JSST tuberkulyozni tezkor aniqlashga moʻljallangan yangi diagnostika usulini tasdiqladi

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti xavfli kasalliklardan biri hisoblangan tuberkulyozga tashxis qoʻyishning yangi diagnostika usulini tasdiqladi.

    “ Xpert MTB/RIF Ultra” deb nomlanuvchi ushbu sinama xastalikka gumon qilingan kishilar soʻlagida sil kasalligini qoʻzgʻatuvchi bakteriya — Mycobacterium tuberculosisning genetik belgilarini molekulyar tahlil yordamida aniqlashga moʻljallangan.

    Tibbiy test natijalari bir necha soat ichida maʼlum boʻladi. Qolaversa, mazkur sinama orqali soʻlak tarkibidagi infeksiyaning genetik mutatsiyalarini ham aniqlash mumkin. Bu esa shifokorlarning muqobil muolaja usullarini tanlashlarida asqatadi.

    Eslatib oʻtamiz: tuberkulyoz har yili dunyo boʻyicha bir million nafardan ortiq bemorning oʻlimiga sabab boʻlmoqda. Hozir bu kasallikni, xususan, uning dorilarga chidamli turlarini erta bosqichda aniqlash JSSTning global maqsadlari qatoriga kiritilgan.