Tibbiyot keng qamrovli sohalardan biri. Aynan shuning uchun ham islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida mazkur sohada muhim chora-tadbirlar, loyihalar amalga oshiriladi. ekologik muammolar, ayrim kasalliklarning yosharishi sogʻliqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishni, ayniqsa, bolalar gematologiyasi, onkologiyasi yoʻnalishida diagnostika va davolashning zamonaviy standartlarini keng joriy qilishni talab qiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, bolalar orasida saratonning oldini olish koʻp hollarda imkonsiz boʻlganligi sababli, uning yukini kamaytirish va kasallik kechishining natijalarini yaxshilashning eng samarali strategiyasi — oʻz vaqtida va toʻgʻri tashxis qoʻyib, samarali dalillarga asoslangan davolashni yoʻlga qoʻyishdir.
Bu yoʻnalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida poytaxtimizda “Dalillarga asoslangan harakat” mavzusidagi bolalar onkologiyasi va gematologiyasi boʻyicha I xalqaro kongressi oʻtkazilmoqda. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida onkologik kasalliklar sababli erta oʻlimni 2,5 barobarga qisqartirish vazifasi belgilangan. Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 maydagi qarorida esa 2030 yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish koʻzda tutilgan.
“Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva kongressdagi nutqida “bu yerga biz yagona maqsadni koʻzlab, oʻgʻil-qizlarimizning hayotiga zomin boʻlayotgan eng ogʻir kasalliklardan birini yengish uchun yigʻildik. Har bir bola yashashga haqlidir. Bolalar kelajakda sogʻlom boʻlishi, toʻlaqonli hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bizning burchimizdir”, deb taʼkidladi.
— Davlatimiz rahbarining “Onkologik, gematologlik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan holda onkologik, gematologlik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarni diagnostika qilish, davolashni joriy qilish belgilangan, — deydi Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov, — Bugungi kongressda ayni yoʻnalishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar koʻrib chiqildi. Quvonarlisi, tadbir bahona sohada faoliyat yuritayotgan dunyo olimlari bilan bir davrada jam boʻlib, fikr almashdik. Gemopoetik oʻzak hujayralari va suyak koʻmigi hujayralarini transplantatsiya qilishni rivojlantirish bugunning dolzarb vazifalaridan biri. Tibbiyot markazimizda suyak koʻmigi transplantatsiyasining ilk amaliyotlari boshlangan.
Bugun Respublikamizda bolalar onkologi kasalligi boʻyicha mutaxassislar yetarli emas. Shu bois soha uchun zamonaviy diagnostika, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.Sog'liqni saqlash vazirligi hamda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan JSST, Xalqaro bolalar onkologiyasi jamiyati, Yevropa onkologiya maktabi bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda ayni masalalarga ham alohida urgʻu berildi.
— Avvalambor onkologik kasalliklar nafaqat bizning yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham eng ogʻir turdagi kasallik hisoblanadi, — Respublika Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar jarrohi Tojiddin Mustafoyev. — Bir yilda Respublikamizda 26 mingdan ziyod odamda xavfli oʻsma kasalligi aniqlansa, shundan 3 foizdan ortigʻi bolalar hissasiga toʻgʻri keladi. Bolalardagi xavfli oʻsma kasalliklari baʼzi bir jihatlari bilan kattalarda uchraydigan shunday kasallikdan farq qiladi. Kongress mazkur yoʻnalishdagi vazifalarni bajarish, muammolarga yechim topishda tajriba almashish maydoniga aylandi deyish mumkin. Kongress Oʻzbekistonda bolalar salomatligini muhofaza qilishni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishda muhim qadam boʻldi.
Aytish joiz, bolalar onkologiyasi va gematologiyasi sohasida tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, diagnostika va davolashning zamonaviy standartlarini, boshqarish usullari va moliyalashtirish mexanizmlarini keng joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish davr talabi. Xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, eng soʻnggi ilm-fan yutuqlari, ilgʻor diagnostika va davolash usullarini muhokama qilish, tibbiy yordam sifatini oshirish maqsadida tashkil etilgan kongress bolalar saratonini davolashda ilgʻor xalqaro va innovatsion amaliyotlarni joriy qilishni ham koʻzda tutadi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri