, amerikalik ovchi, biolog, rassom va yozuvchi Seton-Tompsonga taqlid darajasidagi oʻrinlar ham yoʻq emas. Adabiy taʼsir taqlid yoki koʻr-koʻrona ergashish emas, balki adabiy-ijodiy taʼlim deganidir.
Janubiy Qirgʻizistonda, asosan, oʻzbek millatiga doxil xalq istiqomat qilgani bois oʻzbek adabiyoti Qirgʻizistonda ham oʻz yoʻnalishi bilan rivojlandi. Oʻtgan asrda gurkirab chiqqan ijodkorlar Mirzohid Mirzarahimov, Tursunboy Adashboyev, Qoʻldosh Mirzo, Usmon Temur, Abdugʻani Abdugʻofurov, Gʻanijon Xolmatov keng imkoniyatlar, yaxshi ustozlar, adabiy muhit sababmi, Oʻrta Osiyoga tanildilar. Ular oʻz isteʼdodlarini namoyon etib, tarjimashunoslikda ham bir necha oʻnlab kitoblar chop etishdi. Bu borada yurtdoshimiz Tursunboy Adashboyev, ayniqsa, samarali mehnat qilgan. U katta tarjimon ham edi. Qirgʻiz va rus tillaridan tarjimalar qilgan. “Manas” eposi nasriy bayonini oʻzbek tiliga oʻgirgan.
Hozir qirgʻizistonlik yana bir shoir Qurbon Sattor Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati boʻlimi raisi Xurshida Vahobjon qizining yuzga yaqin sheʼrini qirgʻiz tiliga oʻgirdi. Seyit Kenjamatovning koʻplab hikoyalarini qirgʻiz tilidan oʻzbek tiliga mohirlik bilan tarjima qilgan. Jumladan, “Dahshatli tush” hikoyasini oʻqisangiz, xuddi oʻzbek tilida yozilganday, “oʻdagʻayladi”, “qurib ketsin” kabi soʻzlar bilan oʻzbek tilida soʻzlaydi. Umuman olganda, tarjimonning barcha tarjimalari tarjimaga oʻxshamaydi.
2015-yilda qirgʻiz shoiri Aliqul Usmonov tavalludining 100-yilligi munosabati bilan 70 ga yaqin sheʼri va poemasi Qurbon Sattor tomonidan tarjima qilinib, “Koʻl toʻlqini” nomi bilan chop etilgan. Toʻplamga uning “Vatan”, “Oʻttiz yosh”, “Issiqkoʻl” kabi sheʼriy asarlari kirgan. Kitobga Qirgʻiziston Prezidenti huzuridagi Davlat tili boʻyicha komissiya homiylik qilgan. Bu gʻoya aslida ancha yillar avvaldan bolalar yozuvchisi, rahmatli Tursunboy Adashboyev tomonidan boshlangan. Qurbon Sattor Tursunboy Adashboyevning shogirdi va izdoshi, ustozining tashabbusi bilan tarjimaga astoydil kirishgan edi. Nasriy asarni ham, sheʼriy asarni ham oʻzbek tilidan qirgʻiz tiliga, qirgʻiz tilidan oʻzbek tiliga birdek tarjima qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ikki qardosh xalqning adabiy-badiiy adabiyotdagi qardoshligi ham umrboqiydir.
Xosiyat BEKMIRZAYEVA,
Oʻsh, Qirgʻiziston